Yangi Toshkentda fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi

Yangi Toshkentda O‘zbekiston xalqaro fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi. Oliy ta’lim muassasasi uchun 20 gektar yer ajratiladi.
Universitet hududida talabalar shaharchasi, o‘quv-simulyatsiya markazlari va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari quriladi. U yerda uchuvchilar, muhandislar va fuqaro aviatsiyasining boshqa mutaxassislari tayyorlanadi.
Tashabbus prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aviatsiya bozorini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ilgari surildi.
Universitet qurilishining qiymati, ishga tushirish sanasi, qabul kvotalari va xorijiy hamkorlari hozircha ma’lum qilinmadi.
Mahalliy uchuvchilarni tayyorlagan aviakompaniyalarga imtiyoz beriladi
O‘zbekiston fuqarolarini uchuvchilikka o‘qitish va keyin ishga qabul qilish majburiyatini olgan aviakompaniyalar xorijiy mutaxassislarni yollashda imtiyozlardan foydalanadi.
Bunday aviakompaniyalar jalb qiladigan chet ellik mutaxassislar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foizgacha tushiriladi. Ularga ishlash ruxsatnomasini berish uchun undiriladigan yig‘im esa 30 baravar kamaytiriladi.
Bu aviakompaniyalarga xorijiy uchuvchilar va instruktorlarni kamroq xarajat bilan jalb qilish imkonini beradi. Buning evaziga ular O‘zbekiston fuqarolarini tayyorlashi va o‘qishni tugatganidan keyin ish bilan ta’minlashi kerak.
Har bir aviakompaniya nechta kursantni tayyorlashi, o‘qish qancha davom etishi va bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash majburiyati necha yil amal qilishi ochiqlanmadi.
O‘zbekistondagi samolyotlar soni 250 taga yetkaziladi
Mahalliy aviakompaniyalar parkidagi havo kemalari sonini 2027-yilda 150 taga, 2030-yilgacha esa kamida 250 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Bu avval e’lon qilingan ko‘rsatkichdan yuqori. 2025-yil oktabrida aviaparkdagi samolyotlar soni 26 tadan 105 taga ko‘paygani, keyingi besh yil ichida esa 180 taga yetkazilishi ma’lum qilingan edi. O‘sha paytda mamlakatda 15 ta yangi aviakompaniya faoliyat yuritayotgani qayd etilgan.
Aviapark kengayishi bilan uchuvchilar, aviatsiya muhandislari, dispetcherlar, bort kuzatuvchilari va texnik xizmat xodimlariga talab ham oshadi. Yangi universitet va aviakompaniyalarga beriladigan imtiyozlar shu ehtiyojni mahalliy kadrlar hisobidan qoplashga qaratilgan.
Xalqaro aeroportlar ikki turdagi soliqdan ozod qilinadi
O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlar 2030-yilgacha mol-mulk va yer soliqlarini to‘lamaydi.
Soliqdan bo‘shagan mablag‘lar aeroport infratuzilmasini yangilash va rivojlantirishga sarflanishi shart. Aeroportlar ushbu mablag‘larni boshqa xarajatlar yoki sohaga aloqador bo‘lmagan loyihalarga yo‘naltira olmaydi.
Imtiyoz oladigan aeroportlarning to‘liq ro‘yxati va soliq yengilliklari hisobidan qancha mablag‘ qolishi hozircha ochiqlanmadi.
2026-yilda Navoiy xalqaro aeroportiga mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan mustaqil muzokara olib borish hamda shartnomalar tuzish huquqini berish taklif qilingan edi. Aeroport daromadlarini infratuzilmani yangilash, yoqilg‘i rezervuarlarini kengaytirish, samolyotlarni ta’mirlash va bo‘yash xizmatlarini yo‘lga qo‘yishga sarflash belgilangan.
Navoiy aeroportida havo kemalariga texnik va tijorat xizmatlari ko‘rsatishga mo‘ljallangan “porto-franko” erkin bojxona hududini tashkil etish ham rejalashtirilgan. Samolyotlarga xizmat ko‘rsatish uchun olib kiriladigan maxsus texnika va ehtiyot qismlar 2029-yil 1-yanvargacha bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.
Universitet yangi aeroport yaqinida joylashadi
Yangi Toshkent yaqinida yangi xalqaro aeroport qurilmoqda. Majmua uchun Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridan 1,3 ming gektar yer ajratilgan.
Toshkentning amaldagi aeroporti yiliga 11 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Poytaxtdagi yo‘lovchilar oqimi 9 mln nafarga yetgan, 2040-yilga borib esa 24 mln nafardan oshishi kutilmoqda. Aeroport shahar ichida joylashgani sababli uni kengaytirish imkoniyati cheklangan.
Aviatsiya universitetini yangi aeroport yaqinida joylashtirish talabalarga simulyatsiya markazlari, texnik bazalar va amaliyot maydonlaridan foydalanish imkonini berishi mumkin. Universitet, aeroport va aviakompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlik tartibi keyinroq belgilanadi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

O‘zbekistonda foydalanishga topshirilmagan ko‘p qavatli uylarga aholini joylashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladi

Toshkentning Shayxontohur tumanidagi beshta mahallada tunda elektr ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi

Toshkentdagi Human House galereyasida oshxona yonib ketdi

O‘zini o‘zi band qilgan taksichilarga alohida hisobvaraq kerak bo‘ladi
