Yangiliklar/Siyosat

O‘zbekistonda ishlatilgan xavfli attraksionlar importini taqiqlash taklif qilindi

Siyosat 27 noyabr, 11:49
 O‘zbekistonda ishlatilgan xavfli attraksionlar importini taqiqlash taklif qilindi

O‘zbekistonga avval foydalanilgan ekstremal attraksionlar hamda biomexanik xavfning I, II va III darajasiga kiruvchi eski uskunalarni olib kirish taqiqlanishi mumkin.

Bu talab attraksionlar va turistik konstruksiyalardan xavfsiz foydalanishga oid hukumat qarori loyihasida ko‘rsatilgan. Hujjat jamoatchilik muhokamasida va hozircha kuchga kirmagan.

Loyihada shuningdek, oynali, osma va panoramali piyodalar ko‘priklari uchun talablar ishlab chiqish, akvaparklarda tashrifchilar sonini nazorat qilish hamda xavfli attraksionlarni videokuzatuv kameralari bilan jihozlash taklif etilgan.

Xizmat muddati tugagan attraksion tekshiruvdan o‘tkaziladi

Karusel, tepalik va boshqa attraksionlardan ishlab chiqaruvchi belgilagan xizmat muddati tugaganidan keyin foydalanish mumkin bo‘lmaydi.

Uskunani ishlatishni davom ettirish uchun maxsus texnik ekspertiza o‘tkazilishi kerak. Tekshiruvda attraksion konstruksiyasining qolgan resursi va undan yana qancha muddat xavfsiz foydalanish mumkinligi aniqlanadi.

Biomexanik xavfning I–III darajasiga kiruvchi barcha attraksionlarni Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining “Yagona integratsiyalashgan ekotizim” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish taklif qilinmoqda. Reyestrga kiritilmagan attraksionni ishga tushirish taqiqlanadi.

Ekstremal attraksionlar va turistik konstruksiyalar haqidagi ma’lumotlar Yagona milliy turizm platformasiga ham uzatiladi.

Bir tadbirkor bitta manzilda bir nechta attraksiondan foydalansa, ularning barchasi uchun bitta umumiy ruxsatnoma olishi mumkin bo‘ladi.

Ushbu tartib madaniyat va istirohat bog‘lari, ko‘ngilochar markazlar hamda boshqa shu turdagi obyektlarga tatbiq etiladi. Attraksionlar soni ruxsatnomalar soniga ta’sir qilmaydi.

Kirish joyida cheklovlar va QR-kod ko‘rsatiladi

Har bir attraksion kirishida davlat tilidagi axborot stendi o‘rnatilishi kerak. Unda quyidagi ma’lumotlar joylashtiriladi:

  • foydalanish va xulq-atvor qoidalari;
  • yosh bo‘yicha cheklovlar;
  • ruxsat etilgan bo‘y va vazn;
  • sog‘liq bilan bog‘liq qarshi ko‘rsatmalar;
  • uskuna haqidagi ma’lumotlarga olib boruvchi QR-kod.

Attraksionlar videokuzatuv kameralari bilan jihozlanadi. Yozuvlar uskunaning ishlashi va unga texnik xizmat ko‘rsatilishini nazorat qilish uchun ishlatiladi.

Har ish kuni boshlanishidan oldin xodim attraksionni ko‘zdan kechirib, yo‘lovchilarsiz sinov tariqasida ishga tushirishi shart. Tekshiruv natijasi smena jurnaliga yoziladi.

Nosoz himoya qurilmasi aniqlansa, ish to‘xtatiladi

Xavfsizlik datchiklari, kamarlar, mahkamlash moslamalari yoki boshqa himoya qurilmalari ishlamasa, attraksiondan foydalanish darhol to‘xtatiladi.

Shuningdek, quyidagi holatlarda attraksionni ishga tushirish mumkin bo‘lmaydi:

  • shamol tezligi belgilangan me’yordan oshsa;
  • ob-havo foydalanish uchun xavf tug‘dirsa;
  • texnik nosozlik aniqlansa;
  • birinchi yordam qutisi bo‘lmasa;
  • o‘t o‘chirgich mavjud bo‘lmasa.

Qoidalar mexanizatsiyalashgan attraksionlar, avtodromlar, kartinglar, puflama batutlar va suv ko‘ngilochar majmualariga tatbiq etiladi. Oddiy bolalar maydonchalari va jeton bilan ishlaydigan kichik tebranma qurilmalar ushbu tartibga kirmaydi.

Oynali ko‘priklar uchun alohida standartlar ishlab chiqiladi

Mas’ul idoralar 2027-yil 1-yanvargacha osma, oynali va panoramali piyodalar ko‘priklarini loyihalash, qurish, sinovdan o‘tkazish va texnik holatini baholash talablarini ishlab chiqishi kerak.

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bunday konstruksiyalarni tekshiradigan akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar tashkil etadi.

Laboratoriyalar ishga tushguniga qadar xorijiy sertifikatlarni tan olishning vaqtinchalik tartibi amal qiladi. Unda qaysi hujjatlar qabul qilinishi va ularning haqiqiyligi qanday tekshirilishi belgilanadi.

Akvaparklarda tashrifchilar soni cheklanadi

Ko‘ngilochar basseynlarda belgilangan xavfsiz sig‘imdan ortiq tashrifchini qabul qilish mumkin bo‘lmaydi. Limitga yetgach, xodimlar yangi tashrifchilarning kirishini to‘xtatishi kerak.

To‘lqinli basseyndagi qutqaruv posti to‘lqin hosil bo‘ladigan hududni to‘liq ko‘rish imkonini berishi lozim. Postda to‘lqin generatorini favqulodda o‘chirish tugmasi bo‘lishi shart.

Suv tepaligidan keyingi tashrifchini faqat avvalgi odam qabul qiluvchi basseyndan chiqqanidan so‘ng tushirish mumkin. Xodim suv sathi talabga mosligini ham tekshirishi kerak.

Instruktor o‘z o‘rnini boshqa xodimga topshirmasdan postni tark eta olmaydi. Akvapark rahbariyati qutqaruvchilarning uzoq navbatchilik sabab diqqatini yo‘qotmasligi uchun almashinuv jadvalini tuzishi kerak.

Bolalar hududida ishlaydigan xodimlardan qo‘shimcha tayyorgarlik talab etiladi.

Akvapark shtatida suv tayyorlash bo‘yicha mutaxassislar bo‘lishi kerak. Ular majmua ochilishidan oldin suvning sifati, sathi va uzatilishini tekshiradi.

Natijalar maxsus jurnalga kiritiladi. Ko‘rsatkichlar talabga javob bermasa, basseyn yoki tegishli suv hududi kamchilik bartaraf etilguniga qadar ochilmaydi.

O‘zbekistonda attraksionlarni davlat reyestriga kiritish va majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish talabi hozir ham mavjud. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 1,5 mingdan ortiq attraksion nazorat qilinadi.

Yangi loyiha esa ishlatilgan xavfli uskunalar importi, oynali ko‘priklar va akvaparklarning kundalik faoliyatiga doir qo‘shimcha qoidalarni belgilaydi. Hujjat jamoatchilik muhokamasidan keyin o‘zgartirilishi mumkin.

750

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→