Nyu-York shtati bolalar uchun SI-chatbotli o‘yinchoqlarni besh yilga taqiqladi

Dunyo 26 noyabr, 18:02
 Nyu-York shtati bolalar uchun SI-chatbotli o‘yinchoqlarni besh yilga taqiqladi

Nyu-York shtatida 2027-yil 22-fevraldan bolalar bilan mustaqil suhbatlasha oladigan sun’iy intellektli o‘yinchoqlarni ishlab chiqarish va sotish taqiqlanadi. Cheklov besh yil amal qiladi.

Gubernator Keti Xokul imzolagan qonun internet orqali muloqot qiladigan yumshoq o‘yinchoqlar, qo‘g‘irchoqlar, robotlar va boshqa bolalar mahsulotlarini qamrab oladi.

Taqiq 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan mahsulotlarga tegishli. Bunday o‘yinchoqlarni ishlab chiqarish, sotish, tarqatish, ayirboshlash va sotish maqsadida saqlash mumkin bo‘lmaydi. Oilalar avval sotib olgan qurilmalar olib qo‘yilmaydi.

Tekshiruvda qanday xavflar aniqlangan?

Qonun qabul qilinishidan oldin 3 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ishlab chiqarilgan SI-o‘yinchoqlar sinovdan o‘tkazilgan.

Ayrim qurilmalar bolalar bilan jinsiy mavzularni batafsil muhokama qilgan, uyda gugurtni qayerdan topish mumkinligini aytgan va bola suhbatni tugatmoqchi bo‘lganida muloqotni davom ettirishga uringan.

Ba’zi modellarda ota-ona nazorati cheklangan yoki umuman bo‘lmagan. Uzoq suhbat davomida xavfsizlik filtrlari ham zaiflashgan. Ayrim o‘yinchoqlar bolaning ovozini yozib olishi yoki yuzini skanerlashi mumkinligi aniqlangan.

Oldindan yozib olingan jumlalarni takrorlaydigan oddiy elektron o‘yinchoqlardan farqli ravishda, SI-qurilmalar javobni suhbat vaqtida shakllantiradi. Shu sababli ota-ona yoki ishlab chiqaruvchi bola qanday javob eshitishini oldindan to‘liq bila olmaydi.

Jarima kuniga 15 ming dollargacha yetadi

Qonun ijrosini Nyu-York shtati bosh prokurori nazorat qiladi. Ishlab chiqaruvchi, sotuvchi, distribyutor yoki chatbot operatori har bir qoidabuzarlik kuni uchun 15 ming dollargacha jarimaga tortilishi mumkin.

Jarima qo‘llash uchun o‘yinchoq muayyan bolaga zarar yetkazganini isbotlash talab etilmaydi. Taqiqlangan mahsulotni ishlab chiqarish, tarqatish yoki sotishning o‘zi javobgarlikka asos bo‘ladi.

Besh yildan keyin qonun o‘z kuchini yo‘qotadi. Shu vaqt ichida shtat bunday qurilmalarning bolalarga ta’sirini o‘rganib, doimiy xavfsizlik talablarini ishlab chiqishi mumkin.

Qonun imzolanganidan 90 kun o‘tib kuchga kiradi. Shu sababli SI-chatbotli o‘yinchoqlarni 2027-yil 21-fevralgacha shtat hududida sotish mumkin.

Ota-onalarga xarid qilishdan oldin o‘yinchoq erkin suhbat olib bora olishi, bolaning ovozi yoki tasvirini yozib olishi va ishlab chiqaruvchiga qanday ma’lumotlarni yuborishini tekshirish tavsiya qilindi.

Faqat oldindan yozilgan jumlalarni takrorlaydigan va SI-kompanionga ega bo‘lmagan interaktiv o‘yinchoqlar taqiq doirasiga kirmaydi.

Bolalar chatbotlari uchun boshqa cheklovlar ham bor

2026-yil oktabrida Nyu-York shtatida SI-kompanionlarning o‘zini inson sifatida ko‘rsatishi, bolalarda hissiy qaramlik hosil qilishi, o‘ziga zarar yetkazishga undashi yoki ular bilan jinsiy mazmundagi suhbat olib borishini taqiqlovchi alohida qonun qabul qilingan.

Yangi qonun chatbotlarning alohida funksiyalarini emas, ular o‘rnatilgan bolalar o‘yinchoqlarining tijorat muomalasini vaqtincha to‘xtatadi.

1140

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→