охрана в Узбекистане, мобильная SOS-система, Цифровая охрана, тревожная кнопка, охрана квартир, Национальная гвардия, охранные услуги, умный и безопасный дом, дроны, безопасность в махаллях

O‘zbekistonda mobil qurilma orqali tezkor yordam chaqirish imkonini beruvchi virtual SOS tizimini ishga tushirish taklif qilindi. Xonadonlarga kuzatuv uskunalari, domofon va tashvish tugmalarini o‘rnatish, investorlar, sayyohlar va tadbirkorlarga tansoqchilik xizmatini ko‘rsatish ham rejalashtirilmoqda.
Ushbu takliflar Prezident Shavkat Mirziyoyevga 26-noyabr kuni qo‘riqlash xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotda ko‘rsatildi. Hozirgi oltita xizmat turiga yana sakkizta yo‘nalishni qo‘shish ko‘zda tutilgan.
Mobil SOS va uylarni texnik qo‘riqlash
“Aqlli va xavfsiz uy” konsepsiyasi asosida xonadonlarga zamonaviy nazorat uskunalarini o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish taklif qilindi.
Virtual SOS tizimi yordamida foydalanuvchi mobil qurilmadan tezkor yordam chaqira oladi. Ko‘p kvartirali uylarda esa domofon va tashvish tugmalariga asoslangan texnik qo‘riqlash xizmati yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
Yangi xizmatlar qatoriga:
- investorlar, sayyohlar va tadbirkorlarni qo‘riqlash;
- oilaviy va boshqa tadbirlarda jamoat tartibini saqlash;
- obyektlarni dronlar yordamida kuzatish;
- mavsumiy ishlaydigan obyektlarni qo‘riqlash ham kiritilishi taklif etildi.
Yangi qurilayotgan binolarni xavfsizlik uskunalari bilan jihozlash bo‘yicha yagona talablar ishlab chiqilishi mumkin. Buning uchun shaharsozlik normalariga o‘zgartirish kiritish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Beshta tizim “Raqamli qo‘riqlash” platformasiga birlashtiriladi
Qo‘riqlash sohasidagi beshta axborot tizimini yagona “Raqamli qo‘riqlash” platformasiga birlashtirish taklif qilindi.
Platforma orqali qo‘riqlash xizmatlari uchun elektron shartnoma tuzish, to‘lovlar haqidagi ma’lumotlarni onlayn ko‘rish va tezkor guruhlar harakatini real vaqt rejimida kuzatish mumkin bo‘ladi.
Sun’iy intellektdan ehtimoliy xavflarni oldindan aniqlash va qo‘riqlash bo‘linmalarining ishini boshqarishda foydalanish rejalashtirilgan. Rasmiy xabarda tizim qaysi ma’lumotlarni tahlil qilishi va uni ishga tushirish muddati ko‘rsatilmagan.
Xususiy kompaniyalarga bozor ochilishi mumkin
Taqdimotda hozirgi xizmatlar asosan davlat obyektlarini qo‘riqlash bilan cheklanib qolgani qayd etildi. Aholi va biznes talabini qoplash uchun sohaga xususiy kompaniyalarni kengroq jalb qilish taklif qilindi.
Xususiy tashkilotlar tomonidan kameralar, signalizatsiya, tashvish tugmalari va boshqa texnik vositalarni o‘rnatish, sozlash hamda ularga xizmat ko‘rsatish uchun yagona tartib ishlab chiqilishi mumkin.
Milliy gvardiyaning qo‘riqlash sohasidagi vakolatlarini ham kengaytirish ko‘rib chiqildi. U qo‘riqlashi mumkin bo‘lgan obyektlar turlarini 13 tadan 24 taga yetkazish, jismoniy va texnik qo‘riqlash, tansoqchilik hamda tadbirlarda tartibni saqlash xizmatlarini ko‘paytirish taklif etildi.
Majburiy qo‘riqlanishi kerak bo‘lgan obyektlar toifalarini qonunchilikda alohida belgilash ham rejalashtirilmoqda.
Qo‘riqlash uskunalari arzonlashishi mumkin
Qo‘riqlash uskunalarini mahalliy ishlab chiqarish darajasini 30 foizdan 60 foizga yetkazish mo‘ljallangan. Qurilmalar ishlab chiqarish quvvatini oyiga 10 mingtadan 30 mingtaga oshirish taklif qilindi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ishlab chiqarish kengaytirilsa, uskunalar tannarxi 1,7 baravar kamayishi mumkin. Milliy dasturiy ta’minot yaratish va mahalliy qurilmalar turini kengaytirish ham rejalarga kiritilgan.
2027-yilda 600 ming obyektni qo‘riqlash rejalashtirilgan
Hozir mamlakatda 337 ming obyekt qo‘riqlash xizmatlari bilan qamrab olingan. Tezkor harakatlanuvchi guruhlar soni 630 tani tashkil etadi, 6,5 mingta mahallada patrullik yo‘lga qo‘yilgan.
2027-yilda qo‘riqlanadigan obyektlar sonini 600 mingtaga, tezkor guruhlarni esa 800 taga yetkazish taklif qilindi. Yana 1,5 mingta mahallada patrullik tashkil etish uchun qo‘riqlash bo‘linmalariga 8 ming xodim qabul qilinishi mumkin.
Qo‘riqlash xizmatlariga talabning o‘sishi obyektlar sonining ko‘payishi bilan izohlandi. So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistondagi ijtimoiy va savdo obyektlari soni 150 mingtadan 500 mingtaga, turar joylar soni esa 1,5 milliondan 8 milliontaga oshgan. Tun-u kun ishlaydigan savdo va xizmat ko‘rsatish ko‘chalari soni 255 taga yetgan.
Prezident xizmatlar aholi uchun sifatli va hamyonbop bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, mas’ul idoralarga takliflarni takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Mobil SOS tizimi, “Raqamli qo‘riqlash” platformasi va boshqa yangi xizmatlarni ishga tushirish sanasi hozircha ma’lum qilinmagan.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Shavkat Mirziyoyev Qohira yaqinidagi yong‘in qurbonlari munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Nyu-York shtati bolalar uchun SI-chatbotli o‘yinchoqlarni besh yilga taqiqladi

Meta Muse assistentini Instagram chatlariga qo‘shdi

Toshkentda firibgarlar «aqlli» hisoblagich o‘rnatish bahonasida pasport ma’lumotlarini so‘ramoqda
