Yangiliklar/Siyosat

O‘zbekiston muftiysi tasdiqlangan fatvolar uchun yagona raqamli platforma yaratishni taklif qildi

Siyosat 26 noyabr, 15:04
 O‘zbekiston muftiysi tasdiqlangan fatvolar uchun yagona raqamli platforma yaratishni taklif qildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar rasmiy diniy hay’atlar tasdiqlagan fatvolarni yagona xalqaro raqamli platformada jamlashni taklif qildi.

Bunday platforma foydalanuvchiga fatvoni kim tayyorlagani, qaysi tashkilot tasdiqlagani va u qanday manbalarga asoslanganini tekshirish imkonini berishi kerak. Muftiy internetda fatvo e’lon qilish qoidalarini ishlab chiqish, sun’iy intellektdan foydalanish chegaralarini belgilash va fiqh mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yishni ham taklif etdi.

Takliflar 23–24-noyabr kunlari Istanbulda o‘tkazilgan Fatvo kengashlarining xalqaro maslahat yig‘ilishida bildirildi. Unda 52 davlatdan 100 nafar muftiy, din ishlari idoralari va fatvo kengashlari vakillari hamda islomshunos olimlar qatnashdi.

Platformaga faqat tasdiqlangan fatvolar joylashtiriladi

Internetda diniy savollarga rasmiy idoralar bilan birga alohida voizlar, kanal mualliflari va anonim foydalanuvchilar ham javob bermoqda. Bunday materiallarda muallif, foydalanilgan manba va fatvoni tasdiqlagan tashkilot har doim ham ko‘rsatilmaydi.

Yagona platformada esa vakolatli diniy hay’atlar ko‘rib chiqqan va tasdiqlagan fatvolarni joylashtirish taklif etilmoqda. Bu rasmiy xulosalarni shaxsiy fikr va tekshirilmagan javoblardan ajratishga yordam berishi mumkin.

Hozircha tashabbusning texnik shakli, unda qatnashadigan tashkilotlar va ishga tushirish muddati ma’lum qilinmagan.

Yig‘ilishning yakuniy hujjatida sun’iy intellektdan ma’lumot izlash, avvalgi xulosalarni taqqoslash va hujjatlarni tartiblash uchun foydalanish mumkinligi qayd etildi. Biroq dastur bergan javob fatvo hisoblanmaydi.

Sun’iy intellekt muayyan savolning barcha sharoitlarini hisobga olmasligi, ishonchsiz manbaga tayanishi yoki matnni kontekstdan tashqari talqin qilishi mumkin. Bundan tashqari, dastur bergan javobi uchun diniy va huquqiy mas’uliyatni zimmasiga olmaydi.

Shu sababli yakuniy xulosani malakali mutaxassis yoki fatvo hay’ati berishi kerak. Sun’iy intellekt faqat ma’lumot to‘plash va dastlabki tahlilda yordamchi vosita sifatida ishlatilishi mumkin.

Tibbiyot, genetika, iqtisodiyot va texnologiya bilan bog‘liq masalalarni esa tegishli soha mutaxassislari bilan birga ko‘rib chiqish tavsiya qilindi. Ekspertlar masalaning amaliy tomonini tushuntiradi, diniy mutaxassislar esa unga fiqhiy baho beradi.

750

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→