O‘zbeklar mamlakat aholisining 89,4 foizini tashkil etdi

O‘zbekistonning doimiy aholisi 2026-yil 15-yanvar holatiga ko‘ra 39,05 mln kishini tashkil etdi. Aholining 34,9 mln nafari yoki 89,4 foizi o‘z millatini o‘zbek deb ko‘rsatgan.
Bu ma’lumotlar 2026-yilda o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish natijalarida keltirilgan. O‘zbekistonda bundan oldingi ro‘yxatga olish 1989-yilda o‘tkazilgan edi.
Yangi natijalar aholining amaldagi statistik hisobidan 810,6 ming kishiga yoki 2,1 foizga ko‘p bo‘ldi. Ro‘yxatga olishga qadar aholi soni tug‘ilish, o‘lim va migratsiya haqidagi ma’muriy ma’lumotlar asosida hisoblab kelingan.
Hisob-kitoblar yangilangach, shahar aholisining ulushi 50,9 foizdan 54,5 foizga ko‘tarildi. Shaharlarda 21,28 mln, qishloq joylarda esa 17,77 mln kishi yashashi aniqlandi. Kutilayotgan umr davomiyligi 75,4 yoshdan 76,4 yoshga qayta hisoblandi.
Aholining milliy tarkibi
O‘zbeklardan keyingi eng yirik milliy guruh tojiklar bo‘ldi. Ularning soni 1,28 mln kishini yoki mamlakat aholisining 3,3 foizini tashkil etdi.
Keyingi o‘rinlarni qoraqalpoqlar, qozoqlar, ruslar, qirg‘izlar va turkmanlar egalladi:
- o‘zbeklar — 34,9 mln kishi yoki 89,4 foiz;
- tojiklar — 1,28 mln kishi yoki 3,3 foiz;
- qoraqalpoqlar — 841 ming kishi yoki 2,2 foiz;
- qozoqlar — 707 ming kishi yoki 1,8 foiz;
- ruslar — 607 ming kishi yoki 1,6 foiz;
- qirg‘izlar — 219 ming kishi yoki 0,6 foiz;
- turkmanlar — 195 ming kishi yoki 0,5 foiz;
- boshqa millat vakillari — 300 ming kishi yoki 0,8 foiz.
Millat va ona tili har doim ham bir xil emas
O‘zbek tilini ona tili deb ko‘rsatganlar soni 35,65 mln kishiga yetdi. Bu mamlakat aholisining 91,3 foiziga teng.
O‘zbek tilini ona tili deb biladiganlar etnik o‘zbeklar sonidan 753 ming kishiga ko‘p. Demak, boshqa millat vakillarining bir qismi ham o‘zbek tilini ona tili sifatida ko‘rsatgan.
Rus va qoraqalpoq tillari bo‘yicha ham shunga yaqin holat qayd etildi. Rus millatiga mansub aholi 607 ming kishini tashkil etgan bo‘lsa, 787 ming kishi rus tilini ona tili deb ko‘rsatgan. Qoraqalpoq tilini ona tili deb biladiganlar soni 910 ming, etnik qoraqalpoqlar soni esa 841 ming kishiga teng bo‘lgan.
Tojiklarda buning aksi kuzatildi. Tojik millatiga mansubligini 1,28 mln kishi ko‘rsatgan, biroq tojik tilini ona tili deb qayd etganlar soni 851 ming kishini tashkil etgan. O‘rtadagi farq qariyb 425 ming kishiga teng.
Qozoq, qirg‘iz va turkman millatlari bo‘yicha ham ona tilini ko‘rsatganlar soni tegishli millat vakillari sonidan kam bo‘lgan.
Millat insonning o‘zini qaysi etnik guruhga mansub deb bilishini, ona tili esa oilada yoki bolalikdan shakllangan til muhitini ifodalaydi. Shu sababli bu ikki ko‘rsatkich bir-biriga to‘liq mos kelmasligi mumkin.
O‘zbeklar eng ko‘p yashaydigan hududlar
Etnik o‘zbeklar soni bo‘yicha Samarqand viloyati yetakchilik qiladi. Bu hududda 4,23 mln o‘zbek yashaydi. Farg‘ona viloyatida ularning soni 3,93 mln, Qashqadaryo viloyatida esa 3,51 mln kishini tashkil etadi.
O‘zbeklarning umumiy aholidagi ulushi Xorazm viloyatida eng yuqori — 98,7 foiz. Bu ko‘rsatkich Buxoro viloyatida 97,5 foiz, Andijon viloyatida 96,1 foizga teng.
Eng past ulush Qoraqalpog‘istonda qayd etilgan — 47,6 foiz. Toshkent viloyatida o‘zbeklar aholining 80,8 foizini, Toshkent shahrida esa 84,4 foizini tashkil etadi.
Tojiklar
Tojiklar eng ko‘p Surxondaryo, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida yashaydi.
Surxondaryo viloyatida 274 ming, Namangan viloyatida 255 ming, Farg‘ona viloyatida 210 ming tojik istiqomat qiladi.
Ularning hudud aholisidagi ulushi Surxondaryoda 9,2 foiz, Namanganda 8,1 foiz va Sirdaryoda 6,3 foizni tashkil etadi.
Qoraqalpoqlar
Mamlakatdagi 841 ming qoraqalpoqning 772 ming nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashaydi. Ular hudud aholisining 35,9 foizini tashkil etadi.
Navoiy viloyatida 17,8 ming, Toshkent shahrida esa 13,5 ming qoraqalpoq istiqomat qiladi. Navoiy viloyati aholisining 1,5 foizi qoraqalpoqlardan iborat.
Qozoqlar
Qozoqlarning asosiy qismi Toshkent viloyati va Qoraqalpog‘istonda istiqomat qiladi.
Toshkent viloyatida 336 ming, Qoraqalpog‘istonda 237 ming va Navoiy viloyatida 59 ming qozoq yashaydi.
Qozoqlarning hudud aholisidagi ulushi Qoraqalpog‘istonda 11 foiz, Toshkent viloyatida 8,9 foiz va Navoiy viloyatida 5 foizni tashkil etadi.
Ruslar
O‘zbekistondagi ruslarning qariyb yarmi Toshkent shahrida yashaydi. Poytaxtda ularning soni 300 ming kishini tashkil etadi. Bu shahar aholisining 9,3 foiziga teng.
Toshkent viloyatida 149 ming, Samarqand viloyatida esa 28 ming rus istiqomat qiladi. Ularning ulushi Toshkent viloyatida 4 foiz, Navoiy viloyatida 2,3 foizni tashkil etadi.
Qirg‘izlar va turkmanlar
Qirg‘izlarning asosiy qismi Andijon, Farg‘ona va Jizzax viloyatlarida yashaydi. Andijon viloyatida 76 ming, Farg‘onada 58 ming va Jizzaxda 41 ming qirg‘iz istiqomat qiladi.
Turkmanlarning yarmidan ko‘pi Qoraqalpog‘istonda yashaydi. Bu hududda ularning soni 103 ming kishiga teng. Qashqadaryo viloyatida 38 ming, Surxondaryo viloyatida esa 25 ming turkman istiqomat qiladi.
Hududlarda qaysi tillar ustun?
O‘zbek tili barcha 14 ta ma’muriy hududda eng ko‘p ko‘rsatilgan ona tili bo‘ldi. Biroq uning ulushi hududlar kesimida 48,5 foizdan 99 foizgacha o‘zgaradi.
O‘zbek tilini ona tili deb ko‘rsatganlar ulushi Xorazm viloyatida eng yuqori — 99 foiz. Andijon viloyatida bu ko‘rsatkich 98,6 foiz, Buxoro viloyatida 97,7 foizni tashkil etadi.
Eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘istonda qayd etilgan. Bu yerda aholining 48,5 foizi o‘zbek tilini ona tili deb ko‘rsatgan. Qoraqalpog‘iston o‘zbek tilini aholining yarmidan kam qismi ona tili deb biladigan yagona hudud bo‘ldi.
Hudud aholisining 39,3 foizi qoraqalpoq, 7,8 foizi qozoq va 3,8 foizi turkman tilini ona tili sifatida qayd etgan.
O‘zbek tilining ulushi Toshkent viloyatida 83,8 foiz, Toshkent shahrida 84,7 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich Navoiy viloyatida 90,8 foiz, Surxondaryoda 92,7 foiz va Sirdaryoda 94,1 foizga teng.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

O‘zbekiston muftiysi tasdiqlangan fatvolar uchun yagona raqamli platforma yaratishni taklif qildi

O‘zbekiston aviatashuvlar hajmini yiliga 24 mln yo‘lovchiga yetkazmoqchi

O‘zbekistonda Gollivud sarguzasht filmi suratga olinishi mumkin

Sindarov va Gukesh o‘rtasidagi ikkinchi partiya 20-yurishda durang bilan tugadi
