Shveysariya O‘zbekistonga Gulnora Karimova aktivlaridan yana $252,5 mln qaytaradi

Shveysariya Gulnora Karimova bilan bog‘liq ishlar doirasida musodara qilingan $252,5 mlnni O‘zbekistonga qaytaradi. Pul bolalar va o‘smirlar tibbiyoti, ayrim onkologik kasalliklarni davolash, maktablar qurilishi va o‘qituvchilar malakasini oshirishga sarflanadi.
O‘zbekiston va Shveysariya aktivlarning navbatdagi qismini qaytarish bo‘yicha bitimni 24-noyabr kuni tasdiqladi, deb xabar berdi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
Mablag‘ “Ishonch — 2030”, ya’ni Uzbekistan Vision 2030 Fund orqali taqsimlanadi. Jamg‘arma O‘zbekiston, Shveysariya va BMT ishtirokida boshqariladi.
Ikkinchi bosqich strategiyasini iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Simone Giger va BMTning doimiy koordinatori Sabine Mahl imzoladi.
Pul nimaga sarflanadi?
Sog‘liqni saqlash yo‘nalishida bolalar va o‘smirlarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yangilash rejalashtirilgan. Dastur kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash va ayrim onkologik kasalliklarni davolash imkoniyatlarini kengaytirishni o‘z ichiga oladi.
Pulning bir qismi shifokorlar va boshqa tibbiyot xodimlarini tayyorlashga ajratiladi.
Ta’lim yo‘nalishida yangi maktablar qurilishi, mavjud binolarni ta’mirlash, dars jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish va o‘qituvchilar malakasini oshirish nazarda tutilgan.
Loyihalarni tanlashda qishloq hududlari hamda tibbiy va ta’lim xizmatlari yetishmaydigan joylarga ustunlik beriladi.
Vazirlik mablag‘ning sog‘liqni saqlash va ta’lim o‘rtasida qanday taqsimlanishi, yangi maktablar qaysi hududlarda qurilishi va loyihalar qachon boshlanishini hozircha ma’lum qilmadi.
Mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston davlat budjetiga o‘tkazilmaydi. U “Ishonch — 2030” jamg‘armasining alohida hisoblari orqali taqsimlanadi.
Moliyalashtiriladigan loyihalar O‘zbekiston, Shveysariya va BMT vakillari bilan kelishiladi. Dasturlar BMT tashkilotlari va Jahon banki ishtirokida amalga oshiriladi.
Jamg‘arma xarajatlarni tekshirish, loyiha natijalarini baholash va korrupsiyaga qarshi nazoratni nazarda tutadi.
Mustaqil monitoringda jamg‘armaning Fuqarolik jamiyati maslahat kengashi ham qatnashadi. Kengash tarkibiga nodavlat tashkilotlar vakillari, jurnalistlar va ekspertlar kiradi. Ular loyihalarni ko‘zdan kechirishi va aniqlangan muammolar haqida jamg‘arma boshqaruviga ma’lumot berishi mumkin.
Birinchi bosqichda $87 mln ajratilgan
Jamg‘armaning birinchi bosqichida sog‘liqni saqlash va ta’lim loyihalariga $87 mln yo‘naltirilgan.
Mablag‘ning bir qismi onalar va chaqaloqlar salomatligini muhofaza qilish, tug‘ruq bo‘limlarini jihozlash va perinatal yordamni yangilashga sarflangan.
Qiymati $43,5 mln bo‘lgan loyiha 230 ta tug‘ruq bo‘limini modernizatsiya qilishni ko‘zda tutadi. Birinchi tibbiyot muassasalari 2025-yilning mart va aprel oylarida yangi uskunalar bilan ta’minlangan. To‘liq ta’mirlangan obyektlardan biri Olmaliq shahrida joylashgan.
Ta’lim loyihalarida maktablardagi ta’lim sifatini oshirish va o‘qituvchilarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirishga mablag‘ ajratilgan.
Dasturlar UNICEF, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va UNESCO tomonidan amalga oshiriladi. Xaridlar va hisobotlar BMT tartiblari asosida yuritiladi.
Uzbekistan Vision 2030 Fund 2022-yilda O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi kelishuv asosida tashkil etilgan.
Tomonlarning birinchi bitimi doirasida qariyb $131 mlnni qaytarish ko‘zda tutilgan. 2025-yil fevralida yana $182 mln bo‘yicha kelishuv imzolangan. Shundan so‘ng fond orqali qaytarilishi belgilangan mablag‘ning umumiy miqdori $313 mlnga yetgan.
2025-yil aprelida fond hisobiga qariyb $95 mln kelib tushgani ma’lum qilingan. Kelishuvlarda ko‘rsatilgan summa, jamg‘armaga o‘tkazilgan pul va loyihalarga sarflangan mablag‘ bir xil emas, chunki aktivlarni qaytarish bir necha bosqichda amalga oshiriladi.
24-noyabrda tasdiqlangan strategiya navbatdagi $252,5 mlnning sarflanish yo‘nalishlarini belgilaydi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mablag‘ning to‘liq summasi jamg‘arma hisobiga qachon o‘tkazilishini ochiqlamadi.
Shveysariya Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova bilan bog‘liq jinoiy ishlar bo‘yicha tergovni 2012-yilda boshlagan. Keyinchalik noqonuniy yo‘l bilan olingan deb topilgan mablag‘larning bir qismi Shveysariyada musodara qilingan.
O‘zbekiston va Shveysariya aktivlarni davlat budjetiga bevosita o‘tkazish o‘rniga BMT jamg‘armasi orqali qaytarishga kelishgan.
Bu tartib pulni boshqa budjet mablag‘laridan alohida hisobga olish, moliyalashtiriladigan loyihalarni uch tomonlama kelishish va xarajatlar bo‘yicha hisobot e’lon qilish imkonini beradi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Tramp Shavkat Mirziyoyevga Vashingtondagi o‘zbek ayvonlari uchun minnatdorlik bildirdi

O‘zbekistonda oltin narxi pasayishda davom etmoqda

O‘zbekiston sun’iy intellekt ishlab chiquvchilari uchun 20 mlrd tokenli o‘zbek tili korpusini ochdi

O‘zbekiston sayohat xavfsizligi reytingida 27-o‘rinni egalladi
