Tramp Shavkat Mirziyoyevga Vashingtondagi o‘zbek ayvonlari uchun minnatdorlik bildirdi

Dunyo 25 noyabr, 17:29
 Tramp Shavkat Mirziyoyevga Vashingtondagi o‘zbek ayvonlari uchun minnatdorlik bildirdi

AQSH prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan sovg‘a qilingan ikki o‘zbek ayvoni uchun minnatdorlik bildirdi.

Yog‘och o‘ymakorligi bilan bezatilgan ayvonlar Vashingtondagi G‘arbiy Potomak bog‘ida, Tidal Basin suv havzasi yaqinida o‘rnatilgan. Donald Tramp bu haqda Truth Social tarmog‘idagi sahifasida yozdi.

AQSH prezidentining aytishicha, u o‘tgan haftadagi ochilish marosimi vaqtida ayvonlar ustidan Marine One prezident vertolyotida uchib o‘tgan.

“Ayvonlar ajoyib ko‘rinadi”, deb yozdi Tramp.

Marosimda O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Furqat Sidiqov va AQSH ichki ishlar vaziri Dag Bergam qatnashgan.

Ayvonlar tashrif buyuruvchilar uchun ochildi

Tramp ayvonlarni shaxsiy foydalanishda qoldirmasdan, jamoat ixtiyoriga topshirishga qaror qilganini ma’lum qildi.

Pavilyonlar Tidal Basin bo‘yida joylashgan. U yerdan Tomas Jefferson memoriali va Vashington monumentini ko‘rish mumkin. Ayvonlar AQSH Milliy bog‘lar xizmati tasarrufidagi hududda joylashgani uchun tashrif buyuruvchilar ularga erkin kirishi mumkin.

Trampning yozishicha, ayvonlardan diplomatik qabullar va fotosessiyalar o‘tkazishda foydalanish mumkin. Ular bahorgi sakura gullashi festivalida ham tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘ladi.

AQSH prezidenti ayvonlar kelajakda turmush qurish takliflari beriladigan joylardan biriga aylanishi mumkinligini ham qayd etdi.

Ayvonlarni o‘zbek ustalari yasagan

Pavilyonlar tog‘ yong‘og‘i yog‘ochidan qurilgan. Trampning ma’lum qilishicha, o‘zbekistonlik ustalar buning uchun bir necha oy davomida AQSHda qolib, murakkab ob-havo sharoitida ishlagan.

AQSH Milliy bog‘lar xizmati ayvonlarni tayyorlashda 200 yillik tog‘ yong‘og‘i daraxtlari yog‘ochidan foydalanilganini bildirdi.

Pavilyonlarning ustunlari, tom qismlari va to‘sinlariga geometrik hamda o‘simliksimon naqshlar o‘yilgan. Ayvonlarga kechasi yog‘och bezaklarni yoritadigan energiya tejamkor LED chiroqlar ham o‘rnatilgan.

Tramp loyihada qatnashgan o‘zbek ustalari, O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va AQSH Milliy bog‘lar xizmatiga minnatdorlik bildirdi.

Ikki ayvon Vashington markazidagi G‘arbiy Potomak bog‘iga o‘rnatilgan. Yaqin atrofda Tomas Jefferson, Franklin Ruzvelt va Martin Lyuter King memoriallari joylashgan.

Tidal Basin hududiga bahorda, sakura gullashi vaqtida eng ko‘p odam keladi. AQSH Milliy bog‘lar xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Sakura gullashi milliy festivali davrida hududga 1,5 milliondan ortiq kishi tashrif buyuradi.

Pavilyonlar Vashingtonda 2026-yil noyabr oyida o‘rnatildi. O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Furqat Sidiqov ayvonlardan o‘zbek-amerika hamjamiyati uchrashuvlari, bayramlari va boshqa tadbirlarida foydalanish mumkinligini aytgan.

Ayvonlar ikki sana munosabati bilan tayyorlangan

O‘zbekiston ayvonlarni AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan sovg‘a qilgan. AQSH Milliy bog‘lar xizmati ma’lumotida pavilyonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga ham bag‘ishlangani ko‘rsatilgan.

Shavkat Mirziyoyev ayvonlarni Donald Tramp va Amerika xalqiga 2026-yil yozida taqdim etgan. Tramp sovg‘ani AQSH xalqi nomidan qabul qilgan.

Ayvonlar dastlab prezidentga topshirilgan bo‘lsa-da, ular xususiy qarorgohga emas, jamoat bog‘iga joylashtirildi.

Tramp pavilyonlarni kelajakdagi Milliy qahramonlar bog‘i loyihasi bilan ham bog‘ladi. Uning yozishicha, bog‘ ochilgach, ayvonlar Vashingtondagi tadbirlar o‘tkaziladigan joylardan biriga aylanishi mumkin.

310

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→