Tashkent City’da qarovsiz hayvonlarni boqish taqiqlanishi mumkin

Tashkent City hududida qarovsiz mushuk va itlarni boqish, uy hayvonlarini nazoratsiz yoki tasmasiz sayr qildirish taqiqlanishi mumkin. Bunday hayvonlarni tutib ketish, egasi besh kun ichida olib ketmasa, boshpanaga joylashtirish yoki uxlatish taklif etilmoqda.
Bu talablar Vazirlar Mahkamasi tayyorlagan Tashkent City hududidagi binolar va obodonlashtirilgan joylarni saqlash hamda ulardan foydalanish reglamenti loyihasiga kiritilgan.
Hujjat Alisher Navoiy, Olmazor, Islom Karimov va Furqat ko‘chalari bilan chegaralangan hududga tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Undagi talablar hali kuchga kirmagan va muhokama yakunida o‘zgartirilishi mumkin.
Qarovsiz mushuk va itlarni boqish taqiqlanadi
Loyihaga ko‘ra, Tashkent City’ning barcha umumiy foydalanishdagi hududlarida qarovsiz uy hayvonlarini boqish taqiqlanadi.
Kompleks hududida egasiz mushuk yoki it paydo bo‘lsa, yashovchilar va ijarachilar darhol xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga xabar berishi yoki obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz hayvonlarni tutish brigadasini chaqirishi kerak bo‘ladi.
Shunday qilib, hujjat qarovsiz hayvonlarni nafaqat boqmaslikni, balki ular paydo bo‘lganida tegishli xizmatlarga murojaat qilishni ham talab qiladi.
Nazoratsiz yoki tasmasiz yurgan hayvonlar tutib ketiladi
Umumiy foydalanishdagi joylarda egasining nazoratisiz qolgan yoki tasmasiz yurgan uy hayvonlarini tutib ketish taklif etilgan.
Bu qoida hayvonning zoti va qanday maqsadda saqlanishidan qat’i nazar qo‘llanadi. Unda bo‘yinbog‘, identifikatsiya belgisi yoki tumshuqbog‘ borligi ham, agar hayvon egasisiz yoki tasmasiz yurgan bo‘lsa, tutib ketilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Tutilgan hayvon maxsus xizmatda besh kun saqlanadi. Shu muddat ichida egasi:
- veterinariya pasporti orqali hayvonga egalik huquqini tasdiqlashi;
- uni saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashi kerak.
Agar egasi hayvonni besh kun ichida olib ketmasa, u egasiz deb topilishi mumkin. Shundan so‘ng jonivorni boshpanaga joylashtirish yoki uxlatishga ruxsat berilishi ko‘zda tutilgan.
Xonadonda nechta hayvon saqlash mumkin bo‘ladi?
Bir xonada har bir turga mansub bittadan uy hayvonini saqlashga ruxsat berish taklif etilmoqda. Bu cheklov xonadondagi jonivorlarning umumiy soniga emas, aynan bir turga mansub hayvonlar soniga taalluqli.
Masalan, norma taklif etilgan shaklda qabul qilinsa, bir xonada ikkita mushuk saqlash mumkin bo‘lmaydi. Biroq matndan bir mushuk va bir it saqlash butunlay taqiqlanishi kelib chiqmaydi.
Hayvon saqlash uchun qo‘shnilar va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning roziligi ham talab qilinadi.
Bundan tashqari, egalar:
- har bir jonivorni xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotda ro‘yxatdan o‘tkazishi;
- ro‘yxatni har yili yangilashi;
- hayvonni quturishga qarshi emlatishi;
- sanitariya-epidemiologiya va veterinariya xizmatlaridan ruxsat olishi kerak bo‘ladi.
Tegishli ruxsatlarsiz uy hayvonini saqlash taqiqlanishi mumkin.
Balkon, yerto‘la va umumiy joylarda hayvon saqlash taqiqlanadi
Uy hayvonlarini zinapoya maydonchalari, chordoq, yerto‘la, umumiy oshxona va boshqa umumiy foydalanishdagi joylarda saqlashga ruxsat berilmaydi.
Taqiq balkon va lodjiyalarga ham tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan.
Tashkent City hududida yovvoyi hayvonlarni sotib olish va saqlash ham taqiqlanishi mumkin.
Hayvonlarni sayr qildirish talablari kuchaytiriladi
Uy hayvonlarini faqat ochiq hududlarda yoki ular uchun maxsus ajratilgan maydonchalarda sayr qildirish mumkin bo‘ladi. Egalar hayvon sayr qilgan joyni tozalashi va uning ozodaligini saqlashi shart.
Har bir jonivorning bo‘yinbog‘i yoki ko‘krak tasmasida identifikatsiya raqami yozilgan belgi bo‘lishi kerak.
Agressiya xavfi yuqori deb baholangan itlar va boshqa hayvonlar uchun alohida talablar taklif etilgan:
- ochiq hududlarda tumshuqbog‘ va uzunligi ikki metrdan oshmaydigan tasma majburiy bo‘ladi;
- jamoat joylarida tasma uzunligi bir metrdan oshmasligi kerak;
- tasma va tumshuqbog‘siz faqat maxsus yopiq maydonchalarda sayr qildirish mumkin bo‘ladi.
Mast holatdagi shaxslar hamda 14 yoshga to‘lmagan bolalarga uy hayvonlarini sayr qildirish taqiqlanadi.
Soat 22:00 dan 08:00 gacha hayvon egasi sayr vaqtida atrofdagilarning tinchligini ta’minlashi kerak bo‘ladi.
Hayvonlar bilan qayerlarga kirish mumkin bo‘lmaydi?
Loyihaga ko‘ra, uy hayvonlarini quyidagi joylarga olib kirish taqiqlanadi:
- umumiy ovqatlanish shoxobchalari;
- oziq-ovqat va boshqa do‘konlarning savdo hamda ishlab chiqarish xonalari;
- ta’lim muassasalari;
- Tashkent City hududidagi tibbiyot muassasalari.
Uy hayvonlarini favvora, hovuz, basseyn va odamlar ommaviy dam oladigan boshqa joylarda cho‘miltirish yoki yuvish ham taqiqlanishi mumkin.
Reglament loyihasida hayvonlarni himoya qilishga oid talablar ham bor. Jumladan, ularga shafqatsiz munosabatda bo‘lish va jarohat yetkazadigan harakatlar taqiqlanadi.
Tashkent City hududida yaralangan yoki o‘lgan hayvonlarni tashlab ketishga ham ruxsat berilmaydi.
Muhokama yakuniga qadar loyihadagi ayrim normalar o‘zgartirilishi yoki chiqarib tashlanishi mumkin.
Agar reglament taklif etilgan shaklda qabul qilinsa, Tashkent City’da yashovchi va ishlovchi shaxslar uy hayvonlarini ro‘yxatdan o‘tkazishi, ro‘yxatni har yili yangilashi hamda ularni saqlash va sayr qildirish bo‘yicha yangi talablarga rioya qilishi kerak bo‘ladi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

my.gov.uz portalida yangi qurilayotgan uylarni tekshirish xizmati ishga tushdi

O‘zbekiston mobil internet tezligi bo‘yicha 71-o‘ringa ko‘tarildi

O‘zbekiston ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha jahon reytingida 101-o‘rinni egalladi

O‘zbekistonda 25-noyabr kuni ayrim joylarda tuman tushishi kutilmoqda
