Yangiliklar/Siyosat

my.gov.uz portalida yangi qurilayotgan uylarni tekshirish xizmati ishga tushdi

Siyosat 25 noyabr, 12:17
 my.gov.uz portalida yangi qurilayotgan uylarni tekshirish xizmati ishga tushdi

my.gov.uz portalida qurilayotgan va foydalanishga topshirilgan ko‘chmas mulk obyektlari haqidagi ma’lumotlarni tekshirish imkonini beruvchi yangi xizmat ishga tushdi. Unda xaridorlar uyning rasmiy foydalanishga topshirish muddatini ko‘rishi hamda qurilishga oid ruxsat beruvchi hujjatlarni yuklab olishi mumkin.

Xizmat, ayniqsa, qurilish bosqichidagi uy-joydan xonadon sotib olishni rejalashtirayotganlar uchun foydali. Xaridor shartnoma tuzishdan oldin quruvchi tashkilot zarur ruxsatnomalarni olganini va uning va’dalari davlat organlaridagi ma’lumotlarga mos kelishini tekshira oladi.

Xizmat orqali nimalarni bilish mumkin?

Ma’lumotlar bazasiga 30 dan ortiq turdagi obyektlar kiritilgan. Ular orasida ko‘p qavatli uylar, xususiy uy-joylar, shuningdek, madaniyat, san’at va turizm sohasidagi binolar bor.

Har bir obyekt sahifasida quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:

  • obyektning nomi va aniq manzili;
  • bino toifasi;
  • foydalanishga topshirish muddati;
  • qavatlar va xonadonlar soni;
  • obyektning umumiy maydoni;
  • loyihaning qiymati;
  • buyurtmachi, loyihachi va pudratchi tashkilotlar.

Bu ma’lumotlar qurilish obyektining o‘zi bilan birga loyiha ishtirokchilarini ham tekshirish imkonini beradi. Masalan, xaridor qurilish ishlarini qaysi kompaniya bajarayotgani va uy qachon foydalanishga topshirilishi rejalashtirilganini bilishi mumkin.

Qaysi hujjatlarni yuklab olish mumkin?

Portal orqali qurilishga oid uchta asosiy hujjatni yuklab olish mumkin:

  • arxitektura va shaharsozlik kengashining xulosasi;
  • davlat ekspertizasi xulosasi;
  • qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ruxsatnoma.

Qurilish-montaj ishlarini boshlashga berilgan ruxsatnoma quruvchi tashkilot ishlarni qonuniy ravishda boshlashi mumkinligini tasdiqlaydi. Kengash va davlat ekspertizasi xulosalari esa loyiha belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, tegishli tekshiruvlardan o‘tganini bildiradi.

Agar quruvchi xonadonlarni sotayotgan bo‘lsa-yu, portalda obyekt yoki zarur hujjatlar haqida ma’lumot topilmasa, xaridor kompaniyadan yozma tushuntirish so‘rashi kerak. Vaziyatga aniqlik kiritilmaguncha pul o‘tkazmaslik tavsiya etiladi.

Yangi qurilayotgan uyni qanday tekshirish kerak?

Dastlab my.gov.uz portalida obyektni nomi yoki manzili bo‘yicha topish kerak. Shundan so‘ng uning sahifasidagi ma’lumotlarni quruvchining reklamasi, savdo taklifi va shartnoma shartlari bilan solishtirish lozim.

Quyidagi jihatlarga alohida e’tibor berish kerak:

  1. obyektning nomi va manzili;
  2. buyurtmachi va pudratchi tashkilotlar;
  3. foydalanishga topshirishning rasmiy muddati;
  4. qurilish-montaj ishlariga ruxsatnoma mavjudligi;
  5. uyning texnik ko‘rsatkichlari va xonadonlar soni;
  6. portaldagi ma’lumotlarning shartnoma shartlariga mosligi.

my.gov.uz orqali tekshiruv qurilish uchun zarur ruxsatnomalari bo‘lmagan obyektga pul tikish yoki uyning topshirilish muddati haqida noto‘g‘ri ma’lumot olish xavfini kamaytiradi.

430

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→