O‘zbekiston sun’iy intellekt ishlab chiquvchilari uchun 20 mlrd tokenli o‘zbek tili korpusini ochdi

O‘zbekiston Anthropic, Alibaba, Meta va OpenAI kompaniyalariga 20 mlrd tokendan iborat o‘zbek tili milliy korpusini bepul taqdim etdi. Ma’lumotlar to‘plami Hugging Face platformasida ham ochiq e’lon qilindi.
Bu haqda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 24-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, to‘plam yuqoridagi kompaniyalarga yetkazilgan. Biroq kompaniyalarning o‘zi korpusni olgani yoki undan o‘z modellarini o‘qitishda foydalanayotgani haqida hozircha ochiq xabar bermagan.
Shermatovning aytishicha, Raqamli texnologiyalar vazirligi o‘zbek tilining xalqaro sun’iy intellekt tizimlarida kengroq ishlatilishi uchun korpusni sotmaslikka qaror qilgan.
“Biz bu korpusni keyin sotish va undan pul ishlash uchun yaratmadik. Sun’iy intellekt tizimlari o‘zbek tilida qanchalik yaxshi gapirsa, biz uchun shunchalik foydali bo‘ladi”, dedi vazir.
Korpusdan til modellarini o‘qitish va sinovdan o‘tkazish, mashina tarjimasi, qidiruv, nutqni aniqlash hamda hujjatlarni avtomatik qayta ishlash tizimlarini yaratishda foydalanish mumkin.
O‘zbek tili korpusi nimalardan iborat?
Til korpusi kompyuter yordamida tahlil qilish uchun tayyorlangan katta hajmdagi matnlar to‘plamidir. Undagi hujjatlar tozalanadi, tasniflanadi va manba, mavzu, uslub hamda yozuv turi haqidagi qo‘shimcha ma’lumotlar bilan belgilab chiqiladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi e’lon qilgan to‘plamda qariyb 5,64 mln hujjat va 6,07 mlrddan ortiq so‘z bor. Fayllarning umumiy hajmi 16,3 GB bo‘lib, ma’lumotlar Parquet formatidagi 136 ta faylga joylashtirilgan.
To‘plamdagi so‘zlar soni vazirlik e’lon qilgan 20 mlrd token ko‘rsatkichidan farq qiladi. Buning sababi til modellari matnni faqat alohida so‘zlarga ajratmasligidir. Token bitta so‘z, so‘zning bir qismi, tinish belgisi yoki alohida belgi bo‘lishi mumkin. Shu sababli bitta so‘z bir necha tokendan tashkil topishi ehtimoli bor.
Korpusga quyidagi manbalardan olingan materiallar kiritilgan:
- kitoblar va davriy nashrlar;
- arxiv hujjatlari;
- dissertatsiyalar va ilmiy maqolalar;
- qonunchilik hujjatlari;
- ta’lim materiallari;
- internet saytlari;
- o‘zbekcha Vikipediya;
- ochiq Telegram kanallaridagi xabarlar.
To‘plamning eng katta qismi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi materiallariga to‘g‘ri keladi. Ushbu manbadan 1,83 mlrd so‘z olingan. Bu korpusdagi barcha so‘zlarning 30,1 foizini tashkil etadi.
Tahrirchi loyihasining kitoblar to‘plamida 1,28 mlrd so‘z bor. Uning korpusdagi ulushi 21,1 foizga teng.
Internet saytlaridan qariyb 1 mlrd so‘z yig‘ilgan. Uzarchive arxiv hujjatlaridan 899 mln, ZiyoNET va Ziyouz resurslaridan esa 852 mln so‘z olingan.
Korpusga Telegram, Lex.uz, Vikipediya, Fanlar akademiyasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi tashkilotlar materiallari ham qo‘shilgan.
Lotin va kirill yozuvidagi matnlar
Korpusdagi hujjatlarning 52 foizi o‘zbek lotin yozuvida, 46 foizi kirill yozuvida tayyorlangan. Qolgan 2 foiz materialda ikkala yozuvdan ham foydalanilgan.
So‘zlar soni bo‘yicha esa kirill yozuvidagi materiallar ko‘proq. Bunga O‘zbekiston lotin yozuviga o‘tishidan oldin chop etilgan kitoblar, davriy nashrlar va arxiv hujjatlarining katta hajmda raqamlashtirilgani sabab bo‘lgan.
Hozir ham o‘zbek tilidagi nashrlar va kundalik yozishmalarda lotin hamda kirill yozuvidan foydalaniladi. Ayrim xabarlarda ikkala alifbo belgilari birga uchrashi mumkin.
Korpusda turli yozuvdagi matnlarning mavjudligi til modellariga o‘zbekcha so‘zlarning bir necha yozilish shaklini o‘rganish va aralash yozuvdagi so‘rovlarni tushunishga yordam beradi.
Kitoblar va arxiv hujjatlarining katta qismi skanerlangan tasvirlardan mashina o‘qiy oladigan matnga aylantirilgan.
Matnni optik aniqlash uchun DeepSeek-OCR va Microsoft Azure AI Document Intelligence texnologiyalaridan foydalanilgan. Aniqlash jarayonida yuzaga kelgan xatolar Google kompaniyasining Gemma til modeli yordamida tuzatilgan.
To‘plamdan takroriy va sifat talablariga javob bermagan matnlar chiqarib tashlangan. Hujjatlar 22 ta mavzuga va to‘qqizta nutq uslubiga ajratilgan. Ular orasida rasmiy, ilmiy, badiiy, jurnalistik va so‘zlashuv uslubidagi materiallar bor.
Telefon raqamlari, ismlar, tug‘ilgan sanalar, pasport ma’lumotlari, bank rekvizitlari va boshqa identifikatorlar texnik belgilar bilan almashtirilgan.
Shu bilan birga, korpus hujjatlarida avtomatik tozalash jarayoni barcha shaxsiy ma’lumotlarni aniqlagani kafolatlanmagan. To‘plamdan foydalanuvchi ishlab chiquvchilar ma’lumotlarni o‘z loyihasi talablariga muvofiq qo‘shimcha tekshirishi kerak.
Korpusdan qayerda foydalanish mumkin?
Til modellari so‘z boyligi, grammatika va matn mazmunini o‘rganishi uchun katta hajmdagi ma’lumotlarga muhtoj. O‘zbek tilidagi ochiq o‘quv ma’lumotlari ingliz, xitoy, ispan va rus tillaridagiga nisbatan kamroq.
Ma’lumotlar yetishmasligi sababli sun’iy intellekt tizimlari o‘zbekcha so‘rovlarni noto‘g‘ri tushunishi, tillarni aralashtirishi yoki qo‘shimchalardan foydalanishda xato qilishi mumkin.
Milliy korpus materiallari asosida quyidagi imkoniyatlarga ega tizimlarni ishlab chiqish mumkin:
- o‘zbek tilidagi savollarga javob berish;
- matnlarni o‘zbek tilidan boshqa tillarga va boshqa tillardan o‘zbekchaga tarjima qilish;
- nutqni aniqlash va ovozli nutq yaratish;
- imloni tekshirish;
- hujjatlarni tasniflash;
- katta matn arxivlaridan ma’lumot izlash;
- fuqarolar murojaatlarini avtomatik qayta ishlash.
Model natijasiga faqat ma’lumotlar hajmi ta’sir qilmaydi. Matnlarni aniqlash sifati, materiallarning yangiligi, mavzular va uslublar o‘rtasidagi nisbat ham muhim.
Kitoblar, arxiv hujjatlari va rasmiy materiallar korpusning katta qismini tashkil etadi. Ular yozma o‘zbek tilini o‘rgatish uchun kerak, lekin zamonaviy og‘zaki nutq, internet tili va yangi atamalarni to‘liq qamrab olmaydi. Shu sababli to‘plamni muntazam yangilab borish talab etiladi.
Sherzod Shermatov Raqamli texnologiyalar vazirligining hisoblash klasterida o‘zbek tiliga moslashtirilgan modellar ishlab chiqilayotganini ham aytdi. Vazir ularning nomi, texnik ko‘rsatkichlari va ishga tushirilish muddatini ma’lum qilmadi.
Litsenziya va mualliflik huquqi
Korpus Open Data Commons Attribution License 1.0, ya’ni ODC-By litsenziyasi asosida tarqatiladi.
Litsenziya manbani ko‘rsatish sharti bilan bazadan nusxa olish, uni tarqatish va qayta ishlashga ruxsat beradi. Ma’lumotlardan tijoriy loyihalarda ham foydalanish mumkin.
Biroq ushbu litsenziya alohida matnlarga emas, korpusning ma’lumotlar bazasi sifatidagi tuzilishiga taalluqli. Litsenziya to‘plamga kiritilgan har bir kitob, maqola yoki boshqa asardan foydalanish huquqini avtomatik tarzda bermaydi.
Asl matnlarga bo‘lgan huquqlar ularning mualliflari va huquq egalarida saqlanib qoladi. Raqamli texnologiyalar vazirligi ushbu materiallarga egalik qilishga da’vo qilmasligini bildirgan.
Huquq egasi o‘ziga tegishli asarni korpusdan chiqarib tashlashni so‘rashi mumkin. To‘plam hujjatlariga ko‘ra, bunday material korpusning keyingi versiyasidan olib tashlanadi.
Ochiq tavsifda mualliflik huquqi bilan himoyalangan barcha asarlarni korpusga kiritish uchun alohida ruxsat olingani yoki olinmagani ko‘rsatilmagan. Tijoriy model ishlab chiquvchilari shu sababli nafaqat ma’lumotlar bazasi litsenziyasini, balki alohida matnlarning huquqiy maqomini ham tekshirishi lozim.
Korpus yaratish bo‘yicha topshiriq qachon berilgan?
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil oktabrda o‘zbek tilining elektron korpusini yaratish bo‘yicha topshiriq bergan. Korpus bilan ishlash uchun maxsus dasturiy ta’minot ishlab chiqish ham rejalashtirilgan edi.
2025-yil oktabrda sun’iy intellektni rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda adabiyotlar, ilmiy ishlar, hisobotlar va o‘zbek tilidagi boshqa materiallarni raqamlashtirish vazifasi yana ko‘tarildi.
Ushbu ma’lumotlar sun’iy intellekt tizimlariga til bilan birga O‘zbekiston tarixi, madaniyati va mahalliy xususiyatlarini ham yaxshiroq hisobga olish imkonini berishi kerak.
Prezidentning 2025-yil 22-oktabrdagi farmoni bilan Raqamli texnologiyalar vazirligiga 2026-yil oxirigacha kamida 15 mlrd birlikdan iborat o‘zbek tili korpusini yaratish topshirilgan. Hujjatda bu birliklar “parametrlar” deb atalgan.
Shuningdek, korpusni kamida beshta ochiq katta til modeliga joriy etish vazifasi belgilangan.
Raqamli texnologiyalar vazirligi to‘plam hajmi 20 mlrd tokenga yetganini bildirmoqda. Loyihaning amaliy natijasini korpusdan foydalangan modellar haqida ma’lumotlar va ularning o‘zbek tilidagi qiyosiy sinovlari e’lon qilingandan keyin baholash mumkin bo‘ladi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Tramp Shavkat Mirziyoyevga Vashingtondagi o‘zbek ayvonlari uchun minnatdorlik bildirdi

O‘zbekistonda oltin narxi pasayishda davom etmoqda

O‘zbekiston sayohat xavfsizligi reytingida 27-o‘rinni egalladi

Tashkent City’da qarovsiz hayvonlarni boqish taqiqlanishi mumkin
