Sindarov va Gukesh o‘rtasidagi ikkinchi partiya 20-yurishda durang bilan tugadi

Sport 26 noyabr, 10:04
 Sindarov va Gukesh o‘rtasidagi ikkinchi partiya 20-yurishda durang bilan tugadi

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov 25-noyabr kuni shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju bilan ikkinchi partiyada durang o‘ynadi.

Jeneva yaqinidagi Koloni shahrida o‘tayotgan jahon chempionligi bahsida hisob 1:1 bo‘lib turibdi. Har ikki shaxmatchi dastlabki ikki partiyada bittadan oq va qora donalarda o‘ynadi.

Ikkinchi partiya 20-yurishda bir xil vaziyat uch marta takrorlangani sababli yakunlandi. Uchrashuv taxminan ikki soat davom etdi. Birinchi partiya esa 38-yurishda durang bilan tugagan edi.

Sindarovning murabbiylar bilan mashg‘ulotlari va xalqaro turnirlardagi ishtiroki O‘zbekiston Milliy banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Gukesh London tizimini tanladi

Birinchi partiyada Sindarov oq donalarda Berlin endshpiliga o‘tgan edi. Ikkinchi uchrashuvda Gukesh oq donalarda 1.d4 yurishi bilan boshladi va London tizimini tanladi.

Bu debyutda oq donalar odatda piyodalar tuzilishini saqlagan holda figuralarni izchil rivojlantiradi. Keskin taktik to‘qnashuvlar ko‘pincha partiyaning keyingi qismiga qoldiriladi.

Gukesh dastlabki yetti yurishni ikki daqiqadan kamroq vaqtda amalga oshirdi. Yettinchi yurishda u otini e5 katagiga joylashtirdi. Sindarov otni darhol almashtirmadi va farzini b6 katagiga olib chiqib, b2 piyodasiga bosim o‘tkazdi.

Keyin Sindarov markazdagi otni almashtirdi va o‘ninchi yurishda rokirovka qildi. O‘n birinchi yurishda u farzini d8 katagiga qaytardi. Shu nuqtadan boshlab grossmeysterlar debyut tayyorgarligidan chiqib, doskadagi vaziyatni mustaqil hisoblay boshladi.

Gukesh hujumni boshlamadi

Sindarov 15-yurishda f piyodasini oldinga surdi. Vaziyatni keskinlashtirish uchun Gukesh c4 yurishini amalga oshirishi mumkin edi, biroq u bu davomni tanlamadi.

FIDE tahliliga ko‘ra, tomonlar piyodalar tuzilishini buzmasdan jiddiy hujum boshlay olmasdi. Gukesh ham partiyadan keyin biror foydali piyoda yorib kirishini ko‘rmaganini aytdi.

Oq donalarda o‘ynagan Gukesh f3 piyoda yurishi ustida qariyb yarim soat o‘yladi. Biroq bu yurishdan keyin ham unga ustunlik beradigan aniq reja topilmadi.

Partiya oxirida Gukesh fil bilan, Sindarov esa ot bilan bir xil yurishlarni takrorladi. Vaziyat uchinchi marta qaytarilgach, Sindarov hakamni chaqirdi va durang qayd etildi.

Reglamentga ko‘ra, shaxmatchilar qora donalarning 40-yurishigacha o‘zaro kelishib durang e’lon qila olmaydi. Biroq bir xil vaziyatning uch marta takrorlanishi kabi shaxmat qoidalarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha partiya oldinroq ham durang bilan tugashi mumkin.

“Pozitsiyani tenglashtira olganimdan xursandman”

Partiyadan keyin Sindarov Gukeshning London tizimini tanlashini kutmaganini aytdi.

“London tizimi qora donalardagi birinchi partiyamda eng kam kutgan debyutlarimdan biri edi. Ammo men tayyor edim va vaziyatni yaxshi tenglashtira olganimdan xursandman”, dedi o‘zbekistonlik grossmeyster.

Gukesh debyutdan sezilarli ustunlik ololmaganini tan oldi.

“Bugun ancha sokin partiya bo‘ldi. Debyutda katta ustunlikka ega bo‘lmadim, lekin bu odatiy partiya edi”, dedi amaldagi jahon chempioni.

FIDE sharhida Sindarov qora donalarda vaqtni kam sarflagani va mustahkam pozitsiyani saqlagani qayd etilgan.

Shaxmatchilar London tizimi haqida nima dedi?

Partiyadan keyingi matbuot anjumanida ikkala grossmeysterdan London tizimiga munosabati so‘raldi.

Sindarov ushbu debyutni boshqa boshlanishlardan yomon deb hisoblamasligini aytdi. Uning fikricha, London tizimi ko‘p o‘ynalgani sababli ayrim shaxmatchilar orasida mashhur emas.

“Umuman olganda, bu boshqa debyutlar kabi yaxshi variant. Uni juda ko‘p o‘ynashgani uchun yoqtirishmaydi. Lekin men unga normal qarayman”, dedi Sindarov.

Gukesh ham London tizimini himoya qildi. U zamonaviy shaxmatda kompyuter tahlili tufayli deyarli barcha asosiy debyutlarda yangi g‘oyalarni topish mumkinligini aytdi.

Sindarov London tizimini yangi o‘rganuvchilarga ham tavsiya qilish mumkinligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu debyutda figuralarni rivojlantirish rejasi tushunarli va yurishlar mantiqiy.

Uchinchi partiya qachon o‘tkaziladi?

Uchinchi partiya 26-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi. Sindarov oq, Gukesh qora donalarda o‘ynaydi. 27-noyabr shaxmatchilar uchun dam olish kuni bo‘ladi.

Jahon chempionligi matchi ko‘pi bilan 14 ta klassik partiyadan iborat. Birinchi bo‘lib 7,5 ochko to‘plagan shaxmatchi chempion bo‘ladi.

Agar klassik partiyalar 7:7 hisobida tugasa, g‘olib tezkor nazoratdagi tay-brekda aniqlanadi.

Matchning umumiy mukofot jamg‘armasi $2,5 mlnni tashkil etadi. Klassik partiyadagi har bir g‘alaba uchun $200 ming ajratiladi. Qolgan mablag‘ ikki ishtirokchi o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Uchrashuvlar 12-dekabrgacha davom etishi mumkin. Sindarov O‘zbekistondan shaxmat bo‘yicha yagona jahon chempionligi uchun bahsga chiqqan birinchi shaxmatchidir. U ushbu huquqni 2026-yilgi Nomzodlar turnirida mag‘lubiyatsiz g‘alaba qozonib qo‘lga kiritgan.

2570

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→