Toshkentdagi Human House galereyasida oshxona yonib ketdi

26-noyabr kuni poytaxtning Yakkasaroy tumanida joylashgan mashhur Human House galereyasida yong‘in sodir bo‘ldi. Olov galereya oshxonasini yo‘q qilib, qo‘shni «Bagration» kafesi oshxonasiga o‘tgan. Jabrlanganlar yo‘q. Ichki hovli va hunarmandlarning mahsulotlari qo‘yilgan ko‘rgazma maydonlari omon qolgan.
Galereya asoschisi Lola Sayfining so‘zlariga ko‘ra, yong‘in soat 8:00–8:30 lar atrofida boshlangan. Bino ichida hech kim bo‘lmagan. Hovlini supurayotgan qorovul olovni payqab, uni suv bilan o‘chirishga harakat qilgan, biroq bundan alanga yanada kuchaygan. Sayfi elektr simlarini suv bilan o‘chirish mumkin emasligini eslatib o‘tdi. Uning taxminicha, yong‘inga eski elektr simlaridagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin: butun galereyada simlar allaqachon almashtirilgan, faqat binoni rekonstruksiya qilish chog‘ida buzib, qaytadan qurish rejalashtirilgan oshxona bundan mustasno edi. Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yong‘in maydoni 10 kv. metrni tashkil etgani va alanga tezkorlik bilan o‘chirilganini xabar qildi. Boshqarma matbuot kotibi Zuhriddin Qurbonovning aytishicha, rasmiy sabab tergov yakunlariga ko‘ra e’lon qilinadi.
Zarar miqdori va tiklash xarajatlari hozircha noma’lum. Hudud tozalanganidan so‘ng jamoa mutaxassislar bilan birgalikda talafotlarni baholaydi va har ikki oshxonani qanday qilib tezroq tiklash masalasini hal qiladi. Yong‘in sodir bo‘lgan kuni Sayfi Facebook’da barcha xohlovchilarni — qurilish kompaniyalari, arxitektorlar, muhandislarni, shuningdek, qurilish materiallari, oshxona jihozlari va mablag‘ bilan yordam berishga chaqirdi. 27-noyabr kuni ertalab do‘stlari tozalash ishlarida yordam berish uchun galereyaga yetib kelishdi.
Human House mamlakatning turli viloyatlaridan bo‘lgan 260 dan ortiq usta va dizaynerlar bilan hamkorlik qiladi. Yong‘in ularning mahsulotlariga zarar yetkazmagan. Galereya elektr energiyasi ulanganidan so‘ng o‘z faoliyatini davom ettiradi, Sayfining ta’kidlashicha, kirish avvalgidek bepul bo‘lib qoladi: shaharliklarning munosabati bu qaror to‘g‘ri ekaniga uni ishontirgan.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

O‘zbekistonda foydalanishga topshirilmagan ko‘p qavatli uylarga aholini joylashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladi

Toshkentning Shayxontohur tumanidagi beshta mahallada tunda elektr ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi

O‘zini o‘zi band qilgan taksichilarga alohida hisobvaraq kerak bo‘ladi

Yangi Toshkentda fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi
