O‘zini o‘zi band qilgan taksichilarga alohida hisobvaraq kerak bo‘ladi

2026-yil 12-dekabrdan agregatorlar orqali ishlaydigan o‘zini o‘zi band qilgan taksi haydovchilari ish bilan bog‘liq hisob-kitoblarni alohida bank hisobvarag‘i yoki bank kartasiga biriktirilgan elektron hamyon orqali amalga oshirishi kerak.
Yangi tartib elektron tijorat qoidalarini o‘zgartiruvchi O‘RQ-1173-sonli qonunda belgilangan. Talab elektron savdo maydonchalari orqali ishlaydigan o‘zini o‘zi band qilgan kuryerlar va sotuvchilarga ham tatbiq etiladi.
Taksichilar pulni qanday oladi?
Agregator orqali bajarilgan buyurtmalardan tushgan daromad haydovchining alohida hisobvarag‘i yoki elektron hamyoniga o‘tkaziladi. Ishdan olingan pul shaxsiy o‘tkazmalardan alohida hisobga olinadi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar ham elektron hamyondan foydalanishi mumkin. Yuridik shaxslar va elektron platforma operatorlari esa hisob-kitoblar uchun alohida bank hisobvarag‘i ochishi kerak.
Qonun naqd pulda to‘lashni taqiqlamaydi. Yangi talab platforma, ijrochi va mijoz o‘rtasidagi to‘lovlarni hisobga olish tartibini o‘zgartiradi.
Banklar va agregatorlar yangi tizimga o‘tish bo‘yicha umumiy yo‘riqnomani hozircha e’lon qilmagan. Haydovchi hisobvaraqni mustaqil ochishi va rekvizitlarni ilovaga kiritishi kerakmi yoki bu jarayon agregator orqali bajariladimi, hozircha noma’lum.
Agregatorlar talabga qarab narxni o‘zgartira oladi
Qonunda “buyurtmalar agregatori” tushunchasi paydo bo‘ladi. Bu foydalanuvchiga xizmatni tanlash, buyurtma berish va to‘lov qilish imkonini beradigan raqamli servisdir. Taksi buyurtma qilish ilovalari ham shu toifaga kiradi.
Platforma operatorlari xizmatning yakuniy narxini talab, taklif va boshqa omillar asosida belgilashi mumkin. Taksi narxi buyurtmalar soni va yaqin atrofdagi bo‘sh avtomobillar miqdoriga qarab o‘zgaradi.
Bu agregatorlarni raqobat va iste’molchilar huquqlariga oid talablardan ozod qilmaydi.
2026-yil oktabrida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tig‘iz vaqtda taksi narxlari keskin oshgani sabab agregatorlar faoliyatini o‘rganishni boshladi. Ulardan algoritm sozlamalarini qayta ko‘rib chiqish va narxlarning sun’iy oshishiga yo‘l qo‘ymaslik so‘raldi.
Qonun dinamik narxlashga ruxsat beradi, ammo tariflarni asossiz oshirishga emas.
Alohida hisobvaraqlarga o‘tishning o‘zi taksi narxi oshishini anglatmaydi. Qonunda yo‘l haqiga yangi ustama belgilanmagan.
Platformalarga qanday talablar qo‘yiladi?
Agregatorlar xizmatlar qanday saralanishi va foydalanuvchiga ko‘rsatiladigan takliflar qaysi mezonlar asosida shakllanishini tushuntirishi kerak.
Platformalar zimmasiga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
- foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish;
- to‘lovlar xavfsizligini ta’minlash;
- murojaat va shikoyatlarni ko‘rib chiqish;
- ijrochilarning litsenziya va ruxsatnomalarini tekshirish;
- qonunda taqiqlangan tovar va xizmatlarni platformadan olib tashlash;
- foydalanuvchilarga sharh qoldirish imkonini berish;
- e’lon qilingan sharhlar mazmunini o‘zgartirmasdan saqlash;
- qoidalar o‘zgarishi yoki servis faoliyati to‘xtatilishi haqida kamida 30 kun oldin xabar berish.
Marketpleys sotuvchining majburiyati bo‘yicha javob berishi mumkin
Buyurtmani bajarish va tovar sifatiga birinchi navbatda sotuvchi javob beradi.
Agar sotuvchi xaridorning qonuniy talabini bajara olmasa, qo‘shimcha javobgarlik elektron platforma operatoriga o‘tishi mumkin. Masalan, sotuvchi faoliyatini tugatgan, topilmagan yoki pulni qaytarish imkoniga ega bo‘lmagan holatda xaridor platformaga murojaat qilishi mumkin.
Bu marketpleys har qanday nizoda avtomatik ravishda pul qaytaradi degani emas. Xaridor avval talabni sotuvchiga bildirishi kerak. Shartnoma yoki qonunchilikda boshqa tartib ham belgilanishi mumkin.
Chet el kompaniyalari soliq hisobiga turadi
O‘zbekistondagi jismoniy shaxslarga elektron platformalar orqali tovar sotadigan xorijiy kompaniyalarga ham yangi talablar qo‘yiladi.
Xaridor O‘zbekistonda yashasa va tovar mamlakat hududiga yetkazib berilsa, savdo O‘zbekistonda amalga oshirilgan deb hisoblanadi. Bunday operatsiyada xorijiy kompaniya yoki hisob-kitobda qatnashadigan vositachi soliq to‘lovchi yoxud soliq agenti bo‘ladi.
Xaridorlardan to‘lovni vositachisiz qabul qiladigan xorijiy kompaniya O‘zbekistonda savdo boshlaganidan keyin 30 kalendar kun ichida soliq hisobiga turishi kerak.
Haydovchi 12-dekabrgacha nimani aniqlashi kerak?
O‘zini o‘zi band qilgan taksi haydovchisi agregatordan quyidagilarni aniqlashtirishi kerak:
- Alohida hisobvaraq yoki elektron hamyonni kim ochadi.
- Ilova qaysi bank va to‘lov tashkilotlari bilan ishlaydi.
- Yangi rekvizitlarni mustaqil kiritish kerakmi.
- Naqd pulda bajarilgan buyurtmalar qanday hisobga olinadi.
- Pul qaysi sanadan yangi rekvizitlarga o‘tkaziladi.
Hisobvaraqni faqat agregatorning rasmiy ilovasi, bank yoki litsenziyaga ega to‘lov tashkiloti orqali ulash kerak. Noma’lum SMS va xabarlardagi havolalar orqali karta ma’lumotlarini kiritmaslik lozim.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

O‘zbekistonda foydalanishga topshirilmagan ko‘p qavatli uylarga aholini joylashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladi

Toshkentning Shayxontohur tumanidagi beshta mahallada tunda elektr ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi

Toshkentdagi Human House galereyasida oshxona yonib ketdi

Yangi Toshkentda fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi
