Javohir Sindorov jahon chempionligi uchun bahsni boshlaydi

Sport 24 noyabr, 11:48
 Javohir Sindorov jahon chempionligi uchun bahsni boshlaydi

Bugun, 24-noyabr kuni o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov klassik shaxmat bo‘yicha jahon chempionligi uchun matchdagi ilk partiyasini o‘tkazadi. U amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi dona suradi.

Match Shveysariyaning Jeneva shahri yaqinidagi Koloni kommunasida joylashgan Martin Bodmer fondida bo‘lib o‘tadi. Birinchi partiya Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi.

Qur’a natijasiga ko‘ra, Sindorov dastlabki partiyani oq donalarda o‘ynaydi. Match davomida unga grossmeysterlar Muhiddin Madaminov, Roman Vidonyak va Nikita Vityugovdan iborat jamoa yordam beradi.

Jahon chempionligi uchun match ko‘pi bilan 14 ta klassik partiyadan iborat bo‘ladi. Birinchi bo‘lib 7,5 ochko jamg‘argan shaxmatchi g‘olib deb topiladi.

Har bir ishtirokchiga dastlabki 40 ta yurish uchun 120 daqiqa beriladi. Shundan so‘ng partiyaning qolgan qismi uchun yana 30 daqiqa qo‘shiladi. 41-yurishdan boshlab har bir yurishdan keyin vaqtga 30 soniya qo‘shib boriladi.

Agar 14 ta partiyadan keyin hisob 7:7 bo‘lsa, jahon chempioni qisqartirilgan vaqt nazoratidagi tay-brek orqali aniqlanadi. So‘nggi klassik partiya 11-dekabrga belgilangan. Zarurat tug‘ilsa, tay-brek 12-dekabr kuni o‘tkaziladi.

Matchning umumiy mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollarni tashkil etadi. Reglamentga muvofiq, klassik partiyadagi har bir g‘alaba uchun shaxmatchiga 200 ming dollar beriladi. Mukofot jamg‘armasining qolgan qismi ishtirokchilar o‘rtasida taqsimlanadi.

O‘zbekiston shaxmati uchun tarixiy kun

Javohir Sindorov mutlaq jahon chempionligi uchun matchda qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan birinchi o‘zbekistonlik shaxmatchi bo‘ldi. U 2026-yilda Kiprda o‘tkazilgan Nomzodlar turnirida g‘olib chiqib, amaldagi chempionga qarshi o‘ynash huquqini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekistonlik grossmeyster Nomzodlar turnirini mag‘lubiyatsiz yakunlab, 14 imkoniyatdan 10 ochko jamg‘ardi. U musobaqa tugashiga bir tur qolganida birinchi o‘rinni kafolatladi.

Sindorov bundan oldin Hindistonning Goa shahrida o‘tkazilgan 2025-yilgi FIDE Jahon kubogida ham g‘olib chiqqan va ushbu turnir tarixidagi eng yosh chempionga aylangan edi.

Javohir Sindorov 20 yoshda. Uning klassik shaxmatdagi amaldagi reytingi 2782 ochkoni tashkil etadi. Bu uning faoliyatidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. U 2018-yilda, 12 yosh-u 10 oyligida grossmeyster unvonini olgan.

Uning raqibi Gukesh Dommaraju ham 20 yoshda. Hindistonlik shaxmatchi 2024-yil dekabrida xitoylik Din Lijenni 7,5:6,5 hisobida mag‘lub etib, jahon chempioniga aylangan. O‘sha paytda u 18 yoshda edi va tarixdagi eng yosh mutlaq jahon chempioni bo‘ldi.

Sindorov va Gukesh o‘rtasidagi bahs jahon shaxmat toji uchun o‘tkazilgan matchlar tarixida ishtirokchilar yoshi bo‘yicha eng yosh qarama-qarshilik bo‘ladi.

1210

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→