O‘zbekistonda O‘zbekfilm onlayn platformasi va yagona chipta tizimi yaratiladi

O‘zbekistonda mahalliy filmlar va arxiv kinomateriallarini joylashtirish uchun O‘zbekfilm milliy onlayn platformasi ishga tushiriladi. Shuningdek, mamlakatdagi barcha kinoteatrlar yagona kinchipta hisobini yuritish tizimiga ulanadi. Har ikki tizim 2028-yil 1-yanvargacha ishga tushirilishi belgilangan. Bu Prezidentning zamonaviy kinoindustriyani rivojlantirishga oid farmonida nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, Madaniyat vazirligi markaziy apparati tarkibida Kinosan’at departamenti tashkil etiladi. U kino sohasi rivoji bilan bog‘liq masalalar bilan shug‘ullanadi.
Davlat hisobidan suratga olingan filmlar O‘zbekfilmga bepul joylashtiriladi
2028-yil 1-yanvardan davlat mablag‘lari hisobidan suratga olingan barcha filmlar, shuningdek, davlat kinoarxivlaridagi materiallar raqamli formatda platformaga topshiriladi. Ularni joylashtirish uchun haq olinmaydi.
Xususiy kinostudiyalar va mualliflar ham o‘z asarlarini platformaga shartnoma asosida joylashtirishi mumkin.
Barcha kinoteatrlar yagona chipta tizimiga ulanadi
2028-yil 1-yanvargacha kinobiletlar hisobini yuritish bo‘yicha yagona axborot tizimi yaratiladi. Shu sanadan boshlab barcha kinoteatrlar va film namoyishi bilan shug‘ullanuvchi boshqa tashkilotlar unga ulanishi shart bo‘ladi.
Tizim kinoseanslar, sotilgan chiptalar soni va tushum haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida avtomatik ravishda yig‘adi.
Filmlarga «Umummilliy kinoloyiha» maqomi beriladi
Farmonda «Umummilliy kinoloyiha» maqomini joriy etish ham nazarda tutilgan. Bunday maqom O‘zbekistonning milliy qadriyatlari, tarixi va zamonaviy yutuqlarini xalqaro maydonda targ‘ib qilishda alohida ahamiyatga ega bo‘lgan filmlarga beriladi.
Maqomni berish to‘g‘risidagi qarorni Milliy kinematografiya agentligi taklifiga binoan Madaniyat vazirligi qabul qiladi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

O‘zbekistonning to‘rtta viloyatida yangi tuman hokimlari tayinlandi

Shavkat Mirziyoyev Iordaniyaga parvoz vaqtida nabirasiga maktub yozdi

Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan davlat tashrifi bilan Iordaniyaga yetib bordi

Toshkent va Kensoy o‘rtasida 158-sonli avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi
