Yangiliklar/Siyosat

Ijtimoiy himoya tizimidagi buxgalter va kadrlar inspektorlariga 120 foizgacha ustama belgilanadi

Siyosat 23 noyabr, 16:12
 Ijtimoiy himoya tizimidagi buxgalter va kadrlar inspektorlariga 120 foizgacha ustama belgilanadi

O‘zbekistonda Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi ta’lim muassasalarining ayrim xodimlari uchun yangi mehnatga haq to‘lash shartlari tasdiqlandi.

Agentlik direktorining buyrug‘i Adliya vazirligida 16-noyabr kuni 3975-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi. Hujjat 17-noyabrdan kuchga kirdi.

Buyruq bosh va yetakchi buxgalterlar, buxgalterlar hamda kadrlar bo‘yicha inspektorlarning tarif razryadlari va ko‘p yillik xizmati uchun har oylik ustamalarini belgilaydi.

Ustama lavozim maoshiga qo‘shib hisoblanadi:

  • 1 yildan 3 yilgacha staj uchun — 30 foiz;
  • 3 yildan 5 yilgacha — 60 foiz;
  • 5 yildan 10 yilgacha — 80 foiz;
  • 10 yildan 15 yilgacha — 100 foiz;
  • 15 yil va undan ortiq staj uchun — 120 foiz.

Masalan, xodimning lavozim maoshi 4 mln so‘m, staji esa 5 yildan 10 yilgacha bo‘lsa, unga 3,2 mln so‘m ustama hisoblanadi. Bunda soliq va boshqa ushlanmalardan oldingi jami to‘lov 7,2 mln so‘mni tashkil etadi.

Ustama qaysi muassasalarda to‘lanadi?

Yangi tartib quyidagi muassasalardagi buxgalter va kadrlar bo‘yicha inspektorlarga tatbiq etiladi:

  • reabilitatsiya markaziga ega davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
  • ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan va kombinatsiyalashgan turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
  • eksperimental maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
  • ixtisoslashtirilgan maktablar;
  • ko‘p funksiyali inklyuziv-resurs maktablari;
  • ko‘p tarmoqli maktablar va maktab-internatlar;
  • ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar;
  • maxsus texnikumlar;
  • ko‘p funksiyali inklyuziv-resurs markazi.

Ustama ushbu muassasalarning barcha xodimlariga berilmaydi. Hujjat faqat bosh va yetakchi buxgalterlar, buxgalterlar hamda kadrlar bo‘yicha inspektorlarni qamrab oladi.

E’lon qilingan shkala bo‘yicha bir yildan kam ish stajiga ega xodimlar uchun ustama ko‘rsatilmagan. Stajni hisoblash tartibi va har bir lavozim uchun tarif razryadlari buyruq ilovalarida belgilanadi.

1350

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→