Yangiliklar/Jamiyat

Toshkentda yo‘lga tushiriladigan yorug‘ «zebra» sinovdan o‘tkazilmoqda

Jamiyat 23 noyabr, 10:30
 Toshkentda yo‘lga tushiriladigan yorug‘ «zebra» sinovdan o‘tkazilmoqda

Toshkentda yo‘l qoplamasiga yorug‘lik yordamida tushiriladigan piyodalar o‘tish joyi sinovdan o‘tkazilmoqda. Birinchi proyeksion «zebra» Qumariq ko‘chasida o‘rnatildi, deb xabar berdi Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi.

Texnologiya hozircha tajriba tariqasida qo‘llanmoqda. Markaz proyeksiyaning turli ob-havo sharoitlarida qanday ishlashini tekshiradi. Sinov muddati, uskunaning narxi va samaradorlikni baholash mezonlari ochiqlanmagan.

An’anaviy «zebra» yo‘lga bo‘yoq bilan chizilsa, yangi tizim chiziqlarni proyektorlar orqali asfaltga tushiradi. YHTEMga ko‘ra, bunday belgi tunda, yomg‘ir va tuman paytida yaxshiroq ko‘rinadi.

Yorug‘lik tasviri avtomobil g‘ildiraklari ta’sirida o‘chib ketmaydi va uni muntazam ravishda qayta bo‘yash talab etilmaydi. Markaz proyeksion o‘tish joyi haydovchilarga «zebra»ni uzoqroq masofadan ko‘rib, tezlikni oldindan pasaytirish imkonini berishini kutmoqda.

Yorqin «zebra» piyodaning o‘zini ko‘rinadigan qilmaydi

Proyeksiya yo‘ldagi chiziqlarni ajratib ko‘rsatadi, ammo yo‘l chetida turgan yoki o‘tish joyiga yaqinlashayotgan piyodani alohida yoritmaydi.

YHTEM e’lon qilgan videoda Qumariq ko‘chasidagi «zebra»ning o‘zi yorqin ko‘rinadi, piyodalar yo‘laklari va o‘tish joyiga olib boradigan qismlar esa ancha qorong‘i. Haydovchi odamni faqat u qatnov qismiga chiqqanidan keyin ko‘rishi xavfi mavjud.

Yorug‘ chiziqlar piyodaning qiyofasi bilan vizual jihatdan qo‘shilib ketishi ham mumkin. Bu, ayniqsa, qora kiyimdagi yoki «zebra» chetidan o‘tayotgan odamlarni ko‘rishni qiyinlashtiradi.

Qumariq ko‘chasidagi o‘tish joyi svetofor bilan tartibga solinmagan. Yo‘lning har ikki yo‘nalishida ikkitadan harakatlanish qatori bor. Bunday yo‘lda bir qatorda to‘xtagan avtomobil ikkinchi qatordagi haydovchiga piyodani ko‘rishga xalaqit berishi mumkin.

Proyeksiya bunday xavflarni bartaraf etmaydi va avtomobillar tezligini jismonan cheklamaydi. Shu sababli uni piyodalar xavfsizligini ta’minlaydigan asosiy yechim emas, balki qo‘shimcha vosita sifatida baholash kerak.

1140

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→