Yangiliklar/Siyosat

Adliya vazirligi yangilangan o‘zbek alifbosiga o‘tish rejasi loyihasini e’lon qildi

Siyosat 22 noyabr, 13:25
Adliya vazirligi yangilangan o‘zbek alifbosiga o‘tish rejasi loyihasini e’lon qildi

Adliya vazirligi yangilangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini e’lon qildi. Hujjatda nimani va qachon o‘zgartirish kerakligi batafsil bayon etilgan. Mazkur loyiha jamoatchilik muhokamasida bo‘lib, chora-tadbirlar va muddatlarga hali aniqlik kiritilishi mumkin.

Alifboning o‘zi prezident oktabr oyida imzolagan qonun bilan mustahkamlangan. U 2027-yil 22-apreldan kuchga kiradi. Lotin yozuviga asoslangan alifbo 28 ta harf va tutuq belgisidan (apostrof) iborat. Sh, Ch, Oʻ va Gʻ harf birikmalari alohida Ş, Ç, Ö va Ğ belgilari bilan almashtiriladi, Ng birikmasi esa alohida birlik bo‘lmaydi. Qonunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi ikki oy ichida o‘tish dasturini tasdiqlashi kerak edi va qaror loyihasi aynan shu dasturni tavsiflaydi.

Hujjatlar. Avvalgi qoidalar bo‘yicha berilgan pasportlar, ID-kartalar va boshqa hujjatlar o‘z yuridik kuchini saqlab qoladi. Ism va familiya yozilishidagi farq tufayli davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yoki hujjatlarni qabul qilishni rad etish taqiqlanadi. Yangi hujjatlar yangi alifbo bo‘yicha rasmiylashtiriladi, eski blankalardan esa 2028-yil 1-yanvargacha foydalanishga ruxsat beriladi. Domenlar, elektron pochta, loginlar, hisob raqamlari va shartnomalarni o‘zgartirishga to‘g‘ri kelmaydi. Biometrik hujjatlarning mashinada o‘qiladigan zonasida ismlarni transliteratsiya qilish qoidalari ICAO Doc 9303 xalqaro standarti bo‘yicha qayta ko‘rib chiqiladi.

Davlat organlari va OAV. Qonun kuchga kirgandan so‘ng OAV va matbaa mahsulotlari faqat yangi alifboda chop etilishi lozim. Davlat organlari va yuridik shaxslarning rasmiy hujjatlari hamda ish yozishmalari ham unga o‘tkaziladi. Vazirliklar, idoralar va hokimliklar bir oy ichida o‘tish bo‘yicha o‘z rejalarini tasdiqlaydi. Qonun kuchga kirguniga qadar tashkilotlarga ish yuritishni yangi qoidalar asosida olib borish tavsiya etiladi.

Maktablar va bolalar bog‘chalari. 1–11-sinflar uchun darsliklar 2027–2031-yillarda qayta nashr etiladi, birinchi sinf o‘quvchilari 2027/2028-o‘quv yilidan yangi darsliklar asosida o‘qiydi. 2028-yil 1-avgustgacha 5–11-sinf o‘quvchilari uchun imlo savodxonligini baholash mezonlari yumshatiladi. Bolalar bog‘chalari uchun yangi alifbe kitoblari, plakatlar, audioertaklar va «Alifbo bo‘ylab sayohat» mobil o‘yini tayyorlanadi, 2027-yilda esa «Sehrli harflar sarguzashtlari» multserialini yaratish rejalashtirilgan.

Raqamli muhit. OneID va my.gov.uz tizimlari yangi alifboga moslashtiriladi. O‘zbek tilining Unicode raqamli standartini hamda Android, iOS, macOS va Windows operatsion tizimlari uchun yagona klaviatura terilmasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. 2026–2027-yillarda xalqaro sun’iy intellekt tizimlari ishlab chiquvchilariga, jumladan OpenAI, Google, Anthropic, xAI, DeepSeek va Meta kompaniyalariga o‘z mahsulotlarini yangi alifboga moslashtirish iltimosi bilan murojaatlar yo‘llash ko‘zda tutilgan.

Biznes va reklama. Qadoqlar va yorliqlar uchun o‘tish davri nazarda tutilgan. 2027-yil 22-apreldan 2028-yil 22-aprelgacha ikkala alifbodan ham foydalanish mumkin. 2028-yil 22-apreldan bosmaxonaga beriladigan yangi buyurtmalar faqat yangi alifboda rasmiylashtiriladi, eski qadoq qoldiqlaridan esa 2029-yil 22-aprelgacha foydalanishga ruxsat beriladi. Peshlavhalar, tashqi reklama va ko‘rsatkichlar 2027-yildan boshlab bosqichma-bosqich yangilanadi.

Qoidalar va lug‘atlar. Yangi imlo qoidalarini 2026-yil dekabr oyida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish va 2027-yil yanvar oyida Vazirlar Mahkamasiga kiritish rejalashtirilgan. Tinish belgilari (punktuatsiya) qoidalari 2027-yil fevral oyigacha tayyorlanadi. 2027–2028-yillarda ikki jildli «Yangi imlo lug‘ati» va o‘n jildli izohli lug‘at nashr etiladi. 2027-yildan boshlab davlat xizmatchilari uchun ommaviy diktantlar o‘tkaziladi.

1180

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→