Yangiliklar/Ekologiya

O‘zbekistonda +29 darajali issiqdan so‘ng havo soviydi

Ekologiya 23 noyabr, 14:09
 O‘zbekistonda +29 darajali issiqdan so‘ng havo soviydi

Hafta boshida O‘zbekiston hududiga Turkmaniston tomondan iliq havo kirib keladi. Shu sababli 23-noyabr kuni kuz oxiri uchun noodatiy issiq ob-havo kuzatiladi.

Janubiy viloyatlarda harorat +29 darajagacha, Buxoro va Navoiy viloyatlarida +27 darajagacha ko‘tariladi. Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida ham kunduzi +27 darajagacha iliq bo‘lishi kutilmoqda.

Farg‘ona vodiysi va tog‘li hududlarda harorat +18 daraja atrofida bo‘ladi.

Sovish 24-noyabrdan boshlanadi

24-noyabr kuni dastlab shimoliy hududlarda havo soviy boshlaydi. 25–28-noyabr kunlari salqin havo mamlakatning boshqa viloyatlariga ham tarqaladi.

Hafta oxiriga kelib kunduzgi harorat:

  • shimoliy hududlarda +5…+10 daraja;
  • markaziy viloyatlarda +8…+13 daraja;
  • janubda +12…+17 daraja;
  • Farg‘ona vodiysida +8…+13 daraja bo‘ladi.

Tunda shimolda harorat −3 darajagacha, tog‘li hududlarda esa −5 darajagacha pasayishi mumkin.

Shunga qaramay, haftalik o‘rtacha harorat noyabr oxiri uchun odatiy ko‘rsatkichlardan yuqoriligicha qoladi.

Toshkentda 24-noyabr kuni yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Kechasi +11…+13 daraja, kunduzi +15…+17 daraja bo‘lishi kutilmoqda.

Ayrim hududlarda yomg‘ir va qor yog‘adi

Hafta boshida Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Toshkent va Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida ham yog‘ingarchilik kutilmoqda.

Tog‘larda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir va qor yog‘adi. Mamlakatning qolgan hududlarida hafta asosan quruq o‘tadi.

Ayrim joylarda shamol tezligi sekundiga 13–18 metrgacha kuchayadi. Shamol chang-to‘zon va ko‘rish masofasining qisqarishiga olib kelishi mumkin. Tog‘li hududlarda shamol tezligi sekundiga 15–20 metrga yetishi ehtimoli bor.

Toshkentda PM2,5 miqdori oshishi mumkin

27–30-noyabr kunlari Toshkentda harorat inversiyasi kuchayishi kutilmoqda. Bunday sharoitda atmosfera havosi yaxshi aralashmaydi va ifloslantiruvchi moddalar yer sathiga yaqin qatlamda to‘planadi.

Vaziyatga shamolning sustligi va isitish mavsumidagi chiqindilar ham ta’sir qilishi mumkin. PM2,5 zarrachalari miqdorining oshish xavfi, ayniqsa, kechki va tungi vaqtda yuqori bo‘ladi.

27–28-noyabr kunlari poytaxtda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol tezligi sekundiga 0,5–1,5 metrni tashkil etadi. Kechasi +4…+5 daraja, kunduzi +10…+12 daraja bo‘lishi, ayrim joylarga tuman tushishi mumkin.

830

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→