O‘zbekiston diplomlarini xorijda tan olish osonlashadi

Oliy ta’limga oid malakalarni tan olish bo‘yicha YUNESKO Global konvensiyasi 2026-yil 3-martdan O‘zbekiston uchun kuchga kirdi. O‘zbekiston hujjatga qo‘shilgan Markaziy Osiyodagi birinchi davlat bo‘ldi.
Konvensiya ishtirokchi davlatlarda berilgan diplomlarni tan olishning umumiy tamoyillarini belgilaydi. Endi O‘zbekiston oliygohlari bitiruvchilari o‘z malakasini hujjatga qo‘shilgan boshqa davlatlarda tan oldirish uchun murojaat qilishi mumkin. O‘zbekiston ham ushbu mamlakatlarda berilgan diplomlarni shu tamoyillar asosida ko‘rib chiqadi.
Bu diplomlar avtomatik ravishda tan olinadi, degani emas. Har bir davlat o‘z tartibini saqlab qoladi va diplomning haqiqiyligi, oliygohning maqomi, ta’lim dasturining akkreditatsiyasi hamda o‘qish mazmunini tekshirishi mumkin.
Konvensiyani 42 davlat ratifikatsiya qilgan
Bilim va malakalarni baholash agentligining 2025-yil noyabrdagi ma’lumotida konvensiyaning 38 ta ishtirokchisi ko‘rsatilgan edi. YUNESKO ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil iyuliga kelib hujjatni ratifikatsiya qilgan davlatlar soni 42 taga yetgan.
Ular orasida Buyuk Britaniya, Fransiya, Finlandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Mo‘g‘uliston, Avstraliya va Yangi Zelandiya bor.
Armaniston, Gruziya, Moldova, Ruminiya, Estoniya, Litva, Janubiy Afrika Respublikasi, Tunis, Senegal, Kuba va Ekvador ham konvensiyaga qo‘shilgan.
Ishtirokchilar ro‘yxati kengayib bormoqda. Diplomni tan oldirishdan oldin tanlangan davlat konvensiyani ratifikatsiya qilgani va hujjat u yerda kuchga kirganini tekshirish kerak.
Diplomni tan oldirish uchun qanday hujjatlar kerak
Konvensiya qabul qiluvchi davlatning vakolatli organiga murojaat qilish talabini bekor qilmaydi. Bitiruvchidan quyidagi hujjatlar so‘ralishi mumkin:
- diplom va uning ilovasi;
- hujjatlarning rasmiy tarjimasi;
- apostil yoki legalizatsiya;
- oliygoh va ta’lim dasturi akkreditatsiyasini tasdiqlovchi ma’lumot;
- ta’lim shakli va davomiyligi haqidagi hujjatlar.
Ayrim kasblar uchun qo‘shimcha talablar saqlanadi. Masalan, tibbiyot, farmatsiya yoki huquq sohasidagi diplomning tan olinishi darhol ishlash huquqini bermasligi mumkin. Bunday hollarda kasbiy imtihon, ro‘yxatdan o‘tish yoki litsenziya talab qilinadi.
Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari diplomlari-chi?
Konvensiyaga qo‘shilish Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda berilgan diplomlarni O‘zbekistonda tan olish tartibini o‘zgartirmaydi. Bu davlatlar agentlik e’lon qilgan ishtirokchilar ro‘yxatiga kirmagan.
Ularning diplomlari O‘zbekiston qonunchiligi asosida ko‘rib chiqiladi. Hujjat qonunchilikda belgilangan to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olish toifasiga kirsa yoki davlatlar o‘rtasida alohida bitim bo‘lsa, soddalashtirilgan tartib qo‘llanishi mumkin.
Bilim va malakalarni baholash agentligi Markaziy Osiyo davlatlari diplomlarni imtihonsiz o‘zaro tan olishga kelishgani haqidagi xabarlarni avvalroq rad etgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev konvensiyani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni 2025-yil 11-noyabrda imzolagan.
Ratifikatsiya yorlig‘i 3-dekabrda YUNESKOga topshirilgan. Konvensiya shartlariga ko‘ra, hujjat yangi ishtirokchi uchun uch oydan keyin kuchga kiradi. O‘zbekiston uchun bu muddat 2026-yil 3-martda yakunlangan.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

O‘zbekistonda +29 darajali issiqdan so‘ng havo soviydi

Markaziy bank: alifbo yangilanishi sababli pullarni almashtirish shart emas

Toshkentda yo‘lga tushiriladigan yorug‘ «zebra» sinovdan o‘tkazilmoqda

Shavkat Mirziyoyev Iordaniyaga tashrif buyuradi
