Xalqaro brendlarni Samarqand, Buxoro va Xivaga jalb qilish rejalashtirilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand, Buxoro va Xivaga xalqaro savdo hamda xizmat ko‘rsatish brendlarini jalb qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Bunda Tashkent City Mall tajribasidan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Toshkentdagi savdo markazida 50 dan ortiq xalqaro brend faoliyat yuritadi. Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ularning jalb etilishi qo‘shni mamlakatlardan kelayotgan xaridorlar sonini oshirgan.
Qaysi kompaniyalar Samarqand, Buxoro va Xivada do‘kon yoki boshqa obyektlar ochishi hozircha ma’lum emas. Loyihalarning manzili, shakli va amalga oshirish muddati ham ochiqlanmagan.
Topshiriq turizm va qurilish sohalarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda berildi. Unda turistik shaharlarga faqat mehmonxona va tarixiy obidalar yetarli emasligi, mehmonlarni yil davomida jalb qilish uchun savdo, ovqatlanish va ko‘ngilochar xizmatlarni ham kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Turizm loyihalariga yana 5 ming gektar yer ajratiladi
Turizm uchun qulay hududlarda hozirgacha 1,2 ming gektar yer zaxiraga olingan. Hokimlarga tadbirkorlarning yangi loyihalari uchun yana 5 ming gektar yer ajratish topshirildi.
Yer uchastkalari yo‘l, elektr energiyasi, ichimlik suvi, kanalizatsiya va boshqa zarur infratuzilma bilan ta’minlanishi kerak.
2026-yil boshidan turizm infratuzilmasini rivojlantirish uchun 2 trillion so‘m ajratilgan. Hududlar bu mablag‘lardan investorlar uchun tayyor maydonlar yaratishda foydalanishi lozim.
11 milliard dollarlik loyihalar bo‘yicha ishlar boshlanadi
Hududlarda umumiy qiymati 11 milliard dollar bo‘lgan turizm loyihalari tayyorlangan. Prezident ular bo‘yicha amaliy ishlarni bir oy ichida boshlashni topshirdi.
Har bir viloyat rahbariyati uchun investitsiya jalb qilish bo‘yicha alohida ko‘rsatkichlar belgilanadi. Loyihalarning to‘liq ro‘yxati, moliyalashtirish manbalari va yakunlash muddatlari hozircha e’lon qilinmagan.
25–27-noyabr kunlari Toshkentda turizm sohasidagi birinchi xalqaro investitsiya forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda 100 dan ortiq yirik investor qatnashishi kutilmoqda.
Hokimlarga forumga shahar va tumanlarning turizm imkoniyatlari bo‘yicha taqdimotlar tayyorlash topshirildi. Investorlarga umumiy ma’lumotlar emas, infratuzilmasi, yer maydoni va amalga oshirish shartlari aniq ko‘rsatilgan loyihalar taklif qilinishi kerak.
Xalqaro tadbirlar soni oshiriladi
Vazirliklar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonda har yili kamida uch-to‘rtta xalqaro forum, konferensiya yoki ko‘rgazma tashkil etishi lozim.
Bosh vazir Abdulla Aripovga xalqaro tadbirlarning ikki yillik rejasini tasdiqlash va ularni o‘tkazish tartibini soddalashtirish topshirildi.
Bunday tadbirlar mehmonxona, restoran va transport xizmatlariga turizm mavsumidan tashqari davrda ham talab yaratadi. Bundan tashqari, konferensiya zallari, tarjimonlar, texnik xizmatlar va tadbir tashkilotchilari uchun yangi buyurtmalar paydo bo‘ladi.
Hukumat turizmning keyingi o‘sishini nafaqat mehmonxonalar sonini oshirish, balki sayohatchilar safar davomida foydalanadigan xizmatlarni ko‘paytirish bilan bog‘lamoqda.
Avvalroq 2030-yilgacha O‘zbekistonga keladigan xorijiy sayyohlar sonini 20 millionga yetkazish maqsadi belgilangandi. 2026–2027-yillarda hududlarda 31 ta turizm master-rejasini amalga oshirishni boshlash va 40 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Shavkat Mirziyoyev Iordaniyaga tashrif buyuradi

Adliya vazirligi yangilangan o‘zbek alifbosiga o‘tish rejasi loyihasini e’lon qildi

O‘zbekistonda kasallanganlar soni 20 foizga yetsa, maktab sinflari va bog‘cha guruhlari karantinga yopiladi

21–24-noyabr kunlari O‘zbekistonda ob-havo
