Shavkat Mirziyoyev Parkentga yangi elektropoyezdda bordi

Toshkent–Parkent yo‘nalishida elektropoyezd qatnovi sentabr oyida yo‘lga qo‘yilgan. Yo‘nalishning umumiy uzunligi 57,6 kilometr bo‘lib, poyezd manzilga 1 soat 13 daqiqada yetib boradi.
Prezident Parkentga shu yo‘nalishda qatnaydigan olti vagonli EP3D elektropoyezdida keldi. Poyezd 586 yo‘lovchiga mo‘ljallangan va soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.
Yo‘l haqi 10 ming so‘m etib belgilangan. Prezident matbuot xizmatining hisob-kitobiga ko‘ra, bu Toshkentdan Parkentga taksida borishning o‘rtacha narxidan 2,5 baravar arzon.
Yo‘nalishda kuniga 2 ming nafargacha, yiliga esa 300 ming yo‘lovchini tashish mumkin.
Prezident Parkentdagi yangi vokzalni ko‘zdan kechirdi
Toshkent va Parkentni temir yo‘l orqali bog‘lash uchun Baytqo‘rg‘on–Parkent oralig‘ida 24 kilometrlik elektrlashtirilgan liniya qurildi. Loyihaning qiymati 535,4 milliard so‘mni tashkil etdi.
Qurilish doirasida yangi bekat, uchta ko‘prik, avtomobil yo‘l o‘tkazgichi, 77 ta suv o‘tkazish inshooti hamda 16 ta avtomobil va temir yo‘l kesishmasi barpo etildi. Shuningdek, 24 kilometrlik kontakt tarmog‘i va elektr uzatish liniyasi tortildi. Loyiha hisobidan 40 ta ish o‘rni yaratildi.
Elektropoyezd vagonlari iqlim nazorati tizimi, USB quvvatlash nuqtalari, bepul Wi-Fi va elektron axborot tablolari bilan jihozlangan. Nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun ko‘targichlar va moslashtirilgan joylar, velosipedlarni olib yurish uchun esa maxsus mahkamlagichlar o‘rnatilgan.
Videokuzatuv tizimi va to‘qnashuv paytida zarba kuchini kamaytiradigan qurilmalar ham ko‘zda tutilgan.
Shavkat Mirziyoyev Parkent vokzalini ko‘zdan kechirib, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, qatnovlarni samarali tashkil etish va temir yo‘l bo‘yidagi hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Toshkent viloyatining iqtisodiy imkoniyatlari muhokama qilindi
Elektropoyezddagi safar davomida Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyatidan foydalanish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Prezident yer resurslaridan samarali foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi va mahsulotlarni qayta ishlashni kengaytirish imkoniyatlariga e’tibor qaratdi. Ushbu yo‘nalishlarning salohiyatini kamida ikki baravar oshirish mumkinligi qayd etildi.
Yangi temir yo‘l Parkent aholisi uchun poytaxtga qatnovni yengillashtirishi bilan birga tumandagi turizm va xizmat ko‘rsatish sohalariga ham ta’sir qilishi kutilmoqda.
Toshkentdan arzonroq va muntazam transport qatnovining yo‘lga qo‘yilishi mehmonxonalar, restoranlar, sayyohlik yo‘nalishlari, savdo va mahalliy transport xizmatlariga talabni oshirishi mumkin.
Prezident Kumushkondagi Silver Valley majmuasiga bordi
Safarning navbatdagi manzili Parkent tumanining Kumushkon mahallasidagi Silver Valley oilaviy dam olish majmuasi bo‘ldi.
Majmua 29,5 gektar maydonda joylashgan. Loyihaning umumiy qiymati 148,5 milliard so‘mni tashkil etadi. U to‘liq ishga tushgach, 200 ta ish o‘rni yaratish va kuniga 2,7 ming nafargacha mehmonni qabul qilish rejalashtirilgan.
Hududda umumiy sig‘imi 120 kishilik 12 ta shale uy, 300 o‘rinli restoran, 200 kishiga mo‘ljallangan 12 ta o‘tov-restoran, 100 o‘rinli terrasa-kafe va to‘rtta SPA majmuasi qurilgan.
Mehmonlar uchun sayr yo‘lagi, vorkaut hududlari, ziplayn, tyubing, yozgi kinoteatr hamda o‘nta attraksiondan iborat ko‘ngilochar maydon tashkil etilgan.
Shavkat Mirziyoyev majmuadagi xizmatlarda mahalliy mahsulotlardan foydalanish va Parkentdagi tadbirkorlarni turizm loyihalariga jalb etish zarurligini aytdi.
Prezident sayyohlarning tumanda uzoqroq qolishiga yordam beradigan qo‘shimcha xizmatlarni ko‘paytirish, mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish va shunday dam olish maskanlarini boshqa tog‘li hududlarda ham tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aholi daromadining oshishi oilaviy dam olish joylariga talabni ko‘paytirmoqda. Bunday loyihalar sayyohlar oqimini oshirish bilan cheklanmay, mahalliy aholiga ish va tadbirkorlik imkoniyatlarini ham yaratishi kerak.
Prezidentning Parkentga safari davomida yangi temir yo‘l va turizm majmuasi o‘zaro bog‘liq ikki loyiha sifatida ko‘rsatildi. Elektropoyezd tumanga borishni osonlashtirsa, turizm infratuzilmasi kelayotgan mehmonlarga xizmat ko‘rsatish va ular hisobidan mahalliy daromadni oshirishga qaratilgan.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Shavkat Mirziyoyev Iordaniyaga tashrif buyuradi

Adliya vazirligi yangilangan o‘zbek alifbosiga o‘tish rejasi loyihasini e’lon qildi

O‘zbekistonda kasallanganlar soni 20 foizga yetsa, maktab sinflari va bog‘cha guruhlari karantinga yopiladi

21–24-noyabr kunlari O‘zbekistonda ob-havo
