Yangiliklar/Siyosat

O‘zbekistonda xorijliklar uchun vaqtincha saqlash markazlari ochilishi mumkin

Siyosat 20 noyabr, 10:32
 O‘zbekistonda xorijliklar uchun vaqtincha saqlash markazlari ochilishi mumkin

O‘zbekistonda mamlakatdan chiqarib yuborilishi lozim bo‘lgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun maxsus markazlar tashkil etish taklif qilindi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi SOVAZ portalida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Markazlar Ichki ishlar vazirligining Migratsiya va personallashtirish departamenti tizimida faoliyat yuritadi. Birinchi muassasani 2027-yilda Toshkentda ochish rejalashtirilgan.

2028–2030-yillarda Samarqand, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida ham shunday markazlar tashkil etilishi mumkin.

Loyihada aytilishicha, muassasalar darhol deportatsiya qilish yoki chiqarib yuborish imkoni bo‘lmagan xorijliklarni vaqtincha saqlashga mo‘ljallangan. Markazlar, shuningdek, huquqbuzarliklar, jinoyatlar va davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga urinishlarning oldini olishga xizmat qilishi kerak.

Markazga faqat sud qarori bilan joylashtiriladi

Markazlar xorijliklarni tun-u kun qabul qiladi. Biroq shaxsni u yerga joylashtirish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha tuman yoki shahar sudining ajrimi talab etiladi.

Ichki ishlar organining iltimosnomasini sud 24 soat ichida ko‘rib chiqishi kerak.

Xorijlik quyidagi holatlarda markazga joylashtirilishi mumkin:

  • shaxsni tasdiqlovchi hujjati bo‘lmasa yoki hujjatning amal qilish muddati tugagan bo‘lsa;
  • ma’muriy tarzda chiqarib yuborish haqidagi sud qaroriga qaramay, O‘zbekistondan ketishdan bo‘yin tovlasa;
  • uning mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilib, o‘n kun ichida ixtiyoriy ravishda chiqib ketmasa va darhol deportatsiya qilishning imkoni bo‘lmasa;
  • O‘zbekistonga taklif qilgan shaxs yoki tashkilot bilan aloqa uzilgan bo‘lsa;
  • huquqbuzarlik kechki payt, dam olish yoki bayram kunida sodir etilib, sudga tezkor murojaat qilishning imkoni bo‘lmasa.

Markazda saqlashning asosiy muddati 90 kun etib belgilanmoqda. Shaxsning kimligini aniqlash, hujjatlarini rasmiylashtirish yoki jo‘nab ketishini tashkil etish uchun ko‘proq vaqt talab qilinsa, muddat uzaytirilishi mumkin. Biroq markazda saqlashning umumiy muddati bir yildan oshmasligi kerak.

Bir kishi uchun ajratiladigan yashash maydoni kamida 2,5 kvadrat metr bo‘lishi kerak. Ayollar va voyaga yetmaganlar uchun bu ko‘rsatkich 3 kvadrat metrni tashkil etadi.

Homilador ayollar, bolali ayollar hamda yuqumli kasallikka chalingan shaxslar uchun kamida 4 kvadrat metr maydon ajratiladi.

Markazlarda chekuvchilar va chekmaydiganlar uchun alohida joylar, shuningdek, yuqumli kasalligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus xonalar bo‘lishi kerak.

Muassasalarda kutubxona, ma’naviyat xonasi, voleybol va basketbol maydonchalari hamda trenajyorlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Kun tartibida sakkiz soatlik tungi uyqu, har kungi sayr va IIV me’yorlari bo‘yicha uch mahal issiq ovqatlanish ko‘zda tutiladi. Markazda saqlanayotgan shaxslarga ibodat qilish va diniy marosimlarni ado etishga ruxsat beriladi.

Telefon va qimmatbaho buyumlar saqlashga topshiriladi

Markazga kelgan har bir shaxs tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, suratga olinadi va uning barmoq izlari qayd etiladi. Kiyim hamda shaxsiy buyumlar dezinfeksiya qilinadi.

Pul, qimmatbaho buyumlar, soat va mobil telefonlar markazdan chiqish vaqtigacha saqlashga topshiriladi. Suratga olish, video yozish yoki ovoz qayd etish imkonini beruvchi boshqa qurilmalardan ham foydalanish taqiqlanadi.

Markazga sanchuvchi va kesuvchi buyumlar, ko‘zgu, o‘yin kartalari, alkogol, tarkibida spirt bo‘lgan atir-upa mahsulotlari va xamirturush olib kirish mumkin bo‘lmaydi.

Tayyorlash yoki isitish talab etiladigan uy taomlari ham qabul qilinmaydi. Zarur dori vositalari shifokor tavsiyasi asosida tibbiyot punkti orqali beriladi.

Xorijliklar qanday huquqlarga ega bo‘ladi

Markazda saqlanayotgan shaxsga advokat, yaqin qarindosh yoki o‘z mamlakatining diplomatik vakolatxonasi bilan bog‘lanish uchun bir marta bepul telefon qo‘ng‘irog‘i qilish imkoniyati beriladi. Pulli qo‘ng‘iroqlar sonini cheklash rejalashtirilmagan.

Xorijlik advokat va tarjimon xizmatidan foydalanishi, qarindoshlari hamda elchixona vakillari bilan uchrashishi mumkin. Diplomatlar bilan uchrashuv haqida Tashqi ishlar vazirligi oldindan xabardor qilinadi.

Markazlarga inson huquqlari va bolalar huquqlari bo‘yicha vakillar, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz xodimlari hamda nazorat qiluvchi prokuror istalgan vaqtda kirishi mumkin bo‘ladi.

Tibbiy ko‘rik paytida shaxs tanasida jarohat aniqlansa, tibbiyot xodimlari bu haqda darhol prokurorga xabar berishi shart.

Markaz xodimlari xorijlikning shaxsini aniqlashi va vatanga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirishi kerak bo‘ladi. Shundan so‘ng Tashqi ishlar vazirligi orqali uni fuqaroligi yoki doimiy yashash mamlakatiga jo‘natish tashkil etiladi.

Agar xorijlikda yo‘l xarajatlarini to‘lash uchun pul bo‘lmasa, markazning so‘roviga ko‘ra chipta mahalliy budjet hisobidan xarid qilinishi mumkin.

Tekshiruv vaqtida shaxs qidiruvda ekani yoki jinoyatga aloqador bo‘lishi mumkinligi aniqlansa, u ichki ishlar organlariga topshiriladi.

Xorijliklar uchun majburiy tibbiy sug‘urta joriy etilishi mumkin

Qaror loyihasida O‘zbekistonga kirayotgan barcha xorijiy fuqarolar uchun majburiy tibbiy sug‘urta tartibini ishlab chiqish ham taklif etilgan. Bu qoida faqat deportatsiya qilinadigan yoki mamlakatdan chiqarib yuboriladigan shaxslarga taalluqli emas.

Hujjat qabul qilinsa, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi ikki oy ichida sug‘urta tartibini ishlab chiqishi kerak bo‘ladi.

Loyihaning hozirgi tahririda sug‘urta polisi qanday tekshirilishi ochiqlanmagan. Xususan, sug‘urtasi bo‘lmagan xorijlik mamlakatga kiritilmasligi yoki polisni chegara punktining o‘zida rasmiylashtirishi mumkinligi haqida aniq qoida yo‘q. Bu masalalar alohida tartibda belgilanishi kutilmoqda.

Sug‘urtasi bo‘lmagan xorijliklarga O‘zbekistonda tibbiy xizmatlar pulli asosda ko‘rsatilishi taklif etilgan.

Qaror loyihasi hali qabul qilinmagan. Undagi qoidalar jamoatchilik muhokamasi va idoralararo kelishuvlardan so‘ng o‘zgarishi mumkin.

3210

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→