Menni, Sid va Diego yangi «Muzlik davri» treylerida qaytdi

Dunyo 20 noyabr, 11:12
 Menni, Sid va Diego yangi «Muzlik davri» treylerida qaytdi

Yangi qismda Menni, Sid, Diego, Elli, Bak va ularning do‘stlari Xavfli yo‘qolgan dunyoning ilgari ko‘rsatilmagan hududlariga yo‘l oladi. Ularni dinozavrlar, faol vulqonlar va lava oqimlari orasidagi sarguzasht kutmoqda.

Treylerga ko‘ra, qahramonlar deyarli yo‘qolib ketgan jonzotning tuxumini faol vulqon tepasidagi uya hududiga yetkazishi kerak. Safar davomida vulqon ularni otilish kuchi bilan dinozavrlar yashaydigan makonga uloqtiradi.

Yong‘oq ortidan quvuvchi Skret ham yangi qismda paydo bo‘ladi. Bu safar unga Skretning bolasi va Yura davriga mansub ulkan Skret hamrohlik qiladi.

Asosiy qahramonlarga avvalgi filmlarda qatnashgan aktyorlar yana ovoz berdi. Rey Romano Menni, Jon Leguizamo Sid, Denis Liri Diego, Kuin Latifa Elli, Saymon Pegg esa Bak roliga qaytdi.

Ovoz beruvchilar tarkibiga Eshli Park, Josh Pek, Vinsent Tong, Adam Divayn va Koko Jons ham qo‘shildi. Skretni «Muzlik davri»ning ilk filmi ijodkorlaridan biri Kris Uej ovozlantirdi.

Filmga Jon Donkin rejissyorlik qildi. U 2022-yilda Disney+ platformasida namoyish etilgan «Muzlik davri: Bakning sarguzashtlari» spin-offini ham suratga olgan. Yangi kartinaning prodyuseri — turkumning avvalgi filmlari ustida ishlagan Lori Forte.

Asosiy turkum o‘n yildan keyin qaytmoqda

Birinchi «Muzlik davri» 2002-yilda namoyish etilgan. Multfilm tomoshabinlarni mamont Menni, yalqov Sid, qilich tishli yo‘lbars Diego va yong‘oq ortidan tinimsiz quvuvchi Skret bilan tanishtirgan.

Asosiy turkumning beshinchi filmi — «Muzlik davri: To‘qnashuv muqarrar» 2016-yilda kinoteatrlarga chiqqan. 2022-yilda namoyish etilgan «Bakning sarguzashtlari» esa alohida loyiha hisoblanadi va asosiy filmlar qatoriga kirmaydi.

«Qaynash nuqtasi» franshiza Disney tasarrufiga o‘tganidan keyin kinoteatrlarda chiqadigan birinchi «Muzlik davri» filmi bo‘ladi. Disney 2019-yilda 21st Century Fox’ning kino va televideniye aktivlarini sotib olgan.

Turkumning dastlabki besh qismini Blue Sky Studios yaratgan. Disney studiyani 2021-yilda yopdi. Oltinchi filmni 20th Century Animation ishlab chiqarmoqda.

2820

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→