Yangiliklar/Iqtisod

Betek Toshkent viloyatida 30 million dollarlik zavod quradi

Iqtisod 20 noyabr, 21:43
 Betek Toshkent viloyatida 30 million dollarlik zavod quradi

Betek kompaniyasining yangi zavodi Zangiota tumanida barpo etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Parkent tumanida investor va tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qildi.

Korxonaning qurilish muddati, ishlab chiqarish quvvati va mahsulot turlari hozircha ochiqlanmagan. Mahsulot qaysi brend ostida sotilishi haqida ham ma’lumot berilmadi.

Loyiha O‘zbekistonda asosan import qilinayotgan tayyor qurilish materiallarini mahalliylashtirish dasturining bir qismi bo‘ladi.

Mamlakat har yili 780 million dollarlik qurilish materiallarini xorijdan sotib oladi. Shundan 280 million dollari lok-bo‘yoq mahsulotlari va gulqog‘ozlarni ham o‘z ichiga olgan sakkiz turdagi tayyor mahsulot hissasiga to‘g‘ri keladi.

Prezident hududlar rahbarlariga ichki talabni o‘rganish, xalqaro brendlar bilan muzokara o‘tkazish va import qilinayotgan mahsulotlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalarni tayyorlashni topshirdi.

Ishlab chiqarish bor, ammo import saqlanib qolmoqda

O‘zbekiston korxonalari 161 turdagi qurilish materialiga bo‘lgan ichki talabni to‘liq qoplash imkoniyatiga ega.

Mamlakatda keramik plitka, qurilish oynasi, gazoblok, bazalt asosidagi qoplamalar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ayrim yo‘nalishlarda mavjud quvvat ichki ehtiyojdan ancha yuqori.

Masalan, mahalliy korxonalar O‘zbekiston bozoriga kerak bo‘lganidan uch baravar ko‘p keramik plitka ishlab chiqarishi mumkin. Shunga qaramay, mamlakat har yili 25 million dollarlik yirik o‘lchamli plitka import qiladi.

Bunga ishlab chiqarish hajmi emas, mahsulotning turi va sifati sabab bo‘lmoqda. Qurilish kompaniyalari va xaridorlar talab qilayotgan o‘lcham, dizayn hamda texnik xususiyatlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning barcha assortimentida mavjud emas.

Mahalliy mahsulotlarning tanilgan brendga ega emasligi ham import saqlanib qolishiga ta’sir qilmoqda. Prezident ishlab chiqaruvchilarga sifat, dizayn va raqobatbardoshlikni oshirish vazifasini qo‘ydi.

Sohaga o‘n yilda 12 milliard dollar kiritildi

So‘nggi o‘n yil ichida O‘zbekistonning qurilish materiallari sanoatiga 12 milliard dollar investitsiya yo‘naltirildi. Shu davrda 5 mingdan ortiq yangi korxona ishga tushdi.

2026-yil yakunida ishlab chiqarish hajmi 65 trillion so‘mga yetishi kutilmoqda. 2016-yilda bu ko‘rsatkich 7 trillion so‘m edi.

Qurilish materiallari eksporti o‘n yil oldingi 75 million dollardan 1,5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Hukumat yaqin yillarda eksportni 5 milliard dollargacha oshirish imkoniyati bor deb hisoblamoqda.

Buning uchun korxonalar yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishi, sifat va dizaynni yaxshilashi hamda xorijiy tenderlarda qatnashishi kerak.

Yana bir muhim masala — logistika xarajatlari. Og‘ir va katta hajmdagi qurilish materiallarida yetkazib berish narxi mahsulotning yakuniy qiymatiga sezilarli ta’sir qiladi. Shu sababli ishlab chiqaruvchilar uchun uzluksiz va arzon transport yo‘nalishlarini yaratish rejalashtirilgan.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar AES qurilishiga jalb qilinadi

Ichki bozordagi yirik qurilish loyihalari mahalliy korxonalar uchun qo‘shimcha talab yaratishi mumkin.

Jizzax viloyatida qurilishi rejalashtirilgan atom elektr stansiyasi uchun 2,2 milliard dollarlik qurilish materiallari kerak bo‘lishi hisoblangan.

Mahalliy korxonalarni ushbu buyurtmalarga jalb qilish uchun Egizbuloq mahallasida 200 gektar maydonda maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi. Bu yerda 70 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Biroq mahalliylashtirish importdan to‘liq voz kechish degani emas. Texnik talablari yuqori yoki O‘zbekistonda ishlab chiqarish iqtisodiy jihatdan samarasiz bo‘lgan ayrim maxsus mahsulotlarni xorijdan olib kelish davom etishi mumkin.

Importni qisqartirish imkoniyati, avvalo, ichki talab seriyali ishlab chiqarish uchun yetarli bo‘lgan yo‘nalishlarda mavjud. Lok-bo‘yoq mahsulotlari shunday toifalardan biri. Shu sababli Betek zavodi alohida investitsiya loyihasi emas, balki assortiment, texnologiya va sifatdagi bo‘shliqni to‘ldirish vositasi sifatida qaralmoqda.

5310

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→