Rockstar Games 13 yillik tanaffusdan so‘ng GTA VI’ni chiqardi

Rockstar Games studiyasi Grand Theft Auto VI o‘yinining global relizini boshladi. O‘yin 19-noyabrdan PlayStation 5 va Xbox Series X|S konsollarida paydo bo‘ldi.
GTA seriyasining avvalgi asosiy qismi 2013-yilda chiqarilgan edi. Shunday qilib, foydalanuvchilar yangi qismni 13 yil kutdi.
Reliz turli vaqt mintaqalarida yarim tun kirib kelishiga qarab bosqichma-bosqich davom etmoqda. GTA VI’dan birinchi bo‘lib Yangi Zelandiya foydalanuvchilari foydalanish imkoniga ega bo‘ldi. U yerda 19-noyabr Toshkent vaqti bilan 18-noyabr kuni soat 16:00 da boshlangan.
O‘zbekistondagi foydalanuvchilar uchun o‘yinning ochilish vaqti PlayStation Network yoki Xbox akkauntida tanlangan mamlakat, shuningdek, tegishli raqamli do‘kon qoidalariga bog‘liq.
GTA VI’ning shaxsiy kompyuterlar uchun versiyasi hozircha chiqarilmadi. Rockstar Games PC versiyasining reliz sanasini e’lon qilmagan.
Tanqidchilar GTA VI’ga 99 ball berdi
O‘yinning dastlabki sharhlari global relizdan oldin e’lon qilindi. Material tayyorlangan vaqtda GTA VI’ning Metacritic’dagi o‘rtacha bahosi 100 balldan 99 ballni tashkil etdi.
PlayStation 5 versiyasi 150 ta professional sharh asosida 99 ball oldi. Barcha platformalardagi taqrizlar hisobga olinganda, agregatorda 156 ta tanqidchi sharhi qayd etilgan.
Foydalanuvchilar bahosi material chop etilgan vaqtda hali shakllanmagan edi.
Tanqidchilar o‘yinning katta ochiq dunyosi, tafsilotlarga e’tibor, hikoya va ikki bosh qahramon o‘rtasidagi munosabatlarni yuqori baholagan. Ayrim sharhlarda texnik va vizual yaxshilanishlarga qaramay, o‘yin jarayonining asosiy mexanikalari GTA V’dan tanish ekani ham qayd etilgan.
Voqealar Leonida shtatida bo‘lib o‘tadi
GTA VI voqealari AQShning Florida shtatidan ilhomlanib yaratilgan xayoliy Leonida hududida kechadi. O‘yinning asosiy manzillaridan biri Vice City bo‘lib, u Mayami shahrining badiiy talqinidir.
Asarning bosh qahramonlari Lucia Caminos va Jason Duval hisoblanadi. Muvaffaqiyatsiz yakunlangan jinoyatdan so‘ng ular butun Leonidani qamrab olgan fitna markazida qolib, omon chiqish uchun bir-biriga tayanishga majbur bo‘ladi.
O‘yinga M, ya’ni voyaga yetganlar uchun yosh reytingi berilgan. GTA VI zo‘ravonlik va bolalar uchun mo‘ljallanmagan boshqa sahnalarni o‘z ichiga oladi.
GTA V dastlabki uch kunda 1 mlrd dollardan ortiq daromad keltirgan
Grand Theft Auto seriyasi 1997-yilda boshlangan va tarixdagi eng ko‘p sotilgan videoo‘yin franshizalaridan biriga aylangan. Seriyadagi o‘yinlarning umumiy savdosi 470 mln nusxadan oshgan.
GTA V 2013-yil sentabrida chiqarilgan. O‘yin sotuvlarning dastlabki uch kunidayoq 1 mlrd dollardan ortiq daromad keltirgan.
Keyinchalik GTA V bir necha avlod konsollari va shaxsiy kompyuterlarga moslashtirildi. GTA Online ko‘p foydalanuvchili rejimi esa o‘yinning uzoq yillar davomida daromad keltirishiga yordam berdi.
GTA VI savdosi bo‘yicha dastlabki rasmiy ma’lumotlar hali e’lon qilinmagan. Yangi qismning start natijalarini GTA V bilan Rockstar Games yoki uning bosh kompaniyasi Take-Two Interactive hisobotlaridan keyin solishtirish mumkin bo‘ladi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Shavkat Mirziyoyev Iordaniyaga tashrif buyuradi

Adliya vazirligi yangilangan o‘zbek alifbosiga o‘tish rejasi loyihasini e’lon qildi

O‘zbekistonda kasallanganlar soni 20 foizga yetsa, maktab sinflari va bog‘cha guruhlari karantinga yopiladi

21–24-noyabr kunlari O‘zbekistonda ob-havo
