Yangiliklar/Siyosat

O‘zbekiston va O'mon o‘zaro 30 kunlik vizasiz rejim joriy etishga kelishdi

Siyosat 19 noyabr, 16:29
 O‘zbekiston va O'mon o‘zaro 30 kunlik vizasiz rejim joriy etishga kelishdi

O‘zbekiston va O'mon ikki davlat fuqarolari uchun vizalarni o‘zaro bekor qilish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Hujjat kuchga kirgach, O‘zbekiston va O'mon fuqarolari bir-birining hududida har bir safar davomida 30 kungacha vizasiz bo‘lishi mumkin.

Bitim 17-noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ummonga davlat tashrifi doirasida imzolangan. Bu haqda 19-noyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Muqaddima va 14 ta moddadan iborat hujjat ikki mamlakat fuqarolarining o‘zaro vizasiz kirishi, hudud orqali tranzit o‘tishi hamda chiqib ketishini nazarda tutadi. Buning uchun xorijga chiqishga mo‘ljallangan biometrik pasport talab etiladi. Pasportning amal qilish muddati safar vaqtida kamida olti oy bo‘lishi kerak.

Kelishuvga ko‘ra, fuqarolar har bir kirishda boshqa davlat hududida 30 kungacha vizasiz qolishi mumkin. Biroq bir kalendar yilidagi umumiy bo‘lish muddati 180 kundan oshmasligi lozim.

Vizasiz tartib doimiy yashash, ishlash yoki ta’lim olish uchun tatbiq etilmaydi. Belgilangan muddatdan ko‘proq qolish yoki ushbu faoliyat turlari bilan shug‘ullanish uchun qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga muvofiq viza yoki tegishli ruxsatnoma rasmiylashtirilishi kerak.

Fors-major holati yuzaga kelgan taqdirda, fuqaroning mamlakatda bo‘lish muddatini bepul uzaytirish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.

Pasport yo‘qolsa yoki shikastlansa, fuqaroga viza rasmiylashtirmasdan vataniga qaytish uchun vaqtinchalik yo‘l hujjati berilishi mumkin.

Shu bilan birga, har ikki davlat nomaqbul deb topilgan shaxslarning mamlakatga kirishini rad etish yoki ularga ruxsat etilgan bo‘lish muddatini qisqartirish huquqini saqlab qoladi.

Vizasiz rejim qachon kuchga kiradi?

Yangi tartib hozircha amal qilmaydi. Bitim ikki tomon zarur ichki davlat tartib-taomillarini bajargani haqida yozma ravishda xabardor qilganidan so‘ng kuchga kiradi.

Aniqrog‘i, hujjat so‘nggi yozma bildirishnoma olingan kundan boshlab 30 kun o‘tgach amal qila boshlaydi. Shu sababli vizasiz rejimning boshlanish sanasi bitim imzolangan kundan emas, davlatlar o‘rtasidagi rasmiy bildirishnomalar almashinuvi yakunlanganidan keyin hisoblanadi.

Hozir amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari 2024-yil iyunidan buyon O'monga 14 kungacha vizasiz borishi mumkin. O'mon fuqarolari uchun esa 2025-yil iyunidan O‘zbekistonda 30 kunlik vizasiz rejim amal qilmoqda.

Yangi bitim kuchga kirgach, ikki davlat fuqarolari uchun shartlar o‘zaro tenglashtiriladi. O‘zbekiston fuqarolarining Ummonda vizasiz bo‘lish muddati 14 kundan 30 kungacha uzayadi.

5630

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→