My.gov.uz orqali muddatidan oldin pensiyaga ariza topshirish mumkin bo‘ldi

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida muddatidan oldin pensiya tayinlash uchun ariza qabul qilish boshlandi. Xizmat shtat qisqarishi yoki tashkilot tugatilishi sababli ishdan bo‘shatilgan pensiya yoshiga yaqin fuqarolar uchun mo‘ljallangan.
Xizmatdan kamida 25 yillik ish stajiga ega 58 yoshdan oshgan erkaklar hamda kamida 20 yillik stajga ega 53 yoshdan oshgan ayollar foydalanishi mumkin.
Ariza my.gov.uz portalining «Pensiya» bo‘limida topshiriladi. Xizmat bepul.
Kimlar muddatidan oldin pensiya olishi mumkin?
Muddatidan oldin pensiya mehnat shartnomasi quyidagi sabablardan biri bilan bekor qilingan fuqarolarga tayinlanishi mumkin:
- tashkilot yoki uning alohida bo‘linmasi tugatilgan bo‘lsa;
- yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatini to‘xtatgan bo‘lsa;
- texnologiya, ishlab chiqarish yoki mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar sabab xodimlar soni yoki shtati qisqartirilgan bo‘lsa;
- ishlab chiqarish, ishlar yoki xizmatlar hajmi kamaygani uchun shtat qisqartirilgan bo‘lsa.
O‘z xohishiga ko‘ra ishdan ketish, taraflarning kelishuvi yoki mehnat majburiyatlarini buzganlik sababli bo‘shatilish ushbu tartibda muddatidan oldin pensiya olish huquqini bermaydi.
Pensiya umumiy belgilangan yoshdan ko‘pi bilan ikki yil oldin tayinlanadi.
Ariza qanday topshiriladi?
Ariza beruvchi my.gov.uz portaliga kirib, tegishli xizmat bo‘yicha elektron so‘rovnomani to‘ldirishi kerak.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- mehnat shartnomasi bekor qilingani haqidagi buyruq nusxasi;
- mehnat daftarchasi nusxasi.
Hujjatlarni PDF, PNG yoki JPEG formatida yuklash mumkin.
Bandlik organi ariza kelib tushganidan keyin ikki ish kuni ichida fuqaroning ish staji va ishdan bo‘shatilish sababini tekshiradi. Ma’lumotlar Yagona milliy mehnat tizimi orqali o‘rganiladi.
Tekshiruvdan so‘ng ariza beruvchi ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olinadi. Fuqaro maqbul ish taklifini olish uchun 10 kun ichida hududiy bandlik organiga borishi kerak.
Pensiya darhol tayinlanmaydi
Ariza topshirish pensiya avtomatik ravishda tayinlanishini anglatmaydi. Bandlik organi mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab uch oy davomida fuqaro uchun maqbul ish izlaydi.
Agar mos ish topilsa va fuqaro ishga joylashsa, ushbu tartibda muddatidan oldin pensiya tayinlash uchun asos qolmaydi.
Uch oy davomida maqbul ish topilmasa, fuqaro ishsiz deb e’tirof etiladi. Bu qaror ish qidirish muddati tugaganidan keyin 11 kundan kechiktirmay qabul qilinishi kerak.
Shundan so‘ng bandlik organi bir ish kuni ichida taqdimnomani Pensiya jamg‘armasiga yuboradi. Jamg‘arma hujjatlarni ko‘rib chiqib, 10 kun ichida pensiya tayinlaydi yoki rad etish haqida qaror chiqaradi.
Demak, xizmat quyidagi bosqichlardan iborat:
- ariza va hujjatlarni topshirish;
- ma’lumotlarni ikki ish kunida tekshirish;
- uch oy davomida maqbul ish izlash;
- ish topilmasa, fuqaroni ishsiz deb e’tirof etish;
- hujjatlarni Pensiya jamg‘armasiga yuborish;
- pensiya tayinlash yoki rad etish haqida qaror qabul qilish.
Sobiq ish beruvchidan to‘lov olish mumkin
Qisqartirish yoki tashkilot tugatilishi sababli bo‘shatilgan xodim ish qidirish davrida sobiq ish beruvchidan o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida to‘lov olish uchun ham murojaat qilishi mumkin.
To‘lov mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin ko‘pi bilan uch oy davomida berilishi mumkin. Uni olish uchun ariza ishdan bo‘shatilgan kundan boshlab 30 kundan kechiktirmay topshirilishi kerak.
Bandlik organi fuqaroning ish qidirayotganini tasdiqlovchi ma’lumotnoma beradi. Xodim ushbu hujjat bilan sobiq ish beruvchiga murojaat qiladi.
Bu to‘lov pensiyaning bir qismi emas va alohida tartibda rasmiylashtiriladi.
my.gov.uz orqali ariza topshirish va hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun haq olinmaydi.
Xizmatga oid savollar bo‘yicha Yagona milliy mehnat tizimining +998 71 200-06-00 yoki +998 71 239-41-21 raqamlariga murojaat qilish mumkin.
Pensiya tayinlash bo‘yicha savollarga Pensiya jamg‘armasining +998 71 202-12-71 raqami orqali javob olish mumkin.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Shavkat Mirziyoyev Iordaniyaga tashrif buyuradi

Adliya vazirligi yangilangan o‘zbek alifbosiga o‘tish rejasi loyihasini e’lon qildi

O‘zbekistonda kasallanganlar soni 20 foizga yetsa, maktab sinflari va bog‘cha guruhlari karantinga yopiladi

21–24-noyabr kunlari O‘zbekistonda ob-havo
