Yangiliklar/Jamiyat

Maktab bitiruvchilari yakuniy imtihon natijasi bilan OTMga kirishi mumkin bo‘ladi

Jamiyat 19 noyabr, 10:37
 Maktab bitiruvchilari yakuniy imtihon natijasi bilan OTMga kirishi mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonda maktab bitiruv imtihonlarini oliy ta’lim muassasalariga kirish sinovlari bilan birlashtirish rejalashtirilmoqda. Yangi tizimni 2028/2029-o‘quv yili yakunidan boshlab butun mamlakat bo‘ylab joriy etish ko‘zda tutilgan.

11-sinf o‘quvchilari yagona davlat imtihonini topshiradi. Uning natijasi maktabni tamomlashda ham, oliy ta’lim muassasasiga kirishda ham hisobga olinadi.

9-sinf bitiruvchilari uchun asosiy davlat imtihoni joriy etiladi. Natijalar shahodatnomaga kiritilib, akademik litsey va texnikumlarga qabul qilishda inobatga olinadi.

OTMga kirish tartibi qanday o‘zgaradi?

Rejalashtirilayotgan tartibga ko‘ra, 11-sinf o‘quvchilari oliy ta’limda tanlagan yo‘nalishiga mos fanlardan imtihon topshirishi mumkin bo‘ladi.

Bitta imtihon natijasi ikki maqsadda ishlatiladi: maktabdagi yakuniy attestatsiyani o‘tash va OTMga kirish tanlovida qatnashish.

Hozir maktabni tugatish va oliy ta’lim muassasasiga kirish ikki alohida jarayon hisoblanadi. Bitiruvchilar avval maktabdagi yakuniy imtihonlarni, keyin esa bakalavriatga kirish uchun test sinovlarini topshiradi.

Yangi tizim ishga tushsa, bir xil yoki mazmunan yaqin fanlardan ikki marta imtihon topshirishga ehtiyoj qolmasligi mumkin.

9-sinfni tugatayotgan o‘quvchilar asosiy davlat imtihonini topshiradi. Imtihonda olingan ballar maktab shahodatnomasida ko‘rsatiladi.

Yangi tartibni 2027/2028-o‘quv yili oxirida Toshkent shahri va Navoiy viloyatida tajriba tariqasida sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan.

Sinov jarayonida topshiriqlarning mazmuni, imtihonlarni tashkil etish, natijalarni hisoblash va ballarni ta’lim muassasalariga yuborish tartibi tekshiriladi.

Tajriba natijalariga qarab tizimga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. Uni mamlakat bo‘ylab joriy etish 2028/2029-o‘quv yili yakuniga mo‘ljallangan.

Shu vaqtgacha maktab bitiruvchilari amaldagi tartib asosida yakuniy va kirish imtihonlarini topshirishda davom etadi.

3320

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→