«123456» yana dunyodagi eng ommabop parol bo‘ldi

«123456» kombinatsiyasi dunyoda eng ko‘p ishlatiladigan parollar reytingida yana birinchi o‘rinni egalladi. U NordPass yillik ro‘yxatida so‘nggi sakkiz yilning yettitasida yetakchilik qilgan.
Reytingning kuchli uchligiga «admin» va «12345678» parollari ham kirdi. NordPass kuzatuvlariga ko‘ra, ushbu uchta kombinatsiya yillar davomida yuqori o‘rinlarni saqlab kelmoqda.
Ro‘yxatning yuqori qismida katta o‘zgarish kuzatilmadi. «1234» kombinatsiyasi eng ommabop o‘nta parol qatoriga kirdi, «password» esa oltinchi o‘rindan yettinchi pog‘onaga tushdi.
Reyting qanday tuziladi?
NordPass ro‘yxatni ma’lumotlar sizib chiqishi natijasida tarqalgan akkauntlar bazalari asosida tuzadi.
Shu sababli reyting dunyodagi barcha foydalanuvchilarning parollarini to‘liq aks ettirmaydi. U asosan ma’lumotlari oshkor bo‘lgan akkauntlarda qaysi kombinatsiyalar ko‘p uchrashini ko‘rsatadi.
Oddiy raqamlar ketma-ketligi va keng tarqalgan so‘zlar avtomatik dasturlar yordamida tez topiladi. Buzg‘unchilar odatda avval ommabop parollar, lug‘atdagi so‘zlar va ularning sodda variantlarini tekshiradi.
Bir xil paroldan bir nechta saytda foydalanish xavfni yanada oshiradi. Agar bitta xizmatdagi login va parol sizib chiqsa, bu ma’lumotlar boshqa ijtimoiy tarmoqlar, elektron pochta, internet-do‘konlar va moliyaviy ilovalarda ham tekshirilishi mumkin.
Kiberxavfsizlik mutaxassislari imkon qadar kirish kalitlari, ya’ni passkeys’dan foydalanishni tavsiya qilmoqda.
Kirish kaliti yaratilganda qurilmada o‘zaro bog‘langan ikkita kriptografik kalit hosil bo‘ladi. Ochiq kalit xizmatga yuboriladi, yopiq kalit esa telefon, kompyuter yoki himoyalangan bulutli xotirada qoladi.
Foydalanuvchi tizimga kirayotganda parol yozmaydi. Qurilmada saqlangan kalitdan foydalanish barmoq izi, yuzni aniqlash, PIN-kod yoki qurilma paroli orqali tasdiqlanadi.
Biometrik ma’lumot saytga yuborilmaydi. U faqat telefon yoki kompyuterda saqlangan kirish kalitini ochish uchun ishlatiladi.
Passkeys soxta saytlardan himoyalanishda ham samaraliroq. Kirish kaliti muayyan xizmatga bog‘langanligi sababli, undan boshqa manzildagi qalbaki sahifada foydalanib bo‘lmaydi.
Kirish kalitini qo‘llab-quvvatlamaydigan xizmatlar uchun har bir akkauntga alohida va uzun parol yaratish kerak.
Barcha kombinatsiyalarni yodda saqlash shart emas. Parol menejeri murakkab parollarni yaratadi, shifrlangan shaklda saqlaydi va kerakli saytda avtomatik to‘ldiradi.
Ikki bosqichli autentifikatsiyani ham yoqish tavsiya etiladi. Bir martalik kodlarni autentifikator ilovasi orqali olish SMS’dan xavfsizroq hisoblanadi. Jismoniy xavfsizlik kaliti esa akkauntni fishing hujumlaridan kuchliroq himoya qiladi.
Avvalo asosiy elektron pochta himoyasini tekshirish kerak. Chunki elektron pochtaga kirgan shaxs ko‘pincha boshqa xizmatlardagi parollarni qayta o‘rnatishi mumkin.
Akkauntlarni himoyalash uchun tavsiyalar
Foydalanuvchilarga quyidagi choralarni ko‘rish tavsiya etiladi:
- «123456», «admin», «password» va boshqa sodda parollarni almashtirish;
- har bir akkaunt uchun takrorlanmaydigan parol yaratish;
- imkon mavjud bo‘lgan xizmatlarda passkeys’ni yoqish;
- parollarni yaratish va saqlash uchun ishonchli menejerdan foydalanish;
- ikki bosqichli autentifikatsiyani faollashtirish;
- akkauntlardagi faol seanslarni tekshirib, notanish qurilmalarni chiqarib yuborish;
- tiklash uchun ko‘rsatilgan telefon raqami va elektron pochta manzilini yangilash;
- shubhali xat va xabarlardagi kirish havolalarini ochmaslik.
Agar parol ma’lumotlar sizib chiqishida aniqlangan bo‘lsa, u murakkab yoki uzun bo‘lishidan qat’i nazar almashtirilishi kerak. Xuddi shu kombinatsiya boshqa akkauntlarda ham ishlatilgan bo‘lsa, ularning barchasida yangi parol o‘rnatish lozim.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Shavkat Mirziyoyev Iordaniyaga tashrif buyuradi

Adliya vazirligi yangilangan o‘zbek alifbosiga o‘tish rejasi loyihasini e’lon qildi

O‘zbekistonda kasallanganlar soni 20 foizga yetsa, maktab sinflari va bog‘cha guruhlari karantinga yopiladi

21–24-noyabr kunlari O‘zbekistonda ob-havo
