Yangiliklar/Siyosat

Vazirlik ayrim OTM rahbarlari faoliyatini o‘rganish uchun ishchi guruh tuzadi

Siyosat 7 noyabr, 13:33
Vazirlik ayrim OTM rahbarlari faoliyatini o‘rganish uchun ishchi guruh tuzadi

Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Unda ta’lim sifati, bitiruvchilar bandligi, talabalar yashash sharoitlari va kadrlar bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilda davlat oliygohlarini tamomlagan 13,8 ming nafar bitiruvchi hozircha ish bilan ta’minlanmagan. Shuningdek, tahlil qilingan 29,7 mingta o‘quv adabiyotidan 5,5 mingtasi 20 yildan oldin chop etilgani aniqlangan. Ayrim fanlar bo‘yicha esa o‘quv adabiyotlari yetishmaydi.

Yig‘ilishda talabalar turar joylari qurilishi ayrim hududlarda belgilangan muddatlardan ortda qolayotgani, ijarada yashayotgan talabalar sharoitlarini o‘rganishda ham kamchiliklar mavjudligi qayd etildi.

Vazirlik ayrim oliy ta’lim muassasalaridagi mansabdor shaxslarning egallab turgan lavozimiga muvofiqligini baholash uchun ishchi guruh tuzilishini ma’lum qildi. O‘rganish yakunlari bo‘yicha tegishli xulosalar tayyorlanadi.

Rektorlarga 15 kun ichida talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun qabullar tashkil etish, murojaatlarni joyida ko‘rib chiqish hamda oylik, choraklik va yillik ish rejalarini shakllantirish topshirildi.

Bu oliy ta’lim tizimidagi so‘nggi haftalardagi ilk kadrlar nazorati emas. Avvalroq “Xavfsiz talaba” ilovasi bilan bog‘liq holatlar ortidan qator oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilgandi.

2160

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→