Qirg‘izistonda energetik ichimliklar ishlab chiqarish va importini taqiqlash masalasi ko‘rib chiqiladi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov hukumatga energetik ichimliklarni ishlab chiqarish va import qilishni taqiqlash masalasini ko‘rib chiqishni topshirdi. Vazirlar Mahkamasi bu boradagi takliflarni bir oy ichida taqdim etishi kerak.
Prezidentning ta’kidlashicha, qarorga mamlakatda energetik ichimliklar iste’molining tez sur’atlarda ortayotgani sabab bo‘lgan. Prezident administratsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Qirg‘izistonda 25,3 mln litr energetik ishlab chiqarilgan, import hajmi esa 29,6 mln litrni tashkil etgan. 2026 yilning birinchi yarmida iste’mol hajmi 36 mln litrdan oshgan.
Japarov energetik ichimliklarni muntazam iste’mol qilish yurak-qon tomir kasalliklari, buyrak bilan bog‘liq muammolar, qandli diabet va boshqa kasalliklar xavfini oshirishi mumkinligini qayd etdi. Uning fikricha, bu holat sog‘liqni saqlash tizimiga tushadigan yukning ortishiga ham olib keladi.
Prezident ehtimoliy taqiq davlat budjeti daromadlarini taxminan 1,5 mlrd qirg‘iz somiga kamaytirishi mumkinligini ham tan oldi. Shunga qaramay, u aholi salomatligi iqtisodiy manfaatlardan ustun turishi kerakligini ta’kidladi.
Ayni paytda Qirg‘izistonda energetik ichimliklarni voyaga yetmaganlarga sotishni cheklash tashabbusi ham muhokama qilinmoqda. Jogorku Kenesh deputati Erulan Kokulov 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga energetik ichimliklar sotishni taqiqlashni taklif qilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, taqiq do‘konlar, kafe va restoranlar, onlayn marketpleyslar hamda yetkazib berish xizmatlariga ham tatbiq etiladi. Energetiklarni vending avtomatlari orqali sotish esa to‘liq taqiqlanishi mumkin.
Qirg‘izistonda energetik ichimliklarni reklama qilish 2023 yil iyul oyidan buyon taqiqlangan. O‘sha yil oxirida energetiklarni ishlab chiqarish va mamlakatga olib kirishni taqiqlash haqidagi qonun loyihasi parlamentning tegishli qo‘mitasi tomonidan ma’qullangan, biroq yakuniy ko‘rib chiqish bosqichiga chiqmagan.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Shavkat Mirziyoyevning Ostona safari qanday o‘tdi?

Vazirlik ayrim OTM rahbarlari faoliyatini o‘rganish uchun ishchi guruh tuzadi

Toshkentda Qonunchilik palatasi yonidagi ko‘l qayta tiklanmoqda

Energetika vazirligi: kunlar soviganda metan zapravkalar grafik asosida ishlashi mumkin
