Toshkentda Qonunchilik palatasi yonidagi ko‘l qayta tiklanmoqda

Toshkent markazida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosi yonidagi ko‘lni qayta tiklash ishlari boshlandi. Hozir hududda yer ishlari olib borilmoqda.
Maydoni qariyb 3 gektarni tashkil etgan, orol va favvoraga ega ushbu ko‘l ilgari O‘zbekiston milliy bog‘i tarkibiga kirgan. Suv havzasi 2020 yil bahorida quritilgan edi.
Shundan so‘ng hudud uchun bir necha loyiha taklif qilindi. Dastlab orolda kuzatuv minorasiga ega Light House restoran majmuasi qurilishi rejalashtirilgan, biroq loyiha amalga oshmagan. Keyinchalik bu yerda Milliy akademik drama teatri uchun yangi bino qurilishi boshlangan, ammo ushbu loyiha ham to‘xtatilgan.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ko‘l «Toza havo» umummilliy dasturi doirasida qayta tiklanadi. Qo‘mitada suv havzalari sonining ko‘payishi havodagi chang miqdorini kamaytirish va hudud mikroiqlimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi qayd etilgan.
Qo‘mita e’lon qilgan vizual materiallarda ko‘l hududida ikkita yirik favvora, piyodalar yo‘laklari va dekorativ arka aks etgan. Yakuniy loyiha ushbu ko‘rinishda amalga oshiriladimi, hozircha ma’lum emas.
Ko‘l quritilishidan avval Anhor kanalidan suv olgan. Shu manba yaqin atrofdagi Milliy bog‘ suv havzasini ham ta’minlaydi. Mazkur suv ombori 2019 yilda Magic City qurilishi sabab quritilgan, 2022 yilda esa bog‘ hududi yangilangach yana suv bilan to‘ldirilgan.
Qonunchilik palatasi yonidagi ko‘l poytaxtda rejalashtirilgan 12 ta sun’iy suv havzasidan biri hisoblanadi. Shunga o‘xshash loyihalar aeroport yaqinida, G‘alaba bog‘i hududida, Botanika bog‘ida va shaharning boshqa nuqtalarida ham ko‘zda tutilgan.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Shavkat Mirziyoyevning Ostona safari qanday o‘tdi?

Qirg‘izistonda energetik ichimliklar ishlab chiqarish va importini taqiqlash masalasi ko‘rib chiqiladi

Vazirlik ayrim OTM rahbarlari faoliyatini o‘rganish uchun ishchi guruh tuzadi

Energetika vazirligi: kunlar soviganda metan zapravkalar grafik asosida ishlashi mumkin
