Yangiliklar/Jamiyat

Toshkentda buyurtma asosida odam o‘g‘irlashga uringan ikki erkak qo‘lga olindi

Jamiyat 6 noyabr, 15:45
Toshkentda buyurtma asosida odam o‘g‘irlashga uringan ikki erkak qo‘lga olindi

Toshkent shahar IIBB buyurtma asosida odam o‘g‘irlashga uringan 23 va 28 yoshli ikki erkak qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Ularning ikkisi ham muqaddam JKning 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan sudlangan.

Jabrlanuvchi Tezkor-qidiruv departamentiga murojaat qilib, noma’lum shaxslar uni mashinada olib ketishganini, biroq u qarshilik ko‘rsatib, qochib ketishga muvaffaq bo‘lganini aytgan. Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar qo‘lga olindi. Ularning avtomobili yukxonasidan bolta, telefonlaridan esa buyurtmachi bilan Telegram’dagi yozishmalar topilgan.

Qo‘lga olinganlar ayblariga iqror bo‘lishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, har qanday yo‘l bilan jabrlanuvchini buyurtmachiga yetkazib berish topshirig‘i bo‘lgan. Yozishmalarda yana bir shaxsni o‘g‘irlash ham muhokama qilingan: uni kuch ishlatib olib kelish, qarshilik ko‘rsatgan taqdirda esa elektroshokerdan foydalanish rejalashtirilgan. U belgilangan kuni xizmat safariga ketgani bois hujumdan omon qolgan. Xabarda buyurtmachining shaxsiga aniqlik kiritilmagan.

Mazkur holat yuzasidan JKning 137-moddasi 2-qismi «b» va «v» bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda odam o‘g‘irlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

IIV zo‘ravonlik va tahdidlar orqali pul talab qilingan yoki bepul xizmat ko‘rsatishga majburlangan barcha fuqarolardan ichki ishlar organlariga murojaat qilishni so‘raydi.

700

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→