Yangiliklar/Siyosat

O‘zbekistonda ikki OTM rektori «Xavfsiz talaba» ilovasi atrofidagi mojaro ortidan lavozimidan ozod etildi

Siyosat 6 noyabr, 18:00
O‘zbekistonda ikki OTM rektori «Xavfsiz talaba» ilovasi atrofidagi mojaro ortidan lavozimidan ozod etildi

6-noyabr kuni O‘zbekistondagi beshta oliy ta’lim muassasasi rektori lavozimidan ozod etildi. Ular orasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon To‘xtasinov va Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqov ham bor.

Ikki rahbarning ishdan olinishi «Xavfsiz talaba» ilovasi atrofidagi mojaro bilan bog‘lanmoqda. Biroq bu sabab rasman tasdiqlanmagan.

Avvalroq mazkur mojaro ortidan Jahon tillari universiteti Tarjimonlik fakulteti dekani Ulug‘bek Yo‘ldoshev ham lavozimidan ozod etilgandi.

Avvalroq, 3-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta OTMda talabalardan «Xavfsiz talaba» ilovasini o‘rnatish talab qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Talabalar ayrim hollarda ilovani o‘rnatishdan bosh tortganlar darslarga kiritilmayotganini bildirgan.

Jahon tillari universiteti talabalari kirish joyida ilovani o‘rnatishga majburlanayotganini, ayrimlari esa shu sababli darsga kechikib, davomatda «NB» qayd etilganini aytgan. Toshkent davlat yuridik universiteti va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari ham ilovani o‘rnatish bo‘yicha talablar qo‘yilayotganini ma’lum qilgan.

Ta’lim va ilm-fan vazirligi murojaatlar yuzasidan ishchi guruh tuzilganini va holat o‘rganilayotganini bildirdi. Vazirlik talabalarining ta’lim olish huquqi ta’minlanishi shartligini ta’kidladi.

550

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→