Yangiliklar/Siyosat

O‘zbekistonda dronlar uchun yangi tartiblar joriy etilishi mumkin

Siyosat 5 noyabr, 11:11
O‘zbekistonda dronlar uchun yangi tartiblar joriy etilishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan foydalanishni kengaytirish va sohani tartibga solishga doir takliflar bilan tanishdi.

Takliflar fuqarolik maqsadlarida dronlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda tadbirkorlik va investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan.

Muhokama qilingan masalalar orasida dronlarni ro‘yxatga olish, ularning hisobini yuritish, parvozlarni muvofiqlashtirish, sug‘urtalash va yetkazilgan zararni qoplash mexanizmlarini takomillashtirish ham bor.

Shuningdek, barcha uchuvchisiz apparatlar haqidagi ma’lumotlarni birlashtiruvchi yagona raqamli axborot tizimini yaratish taklif etildi. Ushbu tizim orqali parvoz hududlarini belgilash va ulardan foydalanish tartibini nazorat qilish rejalashtirilmoqda.

Taqdimotda dronlardan foydalanish kengaygani sari parvozlar xavfsizligi va fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi.

Alohida e’tibor kadrlar tayyorlashga qaratildi. Kelgusi o‘quv yilidan Transport universitetida uchuvchisiz aviatsiya tizimlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Ta’lim dasturlari amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtiriladi.

Yig‘ilishda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, global dron bozori har yili o‘rtacha 10–15 foizga o‘smoqda. Ushbu texnologiyalar qishloq xo‘jaligi, sanoat, transport va shahar infratuzilmasini boshqarishda tobora kengroq qo‘llanilmoqda.

Prezident mas’ullarga ilg‘or xorijiy tajriba asosida qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirig‘ini berdi. Hujjatlar uchuvchisiz aviatsiya tizimlarini iqtisodiyot tarmoqlarida kengroq qo‘llash, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratiladi.

1070

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→