Yangiliklar/Jamiyat

Ekstremizm uchun sudlanganlarga OAV tashkil etish va jurnalistika bilan shug‘ullanish taqiqlandi

Jamiyat 4 noyabr, 20:29
Ekstremizm uchun sudlanganlarga OAV tashkil etish va jurnalistika bilan shug‘ullanish taqiqlandi

O‘zbekistonda ekstremistik yo‘nalishdagi jinoyatlar uchun aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan yangi cheklovlar joriy etildi. Tegishli o‘zgartirishlar Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga kiritildi.

Qonunga ko‘ra, bunday shaxslar sudlanganligi bekor qilinmaguncha yoki olib tashlanmaguncha ma’rifiy va jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullana olmaydi, psixologik yordam ko‘rsata olmaydi, ommaviy axborot vositalarini ta’sis eta olmaydi hamda ommaviy tadbirlar o‘tkazish uchun ruxsatnoma ololmaydi.

Shuningdek, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar hamda qasddan sodir etilgan jinoyat uchun sudlanganligi olib tashlanmagan yoki bekor qilinmagan fuqarolarga psixologik yordam ko‘rsatish taqiqlanadi.

Qonunda ekstremistik jinoyatlar uchun sudlangan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish choralari ham nazarda tutilgan. Ular ijtimoiy, huquqiy, tibbiy va psixologik yordam olish, ta’lim olish, kasb-hunar o‘rganish va ishga joylashishda ko‘mak bilan ta’minlanadi.

Ijtimoiy moslashtirish jarayoni jazoni o‘tash davrida ham, jazo muddati tugaganidan keyin ham amalga oshiriladi. Jazoni o‘tash vaqtida mahkumlarga ekstremistik qarashlardan voz kechishga qaratilgan individual ijtimoiy-psixologik dasturlar qo‘llaniladi. Ozodlikka chiqqandan so‘ng esa reabilitatsiya va ijtimoiy moslashtirish markazlari tomonidan individual dastur asosida yordam ko‘rsatiladi. Uning muddati bir yildan oshmasligi belgilangan.

260

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→