O‘zbekiston qonunchiligida «diniy ekstremizm» atamasi «ekstremizm» bilan almashtirildi

O‘zbekiston Prezidenti ekstremizmga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonunni imzoladi. Hujjatga muvofiq, amaldagi qonunchilikdagi «diniy ekstremizm» atamasi o‘rniga yagona «ekstremizm» tushunchasi qo‘llanila boshlaydi.
Avvalroq Senat muhokamalari davomida ushbu o‘zgarish ekstremizmni muayyan din bilan bog‘lash amaliyotiga barham berish va barcha holatlar uchun yagona huquqiy yondashuvni ta’minlash maqsadida kiritilgani ta’kidlangan edi.
Qonun bilan ekstremizm tushunchasiga ham aniqlik kiritildi. Endilikda quyidagi sakkiz turdagi faoliyat ekstremizm sifatida e’tirof etiladi:
- konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik yo‘li bilan o‘zgartirish, davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tajovuz qilish, shuningdek qonuniy saylangan yoki tayinlangan hokimiyat vakillarini kuch ishlatib lavozimidan chetlatish;
- hokimiyat vakolatlarini egallab olish yoki o‘zlashtirish;
- noqonuniy qurolli tuzilmalarni tashkil etish yoki ularda ishtirok etish;
- terrorchilik faoliyatiga ommaviy da’vatlar qilish;
- milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni zo‘ravonlik yoki unga da’vatlar bilan qo‘zg‘atish;
- jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materiallar, shuningdek ekstremistik tashkilotlar ramzlari va atributlarini tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish;
- siyosiy, mafkuraviy, milliy, irqiy, etnik yoki diniy nafrat asosida ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish;
- fuqarolarning milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga ko‘ra ustunligi yoki kamsitilishini targ‘ib qilish orqali nafrat va adovatni kuchaytirish.
Qonun ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha huquqni qo‘llash amaliyotini yagona mezonlar asosida tashkil etish hamda sohaga oid normalarni aniqroq belgilashga qaratilgan.
Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasining Qonuni № O‘RQ-1185 sifatida qabul qilingan bo‘lib, rasmiy e’lon qilinganidan so‘ng kuchga kirdi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Texnogen favqulodda vaziyat qurbonlari oilalariga 220 million sömgacha kompensatsiya tölanadi

Taşkentda Lixiang haydovçisi piyodani urib yubordi, erkak voqea joyida halok bo‘ldi

Saida Mirziyöyeva Qarşidagi maktab va bolalar boğchasini ta’mirlash rejalarini ma’lum qildi

Osiyo Kubogi-2027 musobaqasi boshqa muddatga köchirildi
