O‘zbekistonda ommaviy tadbirlarda tovarlar tarqatishni cheklash taklif qilindi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ommaviy tadbirlar vaqtida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi.
Loyihaga ko‘ra, tadbirlarga tashrif buyuruvchilarni jalb qilish maqsadida oziq-ovqat, buyum va boshqa mahsulotlarni bepul tarqatish taqiqlanishi mumkin. Shuningdek, mahsulotlarni reklama aksiyalari doirasida haddan tashqari arzon narxlarda sotishga ham cheklov qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.
Hujjatda alkogol mahsulotlari savdosiga oid talablar ham belgilangan. Taklifga ko‘ra, alkogol savdosi tadbir boshlanishidan kamida ikki soat oldin to‘xtatiladi va tadbir yakunlangunga qadar taqiq saqlanib qoladi. Cheklov tadbir o‘tkaziladigan hududda hamda undan 500 metr radiusdagi obyektlarga tatbiq etiladi. Oldindan rejalashtirilgan ayrim tadbirlar uchun istisnolar nazarda tutilgan.
Ochiq maydonlarda, doimiy o‘rindiqlarsiz o‘tkaziladigan tadbirlar uchun ishtirokchilar soniga ham cheklov joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Asosiy me’yor bo‘yicha foydali maydonning har bir kvadrat metriga bir nafardan ortiq odam to‘g‘ri kelmasligi kerak. Qo‘shimcha xavf omillari aniqlansa, ruxsat etilgan ishtirokchilar soni kamaytirilishi mumkin.
Loyihada tadbir qatnashchilari uchun bir qator qoidalar ham belgilangan. Xususan, mast holatda kelish, hayvon olib kirish, shaxsni aniqlashga to‘sqinlik qiladigan tarzda yuzni yopish, shuningdek, tashkilotchilar ruxsatisiz sahna yoki sport maydoniga chiqish taqiqlanishi mumkin.
Talablarni buzgan shaxslarga nisbatan ommaviy tadbirlarga kirishni vaqtincha cheklash chorasi qo‘llanishi mumkin. Bunday fuqarolar haqidagi ma’lumotlar ichki ishlar organlari tomonidan elektron reyestrda yuritiladi.
Loyiha muhokamasi 20 noyabrga qadar davom etadi. Shundan so‘ng hujjat kelib tushgan taklif va mulohazalar asosida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Ekstremizm uchun sudlanganlarga OAV tashkil etish va jurnalistika bilan shug‘ullanish taqiqlandi

O‘zbekistonda «10 ming qadam» aksiyasini qayta tiklash taklif qilindi

O‘zbekiston qonunchiligida «diniy ekstremizm» atamasi «ekstremizm» bilan almashtirildi

Texnogen favqulodda vaziyat qurbonlari oilalariga 220 million sömgacha kompensatsiya tölanadi
