Erkinjon Turdimovga qaysi vazirlik va idoralar biriktirildi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasining yangi ijro etuvchi tuzilmasini tasdiqladi. 9-oktabrda imzolangan PF-217-sonli farmon 2026-yil 12-oktabrdan kuchga kirdi.
Hukumat tuzilmasida bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston ta’lim va fan vaziri lavozimi joriy etildi. Ushbu lavozimga avval Sirdaryo viloyati hokimi bo‘lib ishlagan Erkinjon Turdimov tayinlandi.
Birinchi vitse-premyer ta’lim, fan va sog‘liqni saqlash sohalaridagi davlat organlari faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va ularni muvofiqlashtiradi. Shuningdek, u Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan hamkorlik qiladi.
Farmon ilovasiga ko‘ra, Erkinjon Turdimov quyidagi vazirlik va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi:
- Ta’lim va fan vazirligi hamda uning tizimidagi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, professional ta’lim, innovatsion rivojlanish, bilim va malakalarni baholash agentliklari;
- Sog‘liqni saqlash vazirligi;
- Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi;
- Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi;
- Klinik audit inspeksiyasi;
- Fanlar akademiyasi;
- Yoshlar ishlari agentligi, yoshlarning ta’lim olishi, kasb o‘rganishi va tarbiyasi masalalari bo‘yicha;
- Ichki ishlar vazirligi, ta’lim muassasalarida hamda o‘quvchi va talabalar orasida huquqbuzarlik va zo‘ravonlik jinoyatlarining oldini olish bo‘yicha.
Bosh vazirning birinchi o'rinbosari Davlat xavfsizlik xizmati bilan yoshlarning giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasi, jinoiy guruhlar, diniy ekstremizm va terrorizmga jalb qilinishining oldini olish masalalarida hamkorlik qiladi.
Milliy gvardiya bilan esa o‘quvchi va talabalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda mamlakat taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlari muvofiqlashtiriladi.
Hukumatda yangi kotibiyat tashkil etiladi
Birinchi vitse-premyer faoliyatini ta’minlash uchun Ta’lim, fan va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha kotibiyat tashkil etiladi. Uning shtati 12 kishidan iborat bo‘ladi.
Beshta shtat birligi Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘limidan o‘tkaziladi. Yana yettita shtat birligi qayta tashkil etilgan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi shtatlarini maqbullashtirish hisobidan shakllantiriladi.
Ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘limi Madaniyat va sport masalalari bo‘limi deb qayta nomlanadi. Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasining boshqaruv xodimlari umumiy soni 243 nafar etib belgilanadi.
Hukumatga ikki hafta ichida birinchi vazirning funksional vazifalari va yangi kotibiyat to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash topshirildi.
Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni Yangi Toshkentdagi uchrashuvda ushbu tayinlovni oliy ta’lim muassasalari soni oshgani, biroq ta’lim sifati pasaygani bilan izohladi.
Prezident Erkinjon Turdimovning to‘rtta viloyatga rahbarlik qilganini ta’kidlab, unga birinchi ushbu maqom bejiz berilmaganini aytdi. Davlat rahbariga ko‘ra, bu qaror ta’lim va tibbiyot sohalariga hukumat darajasidagi e’tiborni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Kökça Darvoza köçasida «yaşil to‘lqin» ishga tushirildi

Buxoro viloyatida 500 million dollarlik turizm klasteri barpo etiladi

Britaniyalik sayyöh 28 yillik piyoda sayohatdan söng uyiga qaytdi

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi
