To‘qimachi va Angren o‘rtasida ikkinchi temir yo‘l quriladi

O‘zbekistonda 2027-yil aprel oyidan To‘qimachi — Angren uchastkasida ikkinchi temir yo‘l qurilishi boshlanadi. Angren — Pop yo‘nalishida ham ikkinchi liniya barpo etish imkoniyati o‘rganiladi. Bu ishlar Toshkentni Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lovchi temir yo‘llarning o‘tkazuvchanlik quvvatini oshirishga xizmat qiladi.
Temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish rejalari prezident Shavkat Mirziyoyevning transport-logistika sohasi vakillari, investorlar va tadbirkorlar bilan uchrashuvida muhokama qilindi.
Sanoat, tashqi savdo va tranzit yuk tashish hajmi ortishi bilan mamlakat temir yo‘l tarmoqlaridagi yuklama ham ko‘paymoqda. Hozir temir yo‘llarning 25 foizi to‘liq quvvat bilan ishlayapti, yana 15 foizida esa ortiqcha yuklama mavjud.
Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li ishga tushirilishi tarmoqqa qo‘shimcha yuklama beradi. Ushbu yo‘nalishda yuk tashish hajmi hozirgi ko‘rsatkichga nisbatan 10 barobar oshib, yiliga 15–16 mln tonnaga yetishi kutilmoqda. Shu sababli milliy temir yo‘l infratuzilmasini kelgusidagi yuk oqimiga oldindan tayyorlash rejalashtirilgan.
Farg‘ona vodiysiga olib boruvchi yo‘nalishlar kengaytiriladi
To‘qimachi — Angren uchastkasida ikkinchi temir yo‘lning qurilishi ushbu yo‘nalishda bir vaqtda ko‘proq poyezd harakatlanishiga imkon beradi. Qurilish ishlarini 2027-yil aprel oyidan boshlash rejalashtirilgan.
Angren — Pop liniyasi 2027-yilda modernizatsiya qilinadi. Ushbu yo‘nalishda ikkinchi temir yo‘l qurish imkoniyati ham alohida o‘rganiladi.
Angren — Pop temir yo‘li Qamchiq dovoni orqali o‘tib, mamlakatning asosiy temir yo‘l tarmog‘ini Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari bilan bog‘laydi. Shu sababli liniyaning o‘tkazuvchanlik quvvati yo‘lovchi tashish bilan birga vodiyga yuk yetkazib berish uchun ham muhim ahamiyatga ega.
2030-yilgacha 545 kilometr yangi temir yo‘l quriladi
O‘zbekistonda 2030-yilgacha jami 545 kilometr yangi temir yo‘l qurish rejalashtirilgan. Elektrlashtirilgan yo‘llarning umumiy tarmoqdagi ulushi 65 foizga yetkaziladi. Elektropoyezdlar parki esa 31 tagacha kengaytiriladi.
Dasturdan quyidagi loyihalar ham o‘rin olgan:
- Toshg‘uzor — Qumqo‘rg‘on yo‘nalishidagi temir yo‘l uchastkalarini modernizatsiya qilishni yakunlash;
- Andijon — Xonobod yo‘nalishini to‘liq elektrlashtirish;
- Qumqo‘rg‘on — Quduqli yo‘nalishini elektrlashtirish;
- Toshkent va Samarqand o‘rtasida alohida yuqori tezlikdagi temir yo‘l qurishni boshlash.
Toshkent — Samarqand yuqori tezlikdagi yangi liniyasi amaldagi temir yo‘l tarmog‘idan alohida quriladi. Bu mavjud yo‘nalishdagi yuklamani kamaytirib, yo‘lovchi va yuk poyezdlari harakatini samaraliroq tashkil etish imkonini beradi.
Temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro moliya tashkilotlari va investorlarga taklif qilinayotgan loyihalarning umumiy qiymati 8 mlrd dollarni tashkil etadi. Mablag‘lar yangi liniyalar qurish, mavjud yo‘llarni modernizatsiya qilish va elektrlashtirishga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
E’lon qilingan muddatlar hozircha davlat rejalari hisoblanadi. Loyihalarning batafsil texnik ko‘rsatkichlari, moliyalashtirish manbalari va qurilish jadvallari loyiha hujjatlari tayyorlanishi davomida aniqlashtiriladi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Sindorov va Gukesh jahon chempionligi uchun bahsda ketma-ket to‘rtinchi bor durang o‘ynadi

Toshkentda erkak somsa sotgani uchun 2 mln so‘m jarimaga tortildi

O‘zbekiston Senati safarbarlik to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Tezlikni oshirganlik uchun jarimalar 28,6 mln so‘mgacha oshadi
