Yangiliklar/Siyosat

O‘zbekiston Senati safarbarlik to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Siyosat 28 noyabr, 17:24
O‘zbekiston Senati safarbarlik to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Oliy Majlis Senati «Safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik to‘g‘risida»gi qonunni ma’qulladi. Hujjat mamlakatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan harbiy tahdidlar sharoitida fuqarolarni harbiy xizmatga chaqirish, iqtisodiyotning barqaror ishlashini ta’minlash va davlatning safarbarlikka tayyorgarlik ko‘rish tartibini belgilaydi.

Qonunga ko‘ra, safarbarlik e’lon qilingan taqdirda fuqarolar qonunchilikda belgilangan tartibda harbiy xizmatga chaqirilishi mumkin. Bunda ularning sog‘lig‘i, oilaviy ahvoli va qaramog‘idagi shaxslar borligi hisobga olinadi. Ayrim toifadagi fuqarolarga chaqiruvdan kechiktirish huquqi beriladi.

Safarbarlik doirasida harbiy xizmatga chaqirilgan ishlayotgan fuqarolarning ish joyi saqlab qolinadi.

Chaqirilgan fuqarolar uchun qanday kafolatlar bor?

Qonunda safarbarlik davrida harbiy xizmatga chaqirilgan fuqarolar uchun bir qator moliyaviy yengilliklar ham nazarda tutilgan. Jumladan:

  • safarbarlik davrida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlardan ozod etish;
  • kredit to‘lovlarini kechiktirish;
  • harbiy xizmat davomida ish joyini saqlab qolish.

Fuqarolarning shaxsiy transportidan foydalanish mumkinmi?

Qonunda belgilangan hollarda Qurolli Kuchlar ehtiyojlari uchun fuqarolar va tashkilotlarga tegishli transport vositalari, binolar, inshootlar hamda boshqa mol-mulkdan foydalanilishi mumkin.

Bunda mol-mulk egalarining ko‘rgan xarajatlari qoplanadi. Kompensatsiya to‘lash tartibini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.

Qonunda yana nimalar nazarda tutilgan?

Safarbarlikka tayyorgarlik faqat harbiy xizmatga chaqirish bilan cheklanmaydi. Hujjat energetika, transport, aloqa, sog‘liqni saqlash va oziq-ovqat ta’minoti kabi muhim sohalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash choralarini ham qamrab oladi.

Xususan, oziq-ovqat, neft mahsulotlari va boshqa muhim resurslar zaxiralarini shakllantirish, iqtisodiyot tarmoqlari hamda hayotiy infratuzilmani alohida davr sharoitida ishlashga tayyorlash ko‘zda tutilgan.

2,7780

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→