Tezlikni oshirganlik uchun jarimalar 28,6 mln so‘mgacha oshadi

Senat 21-yalpi majlisda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. U mast holda transport boshqarish, transport vositasini voyaga yetmaganlarga topshirish, tezlikni sezilarli darajada oshirish va yo‘l bezoriligi uchun javobgarlikni kuchaytiradi.
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov statistik ma’lumotlarni keltirdi. YHQ buzilishi holatlari 2024-yildagi 24 mlndan ortiq ko‘rsatkichdan 2025-yilda 26,97 mlngacha, YTHlarda halok bo‘lganlar soni esa 1869 nafardan 2188 nafargacha oshgan. Yo‘l bezoriligi holatlari 2025-yilda 604 tani, 2026-yilning to‘qqiz oyida esa 1472 tani tashkil etgan.
Tezlikni oshirish.
— 40 km/soatdan ortiqqa oshirganda: jarima BHMning 9 baravaridan 25 baravarigacha (3,96–11 mln so‘m) oshadi;
— 60–80 km/soatga oshirganda: BHMning 15 baravaridan 45 baravarigacha (6,6–19,8 mln so‘m);
— 80 km/soatdan ortiqqa oshirganda: BHMning 65 baravari (28,6 mln so‘m) miqdorida jarima va olti oyga haydovchilik huquqidan mahrum qilish.
Poygalar, drift, yo‘l bezoriligi. Noqonuniy poygalarni tashkil etish va ularda ishtirok etish, boshqa haydovchilarga qasddan xalaqit berish, sababsiz drift qilish va xavfli manyovrlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Agar bezorilik haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan yoki undan mahrum etilgan shaxs tomonidan sodir etilsa, avtomobil olti oydan bir yilgacha muddatga vaqtincha olib qo‘yiladi, shaxsning o‘zi esa BHMning 50 baravari (22 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortiladi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olinadi.
Mast holda haydash. Jinoyat kodeksining 261¹-moddasiga ko‘ra, mast holda transport vositasini takroran boshqarganlik yoki mastlik holatini aniqlash tekshiruvidan o‘tishdan bo‘yin tovlaganlik uchun bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Voyaga yetmaganlarga rulni topshirish.
— agar bola kimningdir sog‘lig‘iga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazsa: BHMning 100–150 baravari (44–66 mln so‘m) miqdorida jarima, 300–360 soat majburiy jamoat ishlari, ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari, uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish;
— agar o‘lim yoki boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqsa: uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish;
— haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan voyaga yetmagan shaxsga avtomobil yoki mototsiklni topshirganlik uchun ma’muriy javobgarlik: BHMning 50 baravari (22 mln so‘m) miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha qamoq, transport vositasi esa olti oydan bir yilgacha muddatga vaqtincha olib qo‘yiladi.
«Bola barcha oqibatlarni anglamasligi mumkin. Ammo unga transport vositasini ishonib topshirayotgan katta yoshli inson oqibatlari haqida o‘ylashga majbur. Shu bois ushbu norma ota-onalar va transport egalari uchun jiddiy ogohlantirishdir», — dedi Burxonov.
Jarima ballari. Jarima ballari tizimini o‘zgartirish taklif etilmoqda: belgilangan limitdan oshib ketgan haydovchilar haydovchilik huquqidan mahrum qilinadi. Boshqaruv huquqini tiklash uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish, qayta tayyorlovdan o‘tish hamda nazariy va amaliy imtihonlarni topshirish talab etiladi. Choralar xavfsizlik kamarini taqmasdan yurish, rulda telefondan foydalanish va piyodalarga yo‘l bermaslik kabi qoidabuzarliklarga ham tatbiq etiladi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Sindorov va Gukesh jahon chempionligi uchun bahsda ketma-ket to‘rtinchi bor durang o‘ynadi

Toshkentda erkak somsa sotgani uchun 2 mln so‘m jarimaga tortildi

O‘zbekiston Senati safarbarlik to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

To‘qimachi va Angren o‘rtasida ikkinchi temir yo‘l quriladi
