Yangiliklar/Jamiyat

AGQSHlarda maishiy gaz ballonlarini to‘ldirganlik uchun jarima joriy etiladi

Jamiyat 5 noyabr, 20:26
AGQSHlarda maishiy gaz ballonlarini to‘ldirganlik uchun jarima joriy etiladi

Prezident yong‘in xavfsizligi sohasidagi nazorat tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonunni imzoladi. Hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi normalar kiritildi.

Unga ko‘ra, 2027-yil 5-fevraldan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida (AGQSH) maishiy gaz ballonlarini suyultirilgan gaz bilan to‘ldirganlik uchun jarima belgilanadi.

Yangi 101-1-modda asosida bunday qoidabuzarlik uchun 3 dan 5 BHMgacha jarima qo‘llanadi. Bu amaldagi hisob-kitoblarga ko‘ra, 1,32 mln so‘mdan 2,2 mln so‘mgacha bo‘lgan summani tashkil etadi.

Qonun bilan yana bir yangi modda — 211-1-modda ham joriy etildi. U bozorlar, savdo majmualari va savdo-ko‘ngilochar markazlar egalarining yong‘indan majburiy sug‘urta talablarini bajarmasligi uchun javobgarlikni nazarda tutadi.

Agar ushbu obyektlar yong‘in oqibatida uchinchi shaxslarning hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar uchun fuqarolik javobgarligini sug‘urtalamasa, shuningdek obyektning o‘zi yong‘indan sug‘urta qilinmagan bo‘lsa, 50 dan 75 BHMgacha jarima solinadi. Bu 22 mln so‘mdan 33 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi.

Qoidabuzarlik bir yil davomida takror sodir etilsa, jarima 100 BHMgacha, ya’ni 44 mln so‘mgacha yetadi.

Yangi tartiblar 2027-yil 5-fevraldan kuchga kiradi.

380

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→