Yangiliklar/Jamiyat

Poytaxt Parking soxta SMS-xabarlardan ogohlantirdi

Jamiyat 2 noyabr, 17:09
Poytaxt Parking soxta SMS-xabarlardan ogohlantirdi

Toshkentdagi pullik avtoturargohlar operatori Poytaxt Parking o‘z nomidan yuborilayotgan soxta SMS-xabarlar haqida ogohlantirdi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, xabarlar asosan Filippin (+63) va Marokash (+212) kodlariga ega telefon raqamlaridan yuborilmoqda. Boshqa xorijiy raqamlar ham qo‘llanayotgan bo‘lishi mumkin.

Xabarlarda foydalanuvchida avtoturargoh uchun to‘lanmagan qarzdorlik mavjudligi aytiladi. Qarzdorlikni tekshirish va to‘lash uchun havolaga o‘tib, avtomobilning davlat raqamini kiritish taklif qilinadi.

Poytaxt Parking ushbu havolalar kompaniyaning rasmiy saytiga o‘xshatilgan bo‘lsa-da, aslida unga aloqasi yo‘qligini bildirdi.

Soxta xabarlarda qarzdorlik uch kundan buyon to‘lanmagani aytilib, pul o‘tkazilmasa xizmatlardan foydalanish cheklanishi haqida ogohlantirish ham beriladi. Kompaniya bunday SMS-xabarlarni yubormasligini ta’kidlab, foydalanuvchilardan havolalarga o‘tmaslikni, avtomobil ma’lumotlari va bank kartasi rekvizitlarini kiritmaslikni so‘radi.

Agar karta ma’lumotlari kiritilgan bo‘lsa, foydalanuvchilarga zudlik bilan bankka murojaat qilib, kartani bloklash tavsiya etildi.

Avtoturargoh uchun to‘lov holatini faqat Poytaxt Parking mobil ilovasi orqali tekshirish mumkin. Qo‘shimcha ma’lumot uchun foydalanuvchilar 78−113−67−00 telefon raqami yoki qo‘llab-quvvatlash botiga murojaat qilishi mumkin.

3600

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→