Sud AQSh Davlat departamentiga DV‑2027 lotereyasini boshlash majburiyatini yukladi

Dunyo 19 oktyabr, 14:18
Sud AQSh Davlat departamentiga DV‑2027 lotereyasini boshlash majburiyatini yukladi

Kaliforniya janubiy okrugi federal sudi AQSh Davlat departamentiga Green Card DV‑2027 lotereyasiga ro‘yxatdan o‘tishni boshlash majburiyatini yukladi. Qarorni 14-oktabr kuni sudya Jinsuk Ota Red Eagle Law yuridik firmasining davlat kotibi Marko Rubioga qarshi da’vosi bo‘yicha chiqardi.

Sud qaroriga ko‘ra, Davlat departamenti:

  • ro‘yxatdan o‘tish sanalari va qoidalarini 15-oktabr oxirigacha e’lon qilishi;
  • elektron arizalarni qabul qilishni 18-oktabrdan kechiktirmay boshlashi;
  • arizalarni 30 kun davomida qabul qilishi;
  • saralangan ishtirokchilarni 19-noyabr oxirigacha xabardor qilishi;
  • vizalarni kvota tugaguniga yoki 2027-yil 30-sentabrgacha berishi kerak.

Courthouse News Service tomonlar tizimni tayyorlash uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlanishini ikki haftaga kechiktirishni muhokama qilganini yozdi. Bunda arizalarni qabul qilish 1-noyabrgacha boshlanishi, saralash natijalari esa 3-dekabrgacha e’lon qilinishi mumkin.

Biroq e’lon qilingan sud qarorida hamon 18-oktabr va 19-noyabr sanalari ko‘rsatilgan. 1-noyabr va 3-dekabrdan iborat yangi jadvalni tasdiqlovchi alohida sud hujjati topilmadi. Shu sababli aniq sanalarni Davlat departamentining rasmiy xabari orqali tekshirish kerak.

Da’vo Davlat departamenti DV‑2027 ro‘yxatdan o‘tishini odatdagi muddatda boshlamagach berilgan. Idora avvalroq kechikishni ariza topshirish tartibidagi o‘zgarishlar bilan izohlagan. DV‑2027 bo‘yicha vizalar 2026-yil 1-oktabrdan 2027-yil 30-sentabrgacha berilishi rejalashtirilgan.

Dastur doirasida 55 mingtagacha immigratsion viza ajratilishi mumkin. Lotereyada tanlab olinish Green Card berilishini kafolatlamaydi. Arizachi dastur talablariga javob berishi, hujjatlarni topshirishi, tekshiruvdan o‘tishi va moliyaviy yil yakunigacha viza olishi lozim.

Donald Tramp ma’muriyati sud qarori ustidan shikoyat qilishi mumkin. Apellyatsiya berilgani haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Dastur 2025-yil dekabrida Braun universitetidagi otishmadan keyin to‘xtatilgan edi. AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem gumonlanuvchi 2017-yilda Diversity Visa dasturi orqali AQShga kelganini bildirgan. Hujumda ikki kishi, jumladan o‘zbekistonlik talaba Muhammadaziz Umurzoqov halok bo‘lgan.

DV‑2027 uchun ariza faqat Davlat departamenti ro‘yxatdan o‘tish boshlanganini e’lon qilgach, dasturning rasmiy sayti orqali topshirilishi kerak. Vositachilar tanlab olinish ehtimoliga ta’sir qila olmaydi.

1,4610

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→