Fransiyada namoyishlar paytida mashhur brendlar do‘konlari talon-toroj qilindi

Fransiyada 17-oktabr kuni hukumatga qarshi ommaviy namoyishlar vaqtida bir nechta shaharda do‘konlar talon-toroj qilindi. Dior, Louis Vuitton, CELINE va Burberry kabi mashhur brendlarning savdo nuqtalariga zarar yetkazildi. Bu haqda LiFO nashri xabar berdi.
Parijda hashamatli brendlar do‘konlaridan tashqari, texnika do‘konlari, supermarketlar va boshqa savdo nuqtalari ham hujumga uchragan. Respublika maydoni yaqinidagi kosmetika do‘konining vitrinasini sindirib, ichidagi mahsulotlarni tashqariga olib chiqishgan.
Shuningdek, telekommunikatsiya do‘koniga bostirib kirgan shaxslar telefonlarni ko‘chaga uloqtirgan. Respublika maydonidagi yodgorlikka turli yozuvlar tushirilgan, maydon qoplamasining ayrim qismlari shikastlangan. «La Barrique» barida ham yong‘in chiqqan.
Yaqin atrofdagi supermarketdan alkogolli va gazlangan ichimliklar olib chiqilib, ular politsiya xodimlariga qarata otilgani xabar qilingan.
Tartibsizliklar Marsel, Lill va Nitssada ham kuzatilgan. Marselda Hermès do‘koni, zargarlik buyumlari, kiyim-kechak, kosmetika va maishiy texnika sotiladigan savdo nuqtalariga zarar yetkazilgan. Shuningdek, poyabzal do‘konida yong‘in chiqqan.
Lill shahri markazida ham savdo nuqtalariga zarar yetkazilgan. Shahar meri Arno Delandning ma’lum qilishicha, Apple Store do‘koniga ham bostirib kirilgan. Nitssada esa sport kiyimlari do‘konlari va mototsikl savdosi bilan shug‘ullanuvchi markaz talon-toroj qilingan.
Namoyishlar dastlab maktablardagi ta’lim sharoitlarini yaxshilash talablari bilan boshlangan. Keyinchalik ular hukumatga qarshi keng ko‘lamli norozilik namoyishlariga aylangan. Namoyishchilar, asosan, yashash xarajatlarining oshishi va aholiga tushayotgan iqtisodiy bosimdan norozi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Buxoro viloyatida 500 million dollarlik turizm klasteri barpo etiladi

Britaniyalik sayyöh 28 yillik piyoda sayohatdan söng uyiga qaytdi

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi
