Yangiliklar/Siyosat

Bokudagi sammitda Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning toʻrt tashabbusini taqdim etdi

Siyosat 16 oktyabr, 09:53
Bokudagi sammitda Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning toʻrt tashabbusini taqdim etdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Boku shahrida o‘tkazilgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammitida nutq so‘zladi.

U Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etdi. Hujjat Kengashning uzoq muddatli rivojlanish yo‘nalishlari va davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish choralarini belgilashi kerak.

Konsepsiyada quyidagi yo‘nalishlarga e’tibor qaratish taklif qilindi:

  • qo‘shma transport va energetika loyihalari;
  • savdo va raqamli aloqalarni rivojlantirish;
  • madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish;
  • siyosiy muloqot orqali nizolarning oldini olish.

Shavkat Mirziyoyev Osiyoning turli hududlaridagi qurolli mojarolar mintaqa xavfsizligi, jahon iqtisodiyoti va millionlab insonlar hayotiga ta’sir qilayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston barcha nizolarni xalqaro huquq va tomonlar manfaatlarini hisobga olgan holda siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini bildirdi. Prezident Yaqin Sharqdagi vaziyat va G‘azodagi gumanitar inqirozga ham to‘xtalib, mintaqada tinchlik va barqarorlikni tezroq tiklashga chaqirdi.

O‘zbekiston texnologik ishonch va sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish bo‘yicha Osiyo tashabbusini ilgari surdi. Uning doirasida mamlakatlar mutaxassislari uchun ekspertlar maydonini tashkil etish taklif qilindi.

Maydon ishtirokchilari sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha umumiy tavsiyalar ishlab chiqishi va amaliy choralarni kelishib olishi mumkin.

Prezident iqlim barqarorligi sohasidagi hamkorlikni ham kuchaytirishni taklif etdi. Tashabbus suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, «yashil» energetikani rivojlantirish va atrof-muhit holatini birgalikda kuzatishni qamrab oladi.

O‘zbekiston 2027-yilda Inson salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha forum o‘tkazishga tayyorligini bildirdi. Unda yoshlar va xotin-qizlar uchun imkoniyatlar, sifatli ta’limdan foydalanish hamda raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilinadi.

Kengash doirasidagi ishlarni muvofiqlashtirish uchun yaqin ikki yilga mo‘ljallangan harakatlar dasturini ishlab chiqish ham taklif etildi.

Shavkat Mirziyoyev 2027-yilda Toshkentda o‘tkaziladigan Qo‘shilmaslik harakatining yigirmanchi sammitiga davlatlar va delegatsiyalar rahbarlarini taklif qildi. O‘zbekiston ushbu tashkilotga 2030-yilgacha raislik qiladi.

9120

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→