UzPost davlat aksiyalari Wildberries tuzilmasi boshqaruviga berildi

UzPost milliy pochta operatorining 92,9 foiz davlat ulushi Wildberries’ning O‘zbekistondagi sho‘ba korxonasi «WB INT EXPORT» MChJga ishonchli boshqaruvga berildi.
2025-yil 30-dekabrda tuzilgan 01/3-94-sonli shartnoma bir yil amal qiladi. Bu haqda UzPost aksiyadorlarining 2026-yil 21-sentabrdagi navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bayonnomasida qayd etilgan.
Aksiyalar davlat mulkida qoladi. «WB INT EXPORT» esa shartnomada belgilangan vakolatlar doirasida aksiyador huquqlarini amalga oshiradi.
«WB INT EXPORT»ning yagona ta’sischisi Wildberries hisoblanadi. Korxonaga Wildberries Uzbekistan rahbari sifatida ham ko‘rsatilgan Akmal Primqulov boshchilik qiladi.
Davaktiv agentligi shartnoma mavjudligini rad etgandi
Korporativ hujjatdagi ma’lumotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbariyatining avvalgi bayonotiga zid.
Agentlik direktori Sohibjon Murodov 8-oktabrdagi matbuot anjumanida UzPost bo‘yicha ishonchli boshqaruv shartnomasi yo‘qligini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar faqat hamkorlik kelishuvini imzolagan.
Agentlik direktorining o‘rinbosari Alisher Miraliyev ham avvalroq UzPost xususiylashtirilgani haqidagi xabarlarni rad etgan. U kompaniyani sotish bo‘yicha muzokaralar olib borilmayotganini bildirgan.
Ishonchli boshqaruv xususiylashtirish hisoblanmaydi. Bunday bitimda aksiyalar egasi o‘zgarmaydi, ammo boshqaruvchi kompaniya shartnomaga muvofiq ayrim aksiyadorlik huquqlarini oladi.
Wildberries vakillari kuzatuv kengashidan ko‘pchilik o‘rin oldi
Sentabrda UzPostning to‘qqiz kishilik kuzatuv kengashiga Wildberries & Russ bilan bog‘liq tuzilmalarning besh nafar vakili saylandi:
- «WB INT EXPORT» bosh direktori Akmal Primqulov;
- «RVB» investitsiyalar va nazorat departamenti direktori Yevgeniy Mitin;
- «RVB» yuridik departamenti direktori o‘rinbosari Emil Xasyanov;
- «RVB» moliyaviy direktori Pavel Logunov;
- «VB Bank» vakili Aleksandra Xmeleva.
Qolgan to‘rtta o‘rinni davlat idoralari vakillari va mustaqil direktor egalladi.
Yig‘ilishda «WB INT EXPORT»dan Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi bo‘yicha 100 mlrd so‘m qarz olish masalasi ham ko‘rib chiqilgan. Aksiyadorlar ovoz berishda betaraf qolgan, shu sababli bitim tasdiqlanmagan.
UzPost 14 ta hududiy va 1,6 mingdan ortiq pochta bo‘limiga ega. Operator tizimida 7 mingdan ziyod xodim ishlaydi. Kompaniya 2024-yilda 603,5 mlrd so‘m tushum va 843,9 mln so‘m sof foyda olgan.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Kökça Darvoza köçasida «yaşil to‘lqin» ishga tushirildi

Buxoro viloyatida 500 million dollarlik turizm klasteri barpo etiladi

Britaniyalik sayyöh 28 yillik piyoda sayohatdan söng uyiga qaytdi

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi
